Muhammad Musholiy kambag’allar shifokoridir. 1967 yilda tibbiyot fakultetini tugatgan. 99,3% ball to’plab, bitiruvchilar orasida birinchi o’rinni olgan.
Muhammad Musholiy 50 yildan beri o’zining Tantodagi qabulxonasida bemorlarni qabul qiladi. Ularga hatto dori-darmon sotib olishlari uchun pul ham beradi. U faqir bemorlaridan 10 junayhdan ortiq pul olmaydi. 10 junayh 1 dollardan kamroq bo’ladi.
Uning kamtarona qabulida har kuni yuzlab bemorlar navbatda saf tortib turishadi. Doktor Muhammad har kuni 10 soat ishlaydi. Uning mashinasi yo’q. Yoshi 80 dan o’tganiga qaramasdan, uyidan qabulxonasigacha piyoda boradi. Ko’rfaz boylaridan biri u haqida eshitib 20 ming dollar va bitta yaxshi mashina sovg’a qilganida, u pullarni bemorlariga tarqatib, mashinani sotib, asbob-anjomlar, bemorlarini tekinga tahlil qilish uchun tahlil jihozlari sotib olgan.
Arab telekanallaridan birida «Qalbim xotirjam bo’ldi» deb nomlangan teleloyiha bor. Unda Amirliklardan bir yigit nomini yashirib, yuzini ko’rsatmasdan faqirlarga katta-katta ehson qilib yuradi. Kimgadir uy olib beradi. Kimningdir qarzini to’lab beradi. U o’zini G’ays deb tanishtiradi. Ana shu yigit doktor Muhammad haqida eshitib uni topib keladi. Unga 1000000 junayh beradi. Doktor Muhammad «men otamga ahd berganman», deb pullarni olmaydi. Ko’rsatuv ijodkorlarini va G’aysni yetimlar bor bo’lgan tomonga yo’naltirib yuboradi.
Doktorning muxlislari «unda sahobalar xislatini ko’ramiz» deyishadi.
Doktor Muhammad Musholiy aytadi:
«Tibbiyot fakultetini bitirganimdan so’ng ayon bo’ldiki, otam meni shifokor qilish uchun o’zlari davolanishlari lozim bo’lgan pullarni ishlatgan ekanlar. Shundan so’ng faqir va yo’qsillardan bir qurush ham olmayman deb ahd berganman».
© Abdulqodir Polvonov
loading…