image0

Joriy yilning 2 may kuni Maldiv Respublikasi Prezidenti Muhammad Muizzu dunyo tarixidagi eng uzoq davom etgan matbuot anjumanini o‘tkazib, bu boradagi avvalgi rekordlarni yangiladi. Bu haqda “The Daily Guardian” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, 46 yoshli davlat rahbari 2 may kuni soat 10:00 da boshlangan matbuot anjumanini deyarli yarim tunga qadar davom ettirib, jurnalistlarning savollariga 14 soat 54 daqiqa davomida javob bergan. Prezident ofisi ushbu tadbirni Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan tashkil etilganini va bu holat dunyo rekordi sifatida qayd etilganini bildirgan. Muizzu savollarga qisqa namoz tanaffuslari bilan javob bergan.

Ma’lumot uchun, 2019 yil oktyabr oyida Ukraina Milliy rekordlar agentligi Prezident Vladimir Zelenskiy 14 soatlik matbuot anjumani o‘tkazib, belaruslik Aleksandr Lukashenkoning taxminan 7 soatlik avvalgi rekordini ortda qoldirganini bildirgan.

Qiziqarli jihati shundaki, Muizzuning avvalgi o‘rinbosari, sobiq prezident Muhammad Nashid 2009 yilda dunyodagi ilk suvosti hukumat yig‘ilishini o‘tkazgan. U akvalang kiyimida o‘tkazilgan ushbu yig‘ilish orqali dengiz sathining ko‘tarilishi tufayli suv ostida qolish xavfi ostida bo‘lgan Maldiv orollariga e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan. Maldiv 1192 ta ekvator bo‘ylab tarqalgan mayda orollardan iborat mamlakat hisoblanadi.