LO’LILAR, jo’gilar — ko’chmanchi xalq. Jahondagi barcha mamlakatlarda tarqoq holda yashaydi. Lo’lilarning, asosan, 2 guruhi: Yevropa L. i va O’rta Osiyo L. i bor. O’zbekistonda Lo’lilar, Tojikistonda jo’gilar, Armanistonda bosha, Angliyada misrlik, Eronda qoracha, Fransiyada fir’avn kabilasi, Finlyandiyada qora, Rossiyada sigan va b. nomlar bilan atalgan. Lo’lilarning asl vatani, qachon va qanday qilib jahonga tarqalganligi fanda uzoq vaqt jumboq bo’lib keldi. 19-a. da nemis tilshunosi A. A. Pott, F. Mikloshich Lo’lilar tilining hind tili bilan qardosh til ekanligini aniqladi. Shuningdek, Eronda Lo’lilarning Karachi, O’zbekistonning ayrim r-nlarida mo’ltoni deb atalishi Pokistondagi Karochi va Mo’lton sh. lari nomi bilan bog’liq. O’rta Osiyo L. ining ayrim guruxlari jo’gi (hindcha kambag’al, qashshoq), hindistoniy, bo’lujiy deb atalishi ham Lo’lilarning asl vatani Xindiston bo’lganligini tasdiqlaydi. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Lo’lilarning dastlabki guruhlari mil. ning boshlarida, 5—7-a. lar va keyingi davrlarda Shim. Hindistondan tarqala boshlagan. Lo’lilarning ayrim guruhlari Hindistondan — Belujiston — Afg’oniston — Eron — Kavkaz — Turkiya — Yunoniston orqali, ikkinchi yo’l Hindiston — Eron — O’rta Osiyo orqali bo’lgan.
Evropa lo’lilari (o’zlarini roma deb ataydilar). Tili hind tillari bilan bogliq bo’lib, shim. va jan. shevalarga bo’linadi, shuningdek, o’zlari yashaydigan mamlakat xalqi tilida ham so’zlashadi. Dindorlari rasman pravoslav diniga e’tiqod qiladi (ularda hind mifologiyasi bilan bog’liq diniy tasavvurlar ham kuchli). Lo’lilarning Yevropaga kelgani haqidagi dastlabki ma’lumot 1100 y. ga oid. 1417 y. Vengriya, 1418 y. Germaniya, 1422 y. Ispaniya, Italiya, 1430 y. Angliya va Boltiq bo’ylari, 1500 y. Polsha va b. mamlakatlarga tarqaladi. Rossiyaga Ruminiya orqali kelishgan. Ular 15-a. da Bessarabiya, 16-a. da Belorussiya, 17-a. da Ukraina, Rossiyaning jan. r-nlariga tarqalgan (L. Angliyada gupies, Turkiyada chingine, Portugaliyada chidan, Italiyada zingali deb ataladi). Lo’lilar hayot kechirish tarziga ko’ra, o’troq va ko’chmanchilarga bo’lingan. O’troq Lo’lilar shahar chekkalarida yashab, hunarmandlik bilan mashg’ul bo’lgan. Ko’chmanchi Lo’lilar tilanchilik, folbinlik, ot savdosi va b. bilan tirikchilik o’tkazgan. Lo’lilar kabila va kabila (ayrim hollarda bir tuda qarindoshlar) ittifoqi — taborga uyushib, tabor tepasida saylab qo’yiladigan boshliq tur O’rta Osiyo lo’lilari (o’zlarini mugat, tub aholi ularni lo’li, jo’gi, mazang deb ataydi). Qadimdan Samarqand, Buxoro, Toshkent, Farg’ona, Qo’qon, Qarshi kabi shaharlar atrofi va ularga tutash qishloqlarda yashab keladi. Lo’lilar o’zbek va tojik tillarida so’zlashadi, ammo tojik tili ularning turmushida asosiy hisoblanadi. (O’rta Osiyo Lo’lilari lavzi mug’at yoki arabcha deb ataladigan o’zlarining maxsus so’zlashuv tiliga ham ega). Lo’lishunos X. Nazarov o’lkamizga Lo’lilarning kirib kelishini 3 guruhga bo’ladi. Birinchi guruhi — mahalliy Lo’lilar (mug’ati tubjoyi) — ancha oldin kelgan; ikkinchi guruh — afgon Lo’lilari (jo’gi, afgani); uchinchi guruh esa — hind Lo’lilari (mo’g’ati hindu) bo’lib, bular ancha keyin kelgan. Olim Lo’lilarni yana o’z navbatida 3 ta etn. guruhga bo’ladi: 1) asosan, ko’chmanchilik qilib xayrsadaqa yig’ib, kun ko’rishadigan, folbinlik, tabiblik, zargarlik qiluvchi L; 2) tovoqtarosh, ular yarim o’troqhayot kechirishadi, asosan, yog’ochga ishlov berish b-n shug’ullanishadi, xususan, yog’ochdan beshik, tovoq, qoshiq, cho’mich yasashadi. Qadimda ular yasagan yog’och tovoqlarga ehtiyoj katta bo’lgan, shu tufayli ularni tovoqtarosh deb atashgan;
3) mazang, o’trok Lo’lilar (jo’gilar), asosan, mayda savdogarlik b-n, shuningdek, dehqonchilik bilan shug’ullanishgan.
Lo’lilarning erkaklari ot urchitish, ovchilik, temirchilik, metall eritish, savat to’kish, g’alvir, elak kabi buyumlar yasash, hamda ayiq, maymun, ilon urchitish bilan shug’ullanishgan. Ayollari esa tilanchilik, folbinlik kilishgan. Lo’lilarning qon-qarindoshlik guruhi (to’p, to’por)ga oqsoqol rahbarlik qilgan. To’p, to’por shu oqsoqol nomi bilan ham atalgan. Katta patriarxal oilaga esa ota bosh bo’lgan. O’rta Osiyo lo’lilari dinga befarq qaraydilar va rasmangina islom diniga kirganlar. Ularda jin, pari, alvasti, ziyon-zahmat haqidagi tasavvurlar juda kuchli. O’troq hayot kechirayotgan Lo’lilar o’z atrofidagi mahalliy xalqlar ta’sirida ularning ayrim diniy odatlarini bajaradilar. Lo’lilarda qadimdan endogam (ichki) nikoh hukmron.
Lo’lilar kiyinishda, asosan, yerli aholidan farq qilmaslikka harakat qilishadi, erkaklari chopon (to’n), etik, telpak, ba’zan boshlariga durra o’rab yurishadi. Xotinlari yerli aholidek kiyinsada, lekin ro’mol o’rashlari faqat Lo’lilarga xos. Lo’lilarning erkaklari ham, ayollari ham, asosan, kora va ko’k ranglarni xush ko’rishadi. Uylari ilgari pasttakkina bo’lib, usti qamish bilan yopilgan. Keyingi yillarda Lo’lilar o’rtasida san’atga ishtiyok kuchaydi, «Jo’gi» qo’shiq dastalari xalq tantanalarida (to’y, bazmlarda) xizmat qilmoqda.
Lo’lilar asrlar davomida hamma yerda muttasil quvg’inda bo’lgan, och-yalang’och kun ko’rgan. 1920-y. lardan keyin Lo’lilarni o’troq madaniy hayotga ko’chirish, ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish ishiga alohida ahamiyat berildi. Lo’lilar hoz. davrda jamoa xo’jaliklari, shirkatlar, sanoat korxonalarida ham ishlamoqdalar. Lo’li bolalarining hammasi maktabga jalb qilingan. Lo’li yoshlari o’rta maxsus va oliy o’quv yurtlarida ta’lim olmoqdalar.
Manba: @etnosuz