image0

Ko‘pincha atrofimizda bir nechta tillarda ravon so‘zlasha oladigan insonlarni ko‘rib havas qilamiz va hayratlanamiz. Ba’zilar til o‘rganishda yuqori qobiliyatga ega bo‘lishlari mumkin, ammo odatda biyron nutq ortida katta mashaqqat yotadi. Ba’zi tillarning murakkab grammatikasi, notanish yozuv shakli yoki murakkab ohang tizimlari o‘rganuvchiga qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Ushbu maqolada o‘rganish uchun eng qiyin deb topilgan tillarning  bir nechtasi haqida ma’lumot beramiz. Shuningdek, ularning tarixi, hududi, so‘zlashuvchilari soni va murakkabligiga qaramasdan ularni o‘zlashtira olgan taniqli shaxslarga to‘xtalamiz.

Mandarin tili (putonghua)

Mandarin Xitoydagi ko‘plab lahjalarning umumiy nomi hisoblanadi. Uning ildizlari ming yillar oldingi davrlarga borib taqaladi. Xitoy va Tayvanning rasmiy tili va Singapurning to‘rtta rasmiy tilidan biri bo‘lgan ushbu til Xitoy-Tibet tillari oilasiga mansub bo‘lib, uning bugungi ko‘rinishi qadimgi xitoy tilidan anchagina farq qiladi. Mandarin tilida asosan, Xitoy, Tayvan va Singapurda so‘zlashiladi, qolaversa, Malayziya, Indoneziyada ham shunday tilli jamoalar mavjud. Dunyo bo‘ylab 1,2 milliard odam mandarin tilida so‘zlashgani bois u eng ko‘p foydalaniladigan til hisoblanadi. Mandarinni qiyin tillar safiga kiritgan jihati uning tonal tabiati hisoblanadi, ya’ni ohangga qarab so‘zning ma’nosi keskin o‘zgarib ketishi mumkin. Bundan tashqari, yodlash va belgilari orasida nozik vizual farqlarga ega murakkab iyerogliflardan iborat yozuv shakli ko‘proq e’tibor talab qiladi. Facebook asoschisi Mark Sukerberg mazkur tilni a’lo darajada o‘rgana olgan, bunda unga kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan rafiqasi Prissilla Chan ko‘maklashgan. Mandarin tilini bilish Sukerbergga Xitoydagi biznesini rivojlantirishda juda asqotdi deyish mumkin.

Arab tili

Semit tillari guruhiga mansub bo‘lgan arab tili 1500 yildan ortiq tarixga ega. U Qur’on tili sifatida boshqa tillarga chuqur ta’sir o‘tkazgan va o‘rta asrlar allomalarining ilmiy ishlarida asosiy rol o‘ynagan. Saudiya Arabistoni, Misr, Iroq va Marokash kabi Yaqin Sharq mintaqasi mamlakatlarida, shuningdek, Shimoliy Afrikaning 22 davlatida arab tilida so‘zlashiladi. U global islom hamjamiyatida ham muhim o‘ringa ega. Asosiy til sifatida 310 millionga yaqin, ikkinchi til sifatida gaplashuvchilar bilan qo‘shib hisoblanganda esa dunyo bo‘ylab jami 420 milliondan ortiq odam arab tilida gaplashadi. Mazkur til murakkab grammatikasi va talaffuzi qolaversa, turli fe’l shakllari tufayli qiyin hisoblanadi. Bundan tashqari, o‘ngdan boshlanadigan yozuv shakli arab tilni o‘rganishni murakkablashtiradi.

Yapon tili

Yapon tilining asosiy xususiyati shundaki, yaponcha iyerogliflar yordamida so‘zlashuv va yozma nutq alohida-alohida o‘zlashtirilishi kerak. Yozuvni o‘rganish eng qiyin jihatidir, chunki u uchta tizimdan iborat bo‘lib, ikkitasi xiragana va katakana – bo‘g‘inli alifbolarga bo‘linadi. Katakana yordamida yapon tilidagi barcha o‘zlashtirma so‘zlar va xiragana bilan so‘zlar o‘rtasidagi grammatik aloqalar o‘rgatiladi. So‘zning asosi xitoyliklardan yapon tiliga o‘tgan iyerogliflardan iborat bo‘lgan kandzi tizimi orqali yetkaziladi. Agar to‘satdan so‘z yozayotganda, qaysi tizim sizga kerakligini unutgan bo‘lsangiz, shunchaki xiraganadan foydalanishingiz mumkin. Bu tildan deyarli faqat Yaponiyada foydalaniladi deyish mumkin. Shunday bo‘lsada, Braziliya, Qo‘shma Shtatlar va yapon diasporasi mavjud boshqa mamlakatlarda qisman yapon tilda so‘zlashiladi. Umumiy olganda, tahminan 128 million kishi yapon tilida so‘zlashadi va u dunyo miqyosida eng ko‘p gaplashiladigan to‘qqizinchi til hisoblanadi.

Koreys tili

Shimoliy va Janubiy Koreyaning rasmiy tili bo‘lgan koreys tilining yapon va oltoy tillari bilan tarixiy aloqalari bor. Koreys alifbosi XV asrda ixtiro qilingan va uning tuzilishi nisbatan ancha murakkabligicha qolmoqda. Bu tilda Janubiy Koreya ava Shimoliy Koreyadan tashqari, Xitoy, Yaponiya, AQSH va Rossiyadagi koreys diaspora jamoalari so‘zlashadi va bu tahminan 77 million kishini tashkil qiladi. So‘zlashuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarga asoslangan turli xil fe’l shakllarini anglatuvchi nutq darajalar tilni o‘rganishni qiyinlashtirishi mumkin.

Tay

Tailandning rasmiy tili hisoblangan tay tili o‘zining tonal tabiati, undosh va unlilarni o‘ziga xos tarzda birlashtirgan murakkab yozuvi bilan mashhur. Bu tilda asosan Tailand aholisi so‘zlashadi shuningdek, Laos, Kambodja va Malayziya kabi qo‘shni mamlakatlarda bu tilda gaplashadigan kichik jamoalar mavjud va bu umumiy hisobda tahminan 69 million kishini tashkil qiladi. Tay ham mandarin kabi murakkab tonal tabiatiga ega, ya’ni yuqorida ta’kidlaganimizdek, so‘zning ma’nosi uning talaffuz qilingan ohangiga qarab o‘zgaradi. Bundan tashqari, ketma-ket keladigan undosh yoki unlilar o‘qish va yozishni yetarli darajada qiyinlashtiradi. Biroq aktrisa Anjelina Joli mamlakatda insonparvarlik xayriya ishlarini olib borar ekan, bu tilni a’lo darajada o‘zlashtirgan. Shunday bo‘lsa-da, bu aktrisaga oson kechgan deb bo‘lmaydi.

Polyak

G‘arbiy slavyan tili hisoblangan polyak, chex va slovak tillari bilan chambarchas bog‘liq. Polsha davlati tili o‘zining murakkab grammatikasi va talaffuzi, ayniqsa undosh tovushlari bilan e’tibor tortadi. Polshadan tashqari AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Kanada davlatlarida ham polyak tilida so‘zlashuvchi jamoalar mavjud va bu umumiy hisobda tahminan 50 million kishini tashkil qiladi. Gollivud aktrisasi Natali Portman “Sovuq tog‘” filmidagi roli uchun polyak tilini o‘rgangan va tilning grammatika va talaffuzining ayniqsa qiyin ekanini ta’kidlagan.
Til o‘rganish qanchalik qiyin jarayon bo‘lib tuyulmasin, ko‘p tilli insonlarga ko‘proq imkoniyatlar eshigi ochiladi. Yangi tilni o‘rganish yangi do‘stlar, madaniyatlar va imkoniyatlar tomon sayohat demakdir.