Hozirgi yashab turgan uyimizning 4-qavatida yoshi qirqlardan oshgan bir alkash erkak yashaydi. Shuncha yildan beri kimdir u haqida yaxshi gap aytganini eshitmaganman, hamma so’kkan, hamma uni domdagi har bir o’g’rilikda ayblaydi.
Kecha, plastik kartam bilan taxminan 80 000 lar atrofidagi (hammasi 10 000 so’mlik) pulni cho’ntagimdan tushirib qoldiribman. Tushib qolgan puldan ham ko’ra kartaga ichim achidi, o’zi bir hafta oldin yangilagandim.
Bankdagi akalardan yana iltimos qilish juda noqulay. Qidirib ko’chaning boshigacha, taksidan tushgan joyimgacha borib keldim, lekin topolmadim. Umidimni uzgandim. Bugun ishdan qaytib kelib, ovqatlanib tursam, eshik taqilladi, chiqib ochsam, qo’shni turibdi. Miyada shamol tezligida hozir aroqqa pul so’raydi degan fikr o’tdi. U bo’lsa, menga tushirib qoldirgan pulim bilan plastik kartamni berdi. “Puling bilan plastigingni topib oldim”, dedi. Qo’liga qancha pul tutqazsam ham, olmadi, rahmat aytsam, “ne za chto” deb tushib ketdi…
Feruz Allayev