XIX asr boshlaridanoq tarixchilar, arxeologlar va xazina qidiruvchilar afsonaviy, qadimiy Tartess shahri aslida qaerda joylashgani bilan qiziqa boshlashdi. Chunki ilgari antik yozuvchilar bu shaharni haqiqiy xazina ekani haqida ko’plab asarlar bitishgani, afsonalar to’qilgani ularga ma’lum edi…
Tartess shahri joylashgan manzil xususida uzoq vaqt bahslar ketdi. Ammo bu boyliklarga mo’l-ko’l shaharni topish hech kimga nasib etmadi. Kimdir Gibraltar bo’g’ozidagi orollarni ko’rsatsa, boshqalar Tartess Atlantik okean sohillarida joylashganini ta’kidladi. Hatto, ba’zilar Tartess Atlantidaning bir qismi, tabiiy ofat tufayli okean tubiga cho’kib ketgan, degan fikrlarni o’rtaga tashladi.
Gretsiyaliklar esa uni g’arbdagi ko’rinmas va afsonaviy maskanga mengzab, yengilmas Gerakl o’sha yoqqa oltin olmalar qidirish uchun borganligini e’tirof etishgan.
Tarixchi Gerodotning yozishicha, eramizdan avvalgi 660 yili savdogarlardan biri Koley Tartess shahriga borib qoldi. Shaharni shoh Argantion boshqarardi. Koley bu shahardan quruq qaytmadi. O’zi bilan vataniga 1, 5 tonna kumush olib ketishga erishdi. O’shanda biror yunon bu qadar ko’p daromad ololmasdi. Bu ham, shubhasiz, Tartess haqiqatan qimmatbaho toshlar xazinasi ekanidan dalolatdir.
Tartess xazinasidan xabar topgan yunonlar tez-tez ekspeditsiyaga mutaxassis yuboradigan bo’ldi. Buning natijasida ular o’zlari uchun alohida yarim orol ochishdi va hukmronlik o’rnatishdi. Lekin tartessliklarni doimiy ravishda boshqarish, u yerda savdo-sotiq ishlarini amalga oshirishning iloji yo’q edi. Yunonlarga finikiyliklar xalal berardi. Ular ham yarim orolda o’z monopoliyasiga ega bo’lishni xohlardi.
To’g’ri, aslida finikiyliklar O’rta yer dengizi bo’ylab kezib, Tartess shahrini yunonlardan oldinroq topishgan. Bu maskanga o’zlari nom berishgan. Uzoq vaqt ispanlar bilan o’zaro savdo-sotiq ishlarini olib borishgan. Portlar bunyod etishgan. Portlardan biri Gades deb nomlanib, Tartess bo’g’ozini tashqi hujumlardan himoya etish uchun mo’ljallangandi. Bora-bora bu port eng boy maskanlardan biriga aylandi. Hatto kemalar yelkanlari ham toza kumushdan tayyorlana boshlandi. Bir so’z bilan aytganda, Gades porti eng boy hudud sifatida dunyoga mashhur bo’ldi.
Finikiyaliklar Tartessga olib boradigan barcha yo’llarni yopib qo’yishdi. Ammo ularning hukmronligi Tartess aholisiga yoqmasdi. Mahalliy qabilalar mustaqil bo’lishni istardi. Shu sababli ko’p marotaba finikiyalik hamda tartessliklar o’rtasida qonli urushlar yuzaga keldi. Baxtga qarshi tish-tirnog’igacha qurollangan finikiyaliklar har safar ularning hujumlarini muvaffaqiyatli bartaraf eta bildi.
Tarixchilarning ta’kidlashicha, eramizdan oldingi 3000 yillarda tartessliklar Shimoliy Afrikadan Ispaniyaga Gibraltar bo’g’ozini kechgan holda kirib kelgan va sohilda umrguzaronlik qila boshlagan. Ular o’zlari yashab turgan hududni devorlar bilan o’rab olgan. So’ngra kumush, oltin qazish ishlari bilan faol shug’ullangan.
Geografiya mutaxassislaridan biri Stabonning aytishiga qaraganda, o’zlariga «iberlar» deb nom bergan bu tartess qabilalari asosan mehmondo’stligi, shu jumladan, dimog’dorligi, tashqi hujumlarga toqatsizligi bilan ajralib turadi. Qolaversa, ular allaqachon Tartess qabilalari sifatida shakllanib ulgurgan. Shu sababli ham tashqi bosqinchilarning tashrifini yoqlamagan. Aynan o’sha qabilalarning og’ir mehnati tufayli katta-katta kumush, oltin konlari ochilgan. Keyinchalik iberlar Shimoli-g’arbiy Yevropa, Shimoliy Afrika va Skandinaviya bilan savdo-sotiq qilgan.
XX asr boshlarida nemis arxeologi Adolf Shulten qadimiy Tartess shahrini chuqur o’rganishga kirishdi. Arxeolog bu ishni deyarli umrining oxiriga qadar davom ettirdi. U aniqladiki, Tartess yirik bir davlatning markaziy shahri hisoblanib, hozirgi Portugaliya hududlarigacha bo’lgan masofani o’zida mujassamlashtirgan. Bu hududlardan Shulten va uning yordamchilari qadimiy sivilizatsiya qoldiqlarini, ya’ni, gidrotexnika uskunalari, me’morlik san’ati asarlari, buloqlar, qimmatbaho toshlarni qayta ishlovchi ustaxonalarni topishga erishishdi.
1958 yili Sevilya yaqinidagi El-Karambolo degan joyda oltin va kumushdan yasalgan qimmatbaho taqinchoqlar topildi. Bu tartessliklarga tegishli ekaniga hech bir mutaxassisda shubha yo’q edi. Negaki, afsonalar bekorga to’qilmagan. Tartess shahri o’z davrida rostakamiga oltin, kumush, mis kabi qimmatli metallarga burkangan. Tartess mutaxassislarining san’ati butun O’rta yer dengizi atrofida yashovchi xalqlarni o’ziga rom etgan. Qolaversa, boylik Tartess madaniyati, odamlarning yashash sharoitiga ham ijobiy ta’sir etmay qolmagan. Yunon mutaxassislarining aytishiga ko’ra, Tartess shu qadar rivojlangan davlat, shahar bo’lganki, hatto qonunlari ham she’riy ko’rinishda bitilgan. Bunday yozuvlarni Shulten yetakchiligidagi arxeologlar topishga muvaffaq bo’lishgan. Ammo Shulten baribir shaharni butligicha topa olmadi. Shahar o’rniga Shulten o’z davrida baliqchilik bilan shug’ullangan aholi qoldiqlari, yunon tilida dastxat qo’yilgan oltin uzuk topdi, xolos. Shundan so’ng u Tartess qachonlardir okean ostida qolib ketgan bo’lsa kerak, degan xulosaga keldi. Bunga Shultenda asos ham bor edi. Tarixiy ma’lumotlarni o’rganarkan, u shunday yozuvlarga duch keldi. Yozilishicha, eramizdan avvalgi 520-509 yillar oralig’ida Atlantik okeanining ochiq bo’g’ozi Kariz — Pireney yarim oroliga yaqin hududda kuchli yer silkinishi sodir bo’ldi. Ayni zilzila markazida Tartess joylashgan edi. Oqibatda afsonaviy shahar vayronaga aylandi. Aniqrog’i, shahar o’z boyliklarini bag’riga olgan holda okean tubiga ravona bo’ldi. Afsuski, hamon Tartess shahri butun, hech bo’lmasa yarim saqlangan holatda mutaxassislar tarafidan topilmadi. Unga tegishli minglab xususiyatlar, Tartessni dunyoga mashhur qilgan, ko’z ko’rib quloq eshitmagan darajadagi ko’p boyliklar qaerda berkinib yotgani jumboqligicha qolmoqda.
Zamonaviy olimlar Tartess haqidagi aniq ma’lumotlar, shu jumladan, uning oltin-u kumushlari ming-ikki ming yillardan so’ng topilishi mumkinligiga umid bog’lashgan.
«100 velikix tayn mira» kitobidan olindi