Uni Zimilaun muz odami ham deyishadi. Lekin ko’proq Etsi nomi bilan mashhur. Shimoliy Italiyada Etsi uchun alohida muzey ham tashkil etilgan. Etsi taxminan 5, 5-6 ming yil oldin yashab o’tgan, mo’miyolangan tanasi muzliklar orasida shu kungacha yaxshi saqlangan yagona odam hisoblanadi.
1992 yil 19 sentyabrida germaniyalik ikki alpinist Ets vodiysiga sayohat uyushtirib, yo’l-yo’lakay ustini qor qoplagan inson jasadini topib olishdi. Uning bir qo’li yo shamol, yo bo’ron ta’sirida yuqoriga ko’tarilgan holda qolib ketgandi. Sayyohlar avvaliga bu jasad shu yerlarga kelib cho’qqidan pastga qulab tushgan biror alpinistga tegishli bo’lsa kerak deb o’ylashdi. Negaki, so’nggi ikki yil ichida alpinistlar muzliklarga tirmashishni deyarli urf qilib olganliklarini bilishardi. Buning oqibatida yuzlab alpinistlar halok bo’lganiga ham ko’p bor guvoh bo’lishgan. Afsuski, bunday bo’lib chiqmadi. Qor bosgan jasad egasi noyob tarixiy topilma ekani olimlar tomonidan isbotlandi.
«Men iqlimni ham o’zimga bo’ysundira olaman…»
G’arbiy Yevropa iqlimi suyak va toshdan bo’lak narsani uzoq vaqt saqlashga imkon bermaydi. Ammo Etsi bu sohada ham shaxsiy rekordini o’rnatdi. U uzoq yillar nafaqat yaxshi saqlanib qoldi, balki to’qimalari ham o’lib ketmabdi. Bu olimlarga jasadni to’liq o’rganish uchun juda qo’l keldi.
Tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, jasad avval maxsus qoidalar asosida mo’miyolangan. So’ngra muz ostiga berkitilgan. Xuddi shu narsa Etsi organizmidagi barcha to’qimalarning tirik qolishiga sabab bo’lgan. Yillar o’tishi bilan muzlik asta-sekin eriyvergan. Mana shuning natijasida jasad ochiq qolgan-u, uni birinchi bo’lib Germaniya-Italiya-Avstriya mutaxassislari topishgan. Keyin esa Germaniyadagi Romano-German muzeyiga tadqiqotlar o’tkazish uchun yetkazib berilgan.
Yangi ma’lumotlar
Laboratoriya sharoitida o’tkazilgan tadqiqotlar ko’p narsaga oydinlik kiritdi. Etsining bo’yi 158 sm, tashqi ko’rinishidagi ba’zi o’ziga xosliklarni hisobga olmasa, yevropaliklardan farq qilmasdi. Ko’zlari moviy, sochlari jingalak, ularning qisqaligi doimiy ravishda soch oldirib yurganini ko’rsatib turardi. Tanasiga tatuirovka chizilgan, bir qulog’iga toshdan yasalgan sirg’a taqilgan. Ko’ksida esa tumor taqib yurgan. Oyog’iga charmdan tikilgan botinka kiyib, sovqotmaslik uchun ichini maysa bilan to’ldirgan. Egnidagi qalin kurtka kiyik va yovvoyi echki terisidan tikilgan. Kurtkaning ust qismi yomg’irdan saqlanish uchun maysa bilan yopib chiqilgan. Xuddi shunday kurtkalarni yuz yil oldin Tirol cho’ponlari ham kiyib yurishgan.
Beliga charmdan tikilgan sumkacha osilgan bo’lib, ichida tig’li va tig’siz qurollar saqlangan. Shu jumladan, beliga kremniydan tayyorlanib, sopi daraxt tanasidan yasalgan xanjar ham osib olgan.
Sumka ichida yana bir sumkacha bo’lib, u dorilar uchun mo’ljallanganligi ma’lum bo’ldi. Sumkachada ikki dona qo’ziqorin, antibiotiklar va «S» vitaminiga ega mevalar bor edi.
Oldiniga olimlar Etsi charchoq yoki biror kasallik tufayli o’lgan deb o’ylashdi. Ammo jasad tomografiya qilinganda, qovurg’alar orasida kamon o’qi bo’lagi borligi aniqlandi. Shuning oqibatida bo’lsa kerak, bir nechta qovurg’a singan, umurtqa ziyon ko’rgan, burun qiyshaygandi. Mutaxassislar bu manzarani ko’rgach, shunday xulosaga kelishdiki, Etsi o’z ajali bilan o’lmagan. Uni bir necha dushman harbiylari o’rab olgan. Etsi ularning barchasini yaralagan. Ammo kimdir orqadan turib kamondan unga o’q uzgan. Qoya chetida turgan-u, o’q zarbiga dosh berolmay, pastga qulagan.
O’sha kuni Etsi nima iste’mol qilgan?
Tadqiqotchilar Etsi o’lishi muqarrar bo’lgan kuni nima iste’mol qilganini ham aniqlashdi. Demak, fojia yuz berganda, erta bahor bo’lgan. O’sha kuni u tog’ echkisi go’shtini ko’katlar bilan birga yegan. So’ngra olovda pishirilgan kiyik go’shtini iste’mol qilgan. Keyin esa cho’qqi tomon yo’l olgan. Ekspertiza shuni ko’rsatdiki, Etsi yegan go’sht juda qattiq bo’lgan. Buni tishlarning bilinar-bilinmas yemirilishidan bilib olish qiyin emasdi. Qolaversa, juda shoshilganidanmi, Etsi go’shtni qumga belanganiga-da qarab o’tirmay yeb bitirgan. Shunga qaramay, tishlarida karies belgisi uchramadi. Qonida xolesterin moddasi me’yordan birmuncha ortiqligi ham doimiy ravishda go’sht bilan oziqlanganini aytib turibdi.
46 yoshli o’smir
Bunday topilmalarning yoshi radiuglerod usuli yordamida aniqlanadi. Shu usul qo’llab ko’rilgach, Etsi kamida 5, 5-6 ming yil oldin yashagani ma’lum bo’ldi. Bundan tashqari, Etsining qurol-aslahasi o’rganilishi natijasida u tosh va o’rta asr oralig’ida yashab o’tgani aniqlandi.
Eng qiziqarlisi, Etsi 46 yoshdaligiga qaramay, bo’yi o’sishda davom etgan. Suyaklari qotib ulgurmagan. Bundan chiqdi, Etsi 46 yoshida o’smir hisoblangan va faktlar besh-olti ming yil oldin yashagan odamlar kamida 500 yil umr ko’rganini isbotlaydi.
Lekin izlanishlar hali to’xtamadi. Mana, qariyb 28 yildirki, Etsi dunyoning eng mashhur olimlari tomonidan chuqur o’rganilmoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, muzliklar asiriga aylangan bu yigit siz-u bizga hali ko’p ajobtovur yangiliklar, jumboqli faktlarni hadya etadi.
Olimjon HAYIT tayyorladi