image0

Amerikaning Colossal Biosciences startapi 2028 yilda mamont DNKsi va Osiyo fili hujayralaridan foydalangan holda junli mamontni jonlantirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, uni abadiy muzlik sharoitida saqlanib qolgan mamont bolasining DNKsi asosida surrogat ona fil tug‘ishi kerak bo‘ladi. Loyiha uchun hozirgacha 435 million dollar mablag‘ jalb qilingan. Shu bilan birga, loyiha qiymati 10,2 milliard dollarga baholanmoqda.

Shuningdek, biologlar junli mamontdan tashqari dodo qushi va Tasmaniya yo‘lbarsini ham qayta tiklashni maqsad qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, junli mamont taxminan 4 ming yil oldin yo‘q bo‘lib ketgan.

Arizona universiteti paleontologi Karl Flessaning fikriga ko‘ra, yo‘qolib ketgan hayvonlarni qayta tiklashdan ko‘ra, mavjud turlarni yo‘q bo‘lib ketishidan saqlab qolish ko‘proq ahamiyatga ega. U tajriba natijasida yaratiladigan mamont aslida mamont emas, balki Osiyo filining modifikatsiyalangan shakli bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sibirda tadqiqotchilar 50 ming yildan ortiq vaqt davomida muzlik qatlamida saqlanib qolgan yosh mamontning qoldiqlarini topgan edi. Jonzotning o‘limi 50 ming yil oldin sodir bo‘lgan. Yakutsk shahridagi Lazarev mamont muzeyi laboratoriyasining rahbari Maksim Cherpasovning so‘zlariga ko‘ra, tana og‘irligi 110 kilogramdan ortiq bo‘lgan mamont qoldiqlari maxsus tayyorlangan stretcherdan foydalanib yer yuzasiga olib chiqilgan. Cherpasov mamont o‘limidan oldin ehtimol bir yoshga to‘lgan bo‘lishi mumkinligini, ayniqsa uning bosh va dumining yaxshi saqlangani noodatiy holat ekanini aytgan.