Hammasi suv haqida

— Inson tanasining taxminan 60 foizi, chaqaloq tanasining 75 foizi suvdan iborat, erkak vujudida 47, ayolnikida 30 litr atrofida suv bo’ladi. Bir inson oltmish yillik umri mobaynida taxminan 50 tonna suv iste’mol qiladi.

— Inson suvsizlikka eng uzog’i bilan 11 kungacha chidashi mumkin, shunda ham havo salqin bo’lsa. 36 darajali issiqda odam tashnalikka uch kungina bardosh bera oladi.

— Odam tanasidagi suv miqdori 5-8 foizga kamaysa, og’iz quruqshaydi, teri bujmayadi, ong o’tmaslashadi, ko’zga har xil narsalar ko’rina boshlaydi. Bu raqam 14-15 foizga yetsa, inson hayotdan ko’z yumishi mumkin.

— Katta yoshli kishi bir kecha-kunduzda 2-2,5 litr suv iste’mol qilishi kerak, taom va meva-sabzavotlar tarkibidagi suv ham shunga kiradi. Yozning issiq kunlarida sportchi, metallurg, dehqon, novvoy kabi kasb egalari uchun bu miqdor xiyla ko’proq bo’ladi.

— Inson tanasidagi eng sersuv a’zo — ko’z. Ko’zning o’ndan to’qqiz qismi suv, qolgani turli to’qima va hujayralardan iborat. Eng kam suvli a’zo tishlarimizdir, ularda atigi 0,05 foiz suv bor, xolos.

— Buyraklar bir yilda yetti yuz litr suvni tozalab o’tkazadi.

— Hozir dunyoda 1 milliarddan ortiq kishi yoki jami aholining oltidan bir qismi toza ichimlik suviga muhtoj.

— Dunyoda taxminan 500 million kishi suv taqchilligi keskinlashgan mintaqalarda yashaydi.

— Yana 20 yildan keyin suv yetishmaydigan o’lkalarda yashovchilar soni olti baravarga ko’payishi kutilmoqda.

— Hozir Yer yuzida sal kam ikki yarim milliard kishi suv tozalash qurilmalari va drenaj tizimi orzuligicha qolayotgan o’lkalarda yashayapti.

— Sifatli ichimlik suvi yetishmasligidan jahonda yiliga 10 million kishi nobud bo’layotir.

— 1952 yili ilk marta sotuvda Toshkent ma’danli suvi paydo bo’lgan.

— Quduq suvi dunyoda eng ko’p foydali moddalarni o’zida jamlagan suv hisoblanadi. Inson bunday aralashmani o’zi tayyorlay olmaydi.

— Dunyodagi eng qimmat suv Los-Anjelesda sotiladi. Bu suvning bir litri 90 dollar turadi. Suvni kristallar bilan bezatilgan maxsus idishlarda sotishadi. Yoshlar bu suvni asosan idishiga qiziqib sotib oladi.

— Odam hayoti davomida taxminan 35 tonna suv ichadi.

— Yugoslaviyada Sirkniskoe degan ko’l bor. Yozdan to qishgacha ko’lda suv bo’lmaydi. Bahorda esa ichida balig’i bilan yana paydo bo’laveradi.

— Suv tabiatda uch xil ko’rinishga ega. Ya’ni qattiq (muz), suyuq va gaz holatida. Yer yuzida ekologik toza suv atigi uch foizni tashkil etadi. U ham ulkan muzliklar tarkibida bo’ladi.

— Eng sersuv mahsulot bu tarvuzdir. Uning 93 foiz qismi suvdan iborat.

— Yer yuzining taxminan 70 foiz qismi suv bilan qoplangan. Ammo bu suvning 1 foizigina ichish uchun yaroqli.

— Jazoirda bir ko’l bor. Shu ko’lning suviga ruchka yoki qalamni botirib bemalol qog’ozga yozsa bo’ladi. Bu yozuvni esa keyin umuman o’chirib bo’lmaydi.

— Antarktidadagi bir ko’lning suvi dengiz suviga nisbatan 11 marotaba sho’rroq. Bu suv 50 daraja sovuqdagina muzlashi mumkin.

— Tanamizdagi suv miqdori atigi 2 foizga qisqarsa, aqliy imkoniyatlarimiz 20 foizga qisqarib ketarkan.

— Tibbiyotchilarning aytishicha, suv qon bosimini tushirishda yordam beradi. Agar oyoq, qo’l shishsa, ularni yo’q qilish uchun iloji boricha ko’proq suv ichish kerak ekan.

— Mutaxassislarning ta’kidlashicha, depressiyadan xalos bo’lish, asabni tinchlantirish uchun bir stakan suv ichish kifoya qilarkan.

— Dunyodagi hayot uchun eng xavfli suv Sitsiliyada mavjud. Bu suv organizmni zaharlab, o’limga olib boruvchi kislotaga ega.

— Bir kub santimetr dengiz suvi tarkibida 1,5 gramm oqsil va yana ko’plab vitaminlar bor.

«Zukkolar» kitobidan

«Hilol» jurnalining 6 (15) sonidan

«Islom. uz» saytidan olindi.

 

loading…