Forbes talqini bo’yicha eng yuqori daromadli erkak sportchilar reytingi e’lon qilindi. Unga ko’ra, dunyodagi eng ko’p maosh oladigan sportchilar uchligiga faqat futbolchilar kirgan.
Xususan, portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu Amerikaning Forbes jurnali tomonidan tuzilgan eng yuqori daromadli sportchilar ro’yxatida birinchi o’rinni egalladi. Uning so’nggi 12 oydagi umumiy daromadi 136 mln dollarga baholangan.
Ronaldu bu mablag’ning atigi uchdan bir qismini – 46 million dollarni futbol maydonida ishlab topgan. Portugaliyalik futbolchi 2022 yil noyabr oyida “Manchester Yunayted”ni tark etib, 2023 yilning yanvarida Saudiya Arabistonining “Al-Nassr” klubiga o’tgan edi.
Yana 90 million dollar – Ronalduning stadiondan tashqaridagi, shu jumladan reklamadan tushgan daromadi.
Reytingning ikkinchi pog’onasidan o’tgan yilgi yetakchi, 35 yoshli argentinalik futbolchi Lionel Messi joy olgan. Uning yillik daromadi o’zgarmagan holda 130 million dollarni tashkil etgan.
Bu qiymatning yarmini Adidas, Budweiser, PepsiCo va boshqa brendlar bilan tuzilgan reklama shartnomalaridan olgan.
Yana bir futbolchi, 24 yoshli fransiyalik Kilian Mbappe dunyoning eng ko’p maosh oluvchi sportchilari uchligiga kirgan. U o’tgan yili 120 million dollar ishlab topgan bo’lsa, shundan 100 million dollari futbol maydonidan kelgan.
Forbes talqiniga ko’ra, dunyoning eng ko’p maosh oluvchi TOP-10 sportchisi:
1. Krishtianu Ronaldu (futbolchi) – 136 mln dollar
2. Lionel Messi (futbolchi) – 130 mln dollar
3. Kilian Mbappe (futbolchi) – 120 mln dollar
4. Lebron Jeyms (basketbolchi) – 119,5 mln dollar
5. Kanelo Alvarez (bokschi) – 110 mln dollar
6. Dastin Jonson (golfchi) – 107 mln dollar
7. Fil Mikelson (golfchi) – 106 mln dollar
8. Stefan Karri (basketbolchi) 100,4 mln dollar
9. Rojer Federrer (tennischi) 95,1 mln dollar
10. Kevin Durant (basketbolchi) 89,1 mln dollar
Qayd etish mumkin, reytingni tuzishda Forbes 2022 yilning 1 mayidan 2023 yilning 1 mayigacha sportchilarning ish haqi va boshqa barcha daromadlarini hisobga olgan.
Shu tariqa, dunyoning eng ko’p maosh oluvchi o’n nafar sportchining yillik umumiy daromadi 1 milliard dollardan oshgan.