image0

Kecha, 6 oktyabr kungi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 100 mln odam, jumladan 15 mln o‘smir sigaret chekishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xabar berdi.

JSST e’lon qilgan yangi hisobotda 13 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar orasida elektron sigaret va veyping iste’molchilari soni 15 mln atrofida ekani ma’lum qilindi.

Shuningdek, 15 va undan katta yoshdagilarning kamida 86 mln nafari elektron sigaret chekadi. Foizlarga qaralsa, bu ko‘rsatkich kattalarning 1,9 foizini (erkaklarning 2,3 foizini va ayollarning 1,5 foizini) tashkil qiladi.

JSSTning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda ko‘plab mamlakatlar bolalar o‘rtasida sigaretlar iste’moliga qarshi kurashni boshlagan, biroq 62 ta mamlakat hali hech qanday choralar ko‘rmagan va 74 mamlakatda ularni sotib olish huquqini beradigan minimal yosh mavjud emas.

“Elektron sigaretlar sayyorada nikotinga qaramlikning yangi to‘lqiniga olib kelishi mumkin. Ular chekishning zararini kamaytirish usuli sifatida sotilmoqda, biroq bu bolalarni erta yoshdan nikotinga jalb qilmoqda va yillar davomida olib borilgan islohotlarni bekor qilish bilan tahdid qilmoqda”, deydi JSSTning yuqumsiz kasalliklar, nogironlik, zo‘ravonlik va jarohatlarning oldini olish departamenti direktori Eten Krug.

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, global tamaki iste’molchilari 2000 yildagi 1,38 mlrd kishidan 2024 yilda 1,2 mlrdga kamaygan. 2010 yildan beri tamaki iste’mol qiladiganlar soni 120 mlnga (27 foiz) kamaygan. Ayollar orasida chekuvchilar ulushi 2010 yildagi 11 foizdan 2024 yilda 6,6 foizga kamaygan bo‘lsa, erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 2010 yildagi 41,4 foizdan 2024 yilda 32,5 foizga kamaygan.

Shunga qaramasdan, dunyodagi har beshinchi katta yoshli odam hali ham sigaret chekadi.

JSST hisobotida 2014 yildan 2024 yilgacha bo‘lgan davrda dunyo aholisining to‘rtdan uch qismini tashkil etuvchi 85 ta mamlakatdan to‘plangan ma’lumotlarga asoslangan. Dunyo aholisining chorak qismi ushbu tadqiqotga kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadqiqotlar inson chekadigan har bir sigareta o‘rtacha umr ko‘rish muddatini taxminan 20 daqiqaga qisqartirishi mumkinligini aniqlagan edi.

Bunyod Keldiboyev