Kecha «Google»ning tug'ilgan kuni bo'ldi

27 sentyabr — «Google»ning tug’ilgan kuni. Qidiruv tizimiga asos solinganiga 23 yil bo’ldi.

Google’ning paydo bo’lishiga ikki nafar talabaning tasodifiy uchrashuvi sabab bo’lgan. 1997 yil Stendford universitetining aspiranti Sergey Brin Larri Peyjga kampusni ko’rsatishi kerak bo’lgan. Shu tariqa tanishgan yigitlar keyingi yil birgalikda qidiruv tizimini yaratishga muvaffaq bo’lgan.

Ilk prototip yotoqxonada, ularning xonasida ishlab chiqilgan. Shunday qilib 1998 yilda Google Inc rasman «dunyoga kelgan».

Birinchi dudl Peyj va Brin tomonidan ularning Burning Man festivaliga 1998 yilgi tashrifidan avval yaratilgan. Bu ularning server ishlamay qolsa, ish joyida emasliklarini anglatuvchi xabar edi.

Google nomi «gugol», ya’ni «yuzta noldan iborat raqam»ni bildiradi. Google kompaniyasida 72 mingdan ortiq odam faoliyat yuritadi. Google’ning dunyo qidiruv tizimi bozoridagi ulushi 90 foizni tashkil qiladi.

Kompaniya YouTube, Google Play, Google Maps, Gmail va Google Search singari mashhur mobil dasturlarga ham egalik qiladi. Google 23 yildan buyon har kuni milliardlab qidiruv so’rovlarini 150 dan ortiq tilda tekshiradi.

Avvalroq Google o’z xodimlarining majburiy ofisda ishlashi borasidagi talabini 2022 yil yanvarga qadar kechiktirgani haqida xabar berilgandi.