image0

Yaqinda AQSHda 12 ming yil avval yo‘q bo‘lib ketgan dahshatli bo‘rilar “tiriltirildi”. Bu esa tabiiyki, mamont, dinozavr va shu kabi boshqa ko‘plab yo‘qolib ketgan turlarni ham jonlantirish va ochiq tabiatga qaytarish mumkinligi haqidagi savollarni paydo qildi. Yo‘q bo‘lib ketgan turlarni suyak qoldiqlari asosida qayta jonlantira oladigan biotexnolog olimlarning navbatdagi ambitsiyalari qanday?

Olimlar nimadan norozi: dahshatli bo‘rilar “tiriltirilishi”

Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?1

Hozirda olimlar dahshatli bo‘rilardan tortib junli mamontlargacha bo‘lgan yo‘qolib ketgan turlarni tiriltirish g‘oyasi ustida bosh qotirmoqda. Amerikaning Colossal Biosciences (biotexnologik) kompaniyasi yaqindagina “Taxtlar o‘yini” seriali orqali tanish bo‘lgan dahshatli bo‘rilar (dire wolves/Aenocyon dirus)ning 72 ming yillik bosh suyagi va 13 ming yillik tishidan olingan genlar yordamida turning nusxasini jonlantirdi. Olimlar mazkur genlarni zamonaviy kulrang bo‘rining tuxum hujayralari bilan aralashtirib, ularni yirik zotli itlar – surrogat onalarga joylashtirgan. Genom tahririda 20 ta o‘zgarish amalga oshirilgan, bunda “dahshatli bo‘ri”ga xos xususiyatlar – yirik tana, kuchli muskullar va oq jun asosiy e’tiborda bo‘lgan.

Ammo ilm-fan taraqqiy etar ekan, muhim savol ochiq qolmoqda: “tiriltirish” deb hisoblanishi uchun natija qanchalik bo‘lishi kerak? Agar yo‘q bo‘lib ketgan jonzot genomining ayrim qismlarigagina asoslanilib, qolgani esa o‘rin bosuvchilar yordamida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bu haqiqiy tiriltirishmi yoki shunchaki o‘xshash nusxa yaratishmi? Bu juda muhim nuqta.

“The conversation” nashrining yozishicha, hozirda Colossal kompaniyasi to‘liq bo‘lmagan genetik chizma, ya’ni qadimgi DNKga tayanadi, so‘ng esa Crispr nomli kuchli genomni tahrirlash vositasi yordamida tirik, yaqin qarindosh tur genomiga muayyan farqlarni kiritadi. Natijada dunyoga keladigan hayvonlar, agar ular tug‘ilsa, tashqi ko‘rinishi va ba’zi xatti-harakatlari jihatidan yo‘q bo‘lib ketgan turlarga o‘xshashi mumkin. Ammo ular genetik jihatdan ayni nusxasi bo‘lmaydi. Aslida, ular gibrid, mozaika yoki funksional o‘rinbosarlar bo‘ladi.

“Tiriltirish”mi yoki nusxalash?

Oddiy odamlar “qayta tiriltirish” (de-extinction) deyilganida, “Yura davri dunyosi” filmida tasvirlangan dinozavrlardek mukammallikni tasavvur qiladi. Ammo kinolardagidan farqli o‘laroq, tabiiy tizimlarni qayta loyihalovchi ilmiy soha – sun’iy biologiyada selektiv (tanlanadigan) naslchilik, klonlash va tobora ommalashib borayotgan genomni tahrirlash kabi usullar mavjud.

Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?2Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?3

Olimlar hozirgi qoramollarning ajdodi bo‘lgan vahshiy aurokslarga o‘xshash hayvonlarni yaratish uchun selektiv naslchilik usulidan foydalangan. 2003 yili ispaniyalik biotexnologlar klonlash usuli yordamida 2000 yilda yo‘q bo‘lib ketgan pireney echkisini “tiriltir”gan, ammo hayvon tug‘ilgach, atigi bir necha daqiqadan so‘ng nobud bo‘lgan.

Uslub jihatdan farq qiluvchi har uchala yondashuv tutashadigan umumiy maqsad bitta – yo‘qolgan turni tiklash. Ammo bioinformatika mutaxassisi Timoti Hernning ta’kidlashicha, hozirda yaratilayotganlari aynan o‘sha yo‘qolgan turning genetik asli emas, balki uning o‘rnini bosuvchi organizmdir. Ya’ni ular o‘z ajdodining funksiyasi yoki tashqi ko‘rinishiga o‘xshash qilib yaratilgan zamonaviy hayvonlardir.

“Tiriltirilgan” dahshatli bo‘rilar asliga o‘xshamaydimi?

Yangi Zelandiyaning Otago universiteti dotsenti Nik Rolensning aytishicha, “tiriltirgan”lar aslida dahshatli bo‘rilar emas va ular tiriltirilmagan, ular faqat ko‘rinish jihatidan o‘xshash.

“Colossal yaratgan narsa aslida dahshatli bo‘riga o‘xshash xususiyatlarga ega kulrang bo‘ri”, degan u.

Ushbu bo‘rilarni yaratish uchun olimlar ikki qadimgi dahshatli bo‘rining qoldiqlaridan DNK olgan: biri – AQSHning Ogayo shtatidagi chuqurlikdan topilgan 13 ming yillik tish, ikkinchisi esa Aydaho shtati hududidan topilgan 72 ming yillik quloq ichki suyagi. Olimlar ushbu topilmalardan olingan DNK asosida dahshatli bo‘rining qisman genomini tiklab, uni eng yaqin tirik qarindoshlari – bo‘ri, shoqol va tulki genomlari bilan taqqoslashdi.

AQSH Geologik xizmati katta tadqiqotchisi Devid Mechning aytishicha, yangi ma’lumotlar dahshatli bo‘rining o‘zi ham aslida bo‘ri bo‘lmaganini ko‘rsatmoqda.

Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?4

Evolyutsion nuqtai nazardan qaraganda, dahshatli bo‘rilar (dire wolves/Aenocyon dirus) taxminan 6 million yil avval bo‘rilardan ajralib chiqqan va ular hozirgi zamonaviy kulrang bo‘rilaridan butunlay boshqa guruhga mansub.

Otago universiteti zoologiya professori Filip Seddonga ko‘ra, dahshatli bo‘rilar o‘ziga xos bir jins (ilmiy biologik tasnif – genus)ga kiradi, shuning uchun ular mutlaqo boshqa tur hisoblanadi.

Shunday qilib, hayvonlar tashqi ko‘rinishda o‘xshashi mumkin, ammo yaratilgan bo‘rivoylar genetik jihatdan qadimgi dahshatli bo‘ridan ko‘ra hozirgi zamonaviy bo‘rilarga ancha yaqin.

Mamontlarni qaytarishga harakat

Colossal biotexnologik kompaniyasi 2028 yilda mamont DNKsi va Osiyo fili hujayralaridan foydalangan holda junli mamontni jonlantirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, uni abadiy muzlik sharoitida saqlanib qolgan mamont bolasining DNKsi asosida surrogat ona fil tug‘ishi aytildi. 10,2 milliard dollar qiymatdagi ushbu loyiha uchun hozirgacha 435 million dollar mablag‘ jalb qilingan.

Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?5Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?6

“The conversation” nashriga bergan intervyusida Hern mazkur loyihaga munosabat bildirar ekan, shunday deydi:

“Loyiha qadimiy mamontlarning ekologik rolini bajara oluvchi va sovuqqa moslashgan Osiyo filini yaratishni ko‘zlaydi. Biroq mamontlar va Osiyo fillari yuz minglab yillar oldin bir-biridan ajralib ketgan va ular orasida taxminan 1,5 million genetik farq mavjud. Ularning barchasini tahrirlash hozircha imkonsiz. Shuning uchun olimlar hozirda faqat sovuqqa chidamlilik, yog‘ saqlash va jun o‘sishi kabi muhim xususiyatlar bilan bog‘liq bir necha o‘nlab genlarga e’tibor qaratmoqda”.

Olimning izohlashicha, odam va shimpanzening genetik o‘xshashligi taxminan 98,8% bo‘lishiga qaramay, ular orasida jismoniy va xulq-atvor farqlari juda katta. Agar nisbatan kichik genetik farqlar bunchalik katta tafovutlar keltirib chiqarsa, ikki tur o‘rtasidagi farqlarning atigi oz qismini tahrirlash orqali qanday natijani kutish mumkin?

Biotexnik maqsadlar mamont va dahshatli bo‘ri bilan cheklanmaydi

Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?7Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?8

Shuningdek, Colossal biotexnologik kompaniyasi tilatsin (Tasmaniya yo‘lbarsi) nomi bilan tanilgan yirtqich xaltali hayvonni qayta tiriltirish ustida ishlamoqda. Bu hayvon bir vaqtlar Avstraliya materigi, Tasmaniya va Yangi Gvineyada yashagan, oxirgi namunasi esa 1936 yilda Hobart hayvonot bog‘ida vafot etgan. Olimlar bu loyiha uchun uning genetik qarindoshi hisoblangan juda kichik xaltali hayvon – oqoyoq sichqonni asos sifatida tanlagan. Maqsad – sichqon genomini tilatsinga xos xususiyatlarni ifoda etadigan tarzda qayta yaratish. Jamoa homilani ko‘tarish uchun sun’iy bachadon qurilmasini ishlab chiqayotganini aytmoqda.

Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?9Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?10

Biologlarning yana bir loyihasi XV asrgacha Mavrikiy orolida yashagan ucholmaydigan qush dodoni tiriltirishni maqsad qiladi. Bu loyiha uchun dodo qushining eng yaqin qarindoshlaridan biri hisoblangan Nikobar kaptari genetik asos sifatida tanlangan.

Dinozavrlar qaytariladimi?

Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?11

Aslini olganda, dinozavrlar har doim insoniyat uchun qiziqarli bo‘lgan va agar imkoni bo‘lsa, olimlar ularning nusxasini “jon deb” yasashgan bo‘lardi. Hattoki, buning uchun ilmiy izlanishlar ham olib borilgan. Ammo 66 million yil oldin Yer va asteroidlar to‘qnashuvi oqibatida yo‘qolib ketgan dinozavrlar DNKsi saqlanib qolmagan. Hozirgacha faqat to‘qima izlari va qon hujayralari shakllari topilgan, xolos.

Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?12Mamontdan tortib dinozavrgacha: dahshatli bo‘rilardan keyin navbat kimga?13

Shunday bo‘lsa-da, yaqinda topilgan 45 million yillik chivin qoldig‘ida qizil pigment topilgan, bu esa kelajakda dinozavrlar davriga oid hasharotlarda qon izlari topish mumkinligidan darak beradi. Biroq bu DNK topilishini kafolatlamaydi. 2015 yilda olimlar dinozavr suyagida qizil qon hujayralariga o‘xshash birikmalarni topishdi. Ammo ular DNK topa olishmadi, chunki DNK quyosh nuri, suv va vaqt ta’sirida tez buziladi.

Hozirda aniqlangan eng qadimgi DNK 1 million yillik bo‘lib, dinozavrlar davriga yetish uchun undan 65-66 barobarga qadimrog‘i kerak bo‘ladi. Agar shunday DNK topilsa, uni to‘liq jonzotga aylantirish uchun butun genom, ya’ni genetik axborot kerak bo‘ladi. Dinozavrlarni tiriltirishga urinish bo‘lsa, u holda qushlar yoki timsoh DNKsi ishlatilishi mumkin, chunki ular dinozavrlar bilan genetik jihatdan yaqin. Ammo hozircha bu faqat ilmiy orzuligicha qolmoqda.