Artyom Milevskiy
Mazkur reytingni Ruminiyaning «Konkordiya» klubi a’zosi Artyom Milevskiysiz tasavvur qilish qiyin, chunki sportchi tez-tez YTHga uchrab turadi. Masalan, Artyom Turkiyada alkogolli ichimliklar ta’siri ostida mashina boshqarib, katta tezlikda to’siqqa borib urilgan. Natijada qimmat «Ferrari»ni qayta tiklashning iloji bo’lmagan. «O’zim aybdorman, hammasini tushunaman… Ammo menga rahmlaring kelmasin. Runi ham «Ferrari»sini pachoqlagan yoki Krishtianu», degan YTHdan so’ng hujumchi. Qiziq jihati shundaki, ushbu ko’ngilsiz voqeadan bir yil avval Artyomning hashamatli «Mazerati» avtomobili o’z uyida yonib ketgan edi.
Krishtianu Ronaldu
Milevskiy ta’kidlaganidek, futbol bo’yicha Portugaliya terma jamoasi sardori Ronaldu ham yo’l-transport hodisasiga uchragan, faqat bir marta emas, bir necha bor. Krish mashinani tez haydashni va qimmatbaho avtoulovlarni yaxshi ko’radi. Ronaldu Angliyada narxi 200 ming funt sterling turadigan «Ferrari»ning dabdalasini chiqargan. Futbolchining so’zlariga ko’ra, u mashg’ulotlarga kechikayotgani bois avtomobilni tez haydagan va boshqaruvni yo’qotib qo’ygan.
Rayan Tannikliff
2012 yili «qizil iblislar» safida o’ynaydigan yana bir futbolchi o’z transport vositasini boshqara olmay qolgan. Albatta, 19 yoshida bahosi 60 ming funt bo’lgan «Range Rover» xarid qilish hammaga ham nasib etavermaydi. Balki, shu sababdan quvonganidanmi, ishqilib, Tannikliff avtomobil xarid qilganidan so’ng oradan bir soat o’tmasdan furgonga borib urildi va ulovni bir necha metrga sudrab ketdi. Hozir Rayan ancha ehtiyot bo’lib mashina haydaydigan bo’lib qolgan.
Maks Mayer
«Shalke-04» yarim himoyachisi ta’tilni Mayamida o’tkazishga ahd qildi. Shahar bo’ylab sayrga chiqish maqsadida esa Mayer narxi 600 ming yevro bo’lgan «Lamborgini»ni tanladi. Ammo kuchli yomg’ir ostida harakatlanib ketayotgan futbolchi avvaliga to’siqqa, keyin esa boshqa bir avtomobilga borib urildi. Garchi xarajatlarning asosiy qismini sug’urta kompaniyasi qoplagan bo’lsa-da, mashinani ta’mirlash Maksga qanchaga tushganini aytmay qo’ya qolaylik.
Niklas Bendtner
2009 yili daniyalik futbolchi «Arsenal» sharafini himoya qilar edi. Navbatdagi mashg’ulotga ketayotgan Bendtner londonliklar klubi bazasiga yetay deb qolganda yo’l chetidagi daraxtga borib urildi. Hujumchining «Aston Martin»i esa bir uyum temirga aylanib qoldi.
Karim Benzema
Fransiya terma jamoasi a’zosi ham YTHga uchrash qanday bo’lishini yaxshi biladi. Karim avval Madridda avtofalokatga uchragan edi, ammo bundan tegishlicha xulosa chiqarmagan futbolchi bir oy o’tib o’z tug’ilgan kunida ko’cha poygasi uyushtirishni xohlab qoldi. Shu tariqa Benzema ikkinchi marta, bu safar «Lamborgini»ning majaqlanib ketishiga sababsi bo’ldi. Qimmat ko’ngilxushlik, shunday emasmi?
Arturo Vidal
Rafiqasi bilan birga hashamatli «Ferrari»da ketayotgan Vidal YTHga uchradi. Futbolchining qizil rangli avtomobili ikkita transport vositasiga borib urilib, yo’l chetiga chiqib ketdi. Ma’lum bo’lishicha, Arturo o’sha kuni alkogol iste’mol qilgan ekan. Bu qilmishi evaziga sportchi bir muddat qamoqda ham o’tirgan.
Diafra Sako
Yana bir «Lamborgini»ni yaxshi ko’ruvchi futbolchi. «Vest Xem» o’yinchisi avval boshqa avtomobil bilan to’qnashib, keyin borib xususiy uyning tosh to’sig’iga urilgan. Qizig’i shundaki, uyning egasi «Vest Xem»ga ishqibozlik qilar ekan. Ammo bu uyga yetkazilgan zararni qoplab bermasa ham bo’ladi, degani emas-da. YTH chog’ida Sakoning o’ziga ziyon yetmagan, biroq «Lamborgini» haqida bunday deb bo’lmaydi.
Mario Balotelli
2010 yili Marioning yulduzlik onlari endi boshlanayotgan edi. Manchesterga ko’chib o’tgan Balotelli narxi 120 ming funt sterling bo’lmish «Audi»da avtofalokatga uchradi. Aytishlaricha, bunga noqulay chap tomon harakati sabab emish. Afsuski, hujumchi nafaqat inglizlarning avtomobil boshqarish qoidalariga o’rganib ketdi, balki yuqori sport talablariga ham javob bermadi.
loading…