Nega bilimi va salohiyati bir xil insonda ikki xil taqdir yo’lini ko’rish mumkin? Biri taniqli siyosatchi yoki yirik biznesmen, boshqasi esa oddiy, o’zining kundalik yumushlari bilan band inson. Ularni taqdir yo’llari ba’zida ularning qarorlari bilan bog’liq bo’lsa, shu bilan birga bunda fe’l-atvorlaridagi xislatlar, xususan odamlarning diqqatini jalb qila olish qobiliyatlari muhim o’rin egallaydi.
Biz o’zbeklarda «farishtali inson» degan tushuncha bor. Bu kabi insonlar odamlarning ko’ngliga yo’l topib, jozibasi bilan maftun qiladi. Biz shunday insonlarga talpinamiz. ulardan ijobiy quvvat tarqayotganini his qilamiz va bunday kayfiyat ulardan bizgayam yuqadi. G’arbda esa bunday insonlarni «xarizmali inson» deyishadi. Odatda bunday xususiyatli insonlardan buyuk yo’lboshchilar, jamoat va davlat arboblari, biznesmenlar va yaxshi do’stlar yetishib chiqadi. Sababi, ular vaziyatga to’g’ri baho beradilar va o’z yon-atrofidagilarning e’tiborini qozonib, ularga ta’sir o’tkaza oladilar.
Diniy manbaalarda yozilishicha, insonga bu xususiyat Yaratgan tomonidan in’om qilinar ekan. Aslida bunday qobiliyat hammada bor, ammo ko’pchilik uni qo’ldan boy berib qo’yadi.
Ba’zida insonlarni xatti-harakatimizga ishontirish, ularni o’zimizga ergashtirish uchun bilim yoki tajribaning o’zi kamlik qiladi.
Buning uchun insondagi shaxsiy xarizma, ya’ni fe’li va o’zini tutishdagi jozibadorlik, boshqalarni u tomonga tortadigan kuchning o’rni yuqori.
Xarizma insonning nutqida, mimikasi, oddiy harakatlari va odobining natijasi. Uning yordamida muhokamalarda ikki guruhning boshini bir maqsad atrofida birlashtirish, noqulay vaziyatning oldini olish va yopiq eshiklarni ham ochish mumkin.
Olivia Foksning «Xarizma afsonasi» kitobida yozilishicha, bu kabi insonlarda 3 xislatning o’rni yuqori bo’ladi. Bular – insonlarga hurmat, salohiyat va iliqlik.
Insonlarga hurmat
E’tiborli bo’lish. Bugun inson hayoti elektron qurilmalarga to’la vaqtda suhbatlashayotganlarga ko’zingiz tushsa, aksariyat holda ularning har ikkalasi ham suhbat chog’ida dam-badam qo’l telefoniga tikilishi, xayoli parishonligi, aslida suhbatdoshiga tikilgan nigohi, e’tibori soxta ekanligiga amin bo’lasiz. Agar kimdir siz bilan ham shu tarzda suhbatlashsa, qattiq ranjiysiz.
Ortiqcha harakatlar qilmang. Bir kishi yoki guruh bilan suhbatlashayotgan vaqtda imkon qadar o’zingizni ularga yaqin oling. Suhbatni bo’ladigan harakatlar qilmang. Hayotingizning o’sha damlarini shu odamlarga bag’ishlang. Axborot texnologiyalari asri odamlarining eng katta kamchiligi aslida suhbatdoshining qarshisida jismonan hozir bo’lsa ham, aslida uning fikri-zikri onlayn olamda bo’lmoqda.
Bo’lar-bo’lmas xatti-harakatlar qilib, qo’lingiz yoki gavdangizni hadeb harakatlantirmang, smartfonni barmog’laringiz orasida aylantirmang, atrofga alanglamang. Bu suhbatdoshni noqulay ahvolga soladi va sizni asabiy kishi deb o’ylashi mumkin.
Suhbatdoshni tinglash. Xarizmali inson boshqalarni o’zi tomonga qaysidir fikrni singdirib, majburlab og’dirib olmaydi. Aksincha, inson jozibali xulqi bilan boshqalarni uning yonida o’zlarini xotirjam his qilishlariga yordam beradi, uni tinglab, suhbatdoshining e’tiborini jalb qiladi.
Ruhiy va hissiy quvvatning kimgadir yo’naltirilishi odamlarga e’tiborli bo’lishni, o’z navbatida, ularning e’tiborigi tushishni kafolatlaydi.
Me’yorni unutmang. Xarizma insondagi ochiq yoki yopiq fe’l bilan hisoblashmaydi. «Xarizma afsonasi» kitobida misol sifatida amerikalik taniqli tadbirkor Elon Mask keltirilgan. U tabiatan kamgap va o’ta aqlli inson. U odamlarning diqqatini tortadigan, begona insonni ham uni tinglashga majbur qiladigan xarizmaga boy xulq-atvorning egasi. Garchi, Elon Mask yopiq fe’lli bo’lsa ham, kezi kelganda diqqat va e’tibori yordamida tashqi olam bilan muvozanatini me’yorida yoshlab turadi. U har kimning yoniga borib gap sotishni emas, kamchilik bo’lsa ham, unga yaqin insonlarning diqqatini qozonishni istaydi. Xarizmada son emas, sifat muhim.
Soxtalikdan qoching. Nimadandir umid qilib, kimningdir ishonchiga kirish, unga go’yoki soxta jozibador xulq-atvor bilan muomala qilishning iloji yo’q. Insoniylikni soxatalashtirib bo’lmaydi. Bu aksincha suhbatdoshning nafratiga sabab bo’ladi.
Diqqatingizni jamlang va jismingiz qaerda bo’lsa, ong va shuuringizni ham shu yerga keltiring. Elektron vositalarn%0 ՞%7i!D1ib qo’ying. Buni suhbatdoshga sezdirsangiz ham bo’ladi. Shunda uning o’zingizga nisbatan yaxshi taassurotiga erishasiz.
Ko’z yordamida aloqa qilish. Ruhiy tadqiqotlar ko’zi yordamida ham aloqaga kirishuvchi insonlarda samimiylik, rostgo’ylik, halollik, chuqur bilim va mulohaza, o’ziga ishonch, hissiy barqarorlik yuqori bo’lishini ko’rsatmoqda. Ko’z yordamida ham suhbatdoshda ijobiy taassurot uyg’otish mumkin. Suhbat chog’ida atrofdagi odamlarning nigohiga qarang, ammo juda qattiq tikilmang.
Gavda tilidan foydalanish. Nafaqat ko’z yordamidagi aloqa, gavda tili bilan aloqa ham samaralidir. Suhbat asnosida bosh irg’ab, qarshingizdagi odamni tinglayotganingizni bildirib turing. Ammo juda me’yoridan oshirmang. O’rni kelganida dilizdagini yuz ifodasi bilan ayting.
Savollar berish. Suhbat asnosida biror nimani tushunmay qolsangiz, suhbatdoshga vaziyatga oydinlik kirituvchi savollar bilan murojaat qiling.
Stefan Koveyning «Sermahsul kishilarning 7 odati» kitobida o’ziga xos uslubda savol berish taklif qilingan. Ya’ni, suhbatdoshdan «Sizni to’g’ri tushunyapmanmi?» deb so’rash ham juda muhim.
Suhbatdosh fikrini bo’lmang. Suhbat chog’ida kimnidir tinglab turganingizda uning fikriga nisbatan xulosa yoki munosabatni gapirayotgan odam so’zini tugatganidan keyin bildiring. Insonda boshqalarning fikrini bo’lib qo’yadigan odatning borligi uning muvaffaqiyatiga salbiy ta’sir o’tkazishi mumkin. Shu sababli, suhbatdosh so’zini tugatgach, 3-4 soniya fikringizni jamlang va munosabat bildiring.
Salohiyat
Salohiyat insonga o’zidagi kuch-qudratga bo’lgan ishonch uchun kerak. Buning quyidagi xususiyatlarga ega bo’ling.
Ko’p narsa to’g’risida oz-ozdan bilish. Hayot va ish taqozosi bilan biz turli davralarga tushamiz. Kezi kelganida samo haqida, kezi kelganida dehqonchilik to’g’risida bilimlar bizning keng qirrali ekanimizni ko’rsatadi. Ko’proq kitob o’qing, izlaning, har kuni yangi biror ilmiy maqola mutolaa qiling.
Kelishgan qad-qomat. Ha, bu juda muhim. Ilk uchrashuvda sizning salobatli, kelishgan qad-qomatli ekaningiz hali so’z boshlamasingizdan turib, sizni tinglashlari uchun zarur sharoitni yaratadi. Bunday qomat boshqalarning miyasiga sizning o’zingizga bo’lgan ishonchingiz haqida xabar yuborib turadi.
The Wall Street Journal nashrining amerikaliklar o’rtasida o’tkazgan tadqiqoti ozg’in insonlar gavdali odamlarga qaraganda $8,437 dollar kamroq pul ishlab topishlarini ko’rsatmoqda.
Militsiya yoki prokuror formasidagi kishi oldida ming gunohsiz bo’lsak ham, hayajonlanib qolishimiz bor gap. Demak, «farishtali inson»ning kiyimi ham ahamiyatga ega ekan. Tadqiqotlarda vaziyatga qarab, munosib kiyinish qisqa fursatda e’tiborga tushishning, ishonchni qozonishning qulay usuli ekanligi isbotlangan.
Ammo muvaffaqiyatli insonlarning o’z hayotiy qoidalari bor. Misol uchun, Stiv Jobs qora sviter kiyishni ma’qul ko’rgan bo’lsa, Mark Zukerberg jamoatchilik qarshisida kulrang futbolkada namoyon bo’ladi. Insonning o’z shaxsiy qoidalarini hurmat qilish, uning intizomli odam sifatida boshqalarning ishonchini qozonishiga ham yordam beradi.
O’zingizga e’tiborli bo’ling. Xarizmali odamlar o’zlariga nisbatan ishonchlari bo’lishi uchun sog’lom, xotirjam bo’lishlari kerak. Vaqtida dam oling, salomatlikka befarq bo’lmang, kiyinish madaniyatiga e’tiborli bo’ling.
Iliq munosabat
Kimgadir qilingan tabassum iliq munosabatning elchisi. Insonlar tabassum qilishni o’rganganlaridan so’ng yana ham samarali muloqotga erishganlari aniq. Tabassum qilishga odatlaning. Jilmayish, nim tabassum ham sizning yaxshi inson ekaningiz haqida xabar yetkazadi. Zero, dilida kiri bor inson tabassum qilishni ham eplay olmaydi.
Odamlarga minnatdorchilik bildirishga odatlaning. Minnatdorchilik izhor qilish orqali insonning o’zi ham baxtiyor bo’ladi. Ruhiy tadqiqotlar boshqalarga rahmat aytgan, tashakkurini izhor qilgan odamlar kun davomida samarali mehnat qilib, yaxshi kayfiyatda yurishlarini isbotlagan.
Insonlarning og’ir kunlarida ularga hamdardlik bildiring. Inson taftini inson oladi, degan gap to’g’ri. Bu orqali og’ir damda ham ularning chinakam do’sti ekanimizni isbotlagan bo’lamiz.
Ko’proq kitob o’qing. So’nggi izlanishlar kitob o’qish inson ruhiyatini tarbiyalar ekan. Shu sababli ham, kitob o’qiydigan insonlar boshqalarni tezroq tushunadilar.