Gretsiyada 80 yoshli Vasillis Panayotaropulos chala qolgan tahsilni yakuniga yetkazish uchun maktabga qatnashni boshladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vasillis 12 yoshida otasiga dalada qarashish uchun maktabni tashlab ketgan. Keyinchalik Afinaga ketib, oshpazlik qilgan.
“Lekin yuragimda va aqlimda doimo qaytish istagi bo‘lgan. Bu istak hech qachon yo‘qolmagan”, deydi u.
Erkakning aytishicha, maktabni doim sog‘inib yashagan. U oxiri bir qarorga kelib, shahodatnoma olish uchun o‘qishini yakunlashga qaror qilgan va maktabning kechki darslariga qatnashni boshlagan.
Hozirda erkak 15 yoshli bolalar bilan bir sinfda o‘qiydi. O‘qituvchilarining aytishicha, u sinfdoshlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, o‘zi ham juda tirishqoq o‘quvchi. Uning sevimli fanlari — qadimgi yunon tili va matematika. Vasillis iyun oyida maktabni bitiradi.
Voqeadan ruhlangan Gretsiya hukumati kechki maktablarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirmoqchi.
“Chunki Yevropaning boshqa joylarida kechki maktablar deyarli yo‘qolgan. Biz maktab bitiruvchilarining ehtiyojlarini qondirishga harakat qilyapmiz, shuningdek, o‘qituvchilarning ham. Haqiqatan ham, har qanday inson har qanday yoshda maktabda tahsil olish huquqiga ega. Har bir insonning orzulari ushalishi kerak, ular e’tibor va mehrga loyiqdir”, deydi mamlakat Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis.