To’g’risini aysam, anchadan buyon bu qadar mazza qilib kulmagandim! Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi telegram kanalida e’lon qilingan quyidagi xabar sizni ham ichagingizni uzishi shubhasiz.
— 8 sentyabr kuni Mirobod tumani Sodiq Azimov ko’chasidagi IIBB binosining yonidagi archada Toshkentda yashovchi mushuk qiyin holatga tushib qoldi: daraxtga chiqib, qaytib tusha olmagan momiqvoy va bu haqda shoshilinch havo aloqasi orqali, baland ovozda “Myau” deb xabar qildi.
Shu vaqtda Ichki ishlar bosh boshqarmasi binosida bo’lgan IIB xodimlari chora ko’rishdi. Maxsus texnika (zina)dan foydalanib, mardonalik bilan momiqli sportchini qutqarishdi.
Qutqarilgan mushuk archa ustidan arz qilmadi, kelishmovchilik tinch yo’l bilan bartaraf etilib, hamma o’z joylariga (ish va uylariga) qaytishdi.
Hurmatli, poytaxtda yashovchi momiqvoylar! Xavfsizlik texnikasiga rioya qiling va baland tikanli archalardan ehtiyot bo’ling!
Bilasizmi, har tong balkonimiz derazasi qarshisidagi daraxtga bir qitmir mushuk chiqib olib, olashaqshaqlarning chakagini ochgani-ochgan. «Pisht» degan bilan o’laqolsa ketmaydi. Shu bezori mushukka ham biror chora ko’rishning iloji yo’qmikan-a!