Avstraliyadagi Lloyds auksionida 1970 yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Chevelle SS modeli 45 ming dollar evaziga sotuvga qo’yildi. Kupe «Forsaj» filmida suratga tushgani bilan mashhur. Filmda avtomobilni bosh qahramon Dominik Toretto boshqargan, deb yozadi Motor.
50 yoshli Chevrolet Chevelle SS ilk bor ekranlarda franshizaning birinchi qismi titrlaridan so’ng paydo bo’lgan. O’shanda ikki eshikli kupe qora chiziqqa ega qizil rangda bo’lgan. «Forsaj»ning navbatdagi qismlarini suratga olish uchun esa avtomobil to’q kul rangga bo’yalgan.
Franshizaning to’rtinchi qismida avtomobil to’laqonli rolga ega bo’lgan. Syujet bo’yicha avtomobil yo’q qilinishi lozim bo’lgan, suratga olishda oltita bir xil Chevrolet Chevelle ishtirok etgan. Ta’kidlanishicha, aynan ushbu modelda Vin Dizel qahramoni — Dominik Toretto harakatlangan. Mazkur nusxaning kino olamiga tegishli ekanligini Universal studiyasining hujjatlari ham tasdiqlaydi.
Kupega 350 ot kuchiga ega 5,7 litrli V8 dvigateli o’rnatilgan. Agregat mexanik uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi. Bundan tashqari, avtomobil qo’shimcha xavfsizlik karkasi bilan jihozlangan. Ushbu Chevrolet’ning yana bir jihati kapotida «Ride of Die» yozuvi bor. Sotuvchining so’zlariga ko’ra, uni 2015 yilda marhum aktyor Pol Uokerning akasi Kodi Uoker yozib qoldirgan.
Avvalroq «Forsaj»ning hali ekran yuzini ko’rmagan qismida suratga tushgan Ford Mustang Mach 1 sotuvga qo’yilgani to’g’risida xabar berilgandi.
daryo.uz