Aslini olganda, Nemrut tog’i yer yuzining noyob madaniy merosi bo’lsa kerak. Turkiyada joylashgan Adiyaman viloyatining Kahta tumani hududida, quyosh chiqishi va botishiga qaragan hamda yerdan 10 metr balandlikda qad rostlagan ulkan haykallar Sharq va G’arb sivilizatsiyalarini birlashtirgan maftunkor muhitga ega.
1987 yilda YuNESKOning “Jahon merosi ro’yxati”ga kiritilgan va 1988 yilda milliy park deb e’lon qilingan Nemrut tog’i Adiyamanning Kahta tumanida, dengiz sathidan 2150 metr balandlikda joylashgan. Dunyoning eng baland ochiq osmon ostidagi muzeyi sifatida ham tanilgan Nemrut tog’ining tarixiy ahamiyati Kommageniya qirolligi davridan boshlangan.
Adiyaman shahridagi “Nemrut miiliy parki”da tashrif buyurishga arziydigan joylar:
1. Nemrut tog’i
Nemrut tog’ining qoq markaziga olib boradigan ushbu mintaqa atrofida Nemrut tog’i milliy bog’i joylashgan. Antik davrning eng ulug’vor ziyoratgohlaridan biri bo’lgan Nemrut tog’ida topilgan yozuvlarga ko’ra, Kommageniya qiroli Antiox I o’zi uchun muhtasham maqbara, dafn xonasi ustida maydalangan toshlardan iborat tumor va bu tumorni o’rab turgan tabarruk joylar atrofida maqbara qurdirgan. Ziyoratgohning sharqiy, g’arbiy va shimoliy ayvonlar deb ham ataladigan maydonlarida katta haykallar va o’yilgan yozuvlar mavjud. Tangrilar tasvirlangan 5 haykal orasida Antiox figurasi ham bor.
Antioxning vasiyatnomasi bo’lgan bu yozuvda ushbu ma’bad haqidagi ma’lumotlar va diniy marosimlarga oid qoidalar mavjud. Nemrut tog’i quyosh chiqishi va botishini ko’rish mumkin bo’lgan dunyoning eng ajib joyidir, shuningdek, bu yerda joylashgan ulkan haykallar va maqbara tashrif buyuruvchilarni o’ziga rom etib kelmoqda.
2. Arsameya xarobalari
Arsameya xarobalari Adiyamanning Kahta tumanidagi Ko’jahisar va Damlajik qishloqlari o’rtasida, Kahta oqimining sharqida joylashgan. U Kommageniya qirolligining yozgi qarorgohi sifatida ishlatilgan. Diniy va ijtimoiy yozuv topilgan ushbu xarobalarda qoyaga o’yilgan va 150 zinapoyadan pastga tushadigan yo’lak bor. Kichkina xonaga olib boradigan bu tosh yo’lak diniy marosimlar uchun mo’ljallangan va Kommageniya ruhoniylari ibodat qilgan joy sifatida bilinadi.
Arsemiya xarobalaridagi yozuvlarda “Mening bobom Arsames ko’rkam Arsemiyaga asos solgan, uning ichida Nif daryosi (Eski Kahta oqimi) bitmas-tuganmas buloqlar bilan oziqlanadigan qo’sh irmoq o’rtasida joylashgan” so’zlari joy olgan. Afsonalarga ko’ra bu shahar o’z-o’zidan ikki tepalikka bo’lingan va Arsames mahalliy tubsizlikka oqib kelayotgan shiddatli daryoning muqaddas suvlarini ko’rib, shaharning ikki cho’qqili tanasini ikki tomondan devor bilan o’rab oladi.
3. Yeni Kale
Adiyamandan 60 km uzoqlikda, Ko’jahisar qishlog’i yaqinida joylashgan Yeni Kale Kommagenlar tomonidan qurilgan va bu qal’aning qarshisida joylashgan Arsemeya bilan birga qarorgoh sifatida ishlatilgan. Dastlab Rimliklar, keyin esa Mamluklar tomonidan tiklangan qal’a 1970-yillarda Dorner tomonidan qisman ta’mirlangan.
Qal’a ichida bozorlar, masjidlar, zindonlar, suv yo’llari, kaptarxona xarobalari va yozuvlar mavjud bo’lsa, qal’adan Nimfoisga tushadigan, balandligi 80 metrga yetadigan suv yo’li tunnel orqali Arsameya bilan bog’langan.
4. Perre qadimiy shahri
Perre antik shahri Adiyaman viloyati markazidan 5 km uzoqlikda, Kuyujak qishlog’i yo’lidagi Pirin qishlog’ida joylashgan 200 ga yaqin qoyalik qabr va xarobalardan iborat. Bu qadimiy nekropol va uning atrofi Kommageniya davrida muhim aholi punkti edi. Rim Imperiyasi davrida eng yorqin davrini o’tkazgan Qadimgi Perre shahrida dafn xonalari mavjud bo’lib, ularning kirish joylari o’ziga xos yozuvlar bilan bezatilgan. Qoyalarga o’yilgan bu qabr xonalarida sarkofaglar ham bor.
Nemrut tog’iga qanday borish mumkin?
Nemrut tog’iga eng yaqin aeroport Adiyaman shahrida joylashgan. Adiyaman aeroporti Nemrut tog’idan 68 km uzoqlikda joylashgan. Istanbul va Anqaradan to’g’ridan-to’g’ri reyslar mavjud bo’lgan Adiyaman aeroporti orqali Nemrut tog’iga borishingiz mumkin. Adiyaman aeroportidan Nemrut tog’iga jamoat transporti yo’q. Nemrut tog’iga avtoulovni ijaraga olib, taksi tutib yoki transfer vositalari bilan borishingiz mumkin.