image0

Ikki qo‘lidan ayrilgan falastinlik bolaning rasmi 2024 yilning eng yaxshi surati deb topildi. Bu haqda “World Press Photo” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu rasm falastinlik fotograf Samar Abu al-Uf tomonidan suratga olingan. Suratda 2024 yil mart oyida Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida qo‘lidan ayrilgan 9 yoshli Mahmud tasvirlangan. Keyinchalik uning oilasi Qatarga evakuatsiya qilingan, u yerda zarur davolanishni o‘tkazgan Muhammad hozirda telefondan foydalanishni, yozishni va eshikni oyog‘i bilan ochishni o‘rganmoqda. Uning orzusi protez qo‘llar bo‘lib, ular unga oddiy bola kabi yashash imkonini beradi. Fotograf Abu al-Ufning o‘zi ham G‘azodan Qatarga evakuatsiya qilingan.

“Ushbu loyiha ustida ishlash o‘ziga xos, ammo juda og‘ir tajriba bo‘ldi. Uning yordamida men falastinliklarning G‘azo tashqarisidagi qiyinchiliklarini ko‘rsatishga intildim. Ba’zi bolalar qo‘l-oyog‘idan ayrilgan, ba’zilari oilasidan ajralgan, ba’zilari yetim qolib, davolanmoqda”, degan fotografning o‘zi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, G‘azo haqida bunday hikoyalar juda ko‘p to‘plangan.

“Mening ishimning e’tirof etilishi bu hikoyalar butun dunyoga ma’lum bo‘lishiga, odamlar G‘azoda nima bo‘layotganini ko‘proq bilishiga umid beradi”, deydi Abu al-Uf.

Qolaversa, ushbu surat bilan parallel ravishda yana bir sovrinli suratlar ham e’lon qilingan. Ulardan birida Amerika-Meksika chegarasida sovuq yomg‘irda isinib o‘tirgan xitoylik muhojirlar tasvirlangan. Yana bir surat Braziliyada olingan bo‘lib, iqlim o‘zgarishi mavzusiga bag‘ishlangan. Suratda Amazonka yaqinidagi qishloqda yashovchi onasiga yegulik olib ketayotgan yigit tasvirlangan. Ilgari u yerga suv orqali borish mumkin edi, ammo qurg‘oqchilik tufayli mahalliy aholi endi qurigan daryo bo‘ylab ikki kilometr piyoda yurishga majbur bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, “World Press Photo” eng nufuzli xalqaro fotosuratchilar tanlovi bo‘lib, 1955 yildan beri davom etib kelmoqda. Uning maqsadi fotojurnalistika va fotohujjatchilikda yuqori standartlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishdan iborat. So‘nngi tanlovda hakamlar hay’ati a’zolari 141 mamlakatdan 3,8 ming nafar fotosuratchi tomonidan olingan qariyb 60 mingta suratni ko‘rib chiqqan.