image0

Birorta o‘zbek yo‘qki, bolaligida teng-tushlari bilan mahalla bo‘ylab Ramazon aytib, jamg‘arilgan “foyda”dan boshi osmonga yetmagan bo‘lsa. Ramazon aytish o‘zbek xalqining milliy qadriyatlariga allaqachon aylanib ulgurgan bo‘lib, bir necha asrlardan beri har yili Ramazon oyida nafaqat bolalarning, balki kattalarning ham kayfiyatini ko‘taruvchi, qalblarga ezgulik va xushkayfiyat baxsh etuvchi mo‘jizaviy xalq og‘zaki ijodi hisoblanadi. Ramazon qo‘shiqlari hozirgi kunda, asosan, bolalar tomonidan jonli ijro qilinadi. Falsh va notaning umuman ahamiyati yo‘q. Muhimi bolalarda shijoat va olovli yurak bo‘lsa bas. Bolalar guruh-guruh bo‘lib, qo‘shnilar eshigi oldida uy egalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, ezgu tilaklar bildirishadi. Masalan, farzandi yo‘q oilalarga qo‘chqordek o‘g‘il, kelini yo‘q oilalarga esa sochi uzun, malikadek qiz tilasa, qizi bor oilaga Alpomishdek kuyov tilab duo qilishadi. Bu kabi tilaklardan so‘ng uy egasi bolalarga shirinlik, turli taomlar, ayrim hollarda pul beradi. Bu jarayon musulmonlar o‘rtasidagi birdamlikni kuchaytirib, xayr-ehsonni targ‘ib qiladi. Ramazon aytish muqaddas oyning shukuhini his qilish va o‘zaro xursandchilik ulashish uchun juda go‘zal bir an’anadir. Quyidagi maqolada biz, O‘zbekistonning turli hududlarida turlicha aytiladigan Ramazon qo‘shiqlarining xilma-xilligi, ularning mazmun-mohiyati, shuningdek, bunga sabab bo‘lgan turli rivoyatlarni baqadri imkon tahlil qilamiz.

Farg‘ona viloyati

O‘zbekistonning sharqiy qismida joylashgan Farg‘ona vodiysining ko‘plab manzillarida Ramazon qo‘shig‘i (“Gulnora” ertagi) hijriy yilning to‘qqizinchi oyi, ya’ni Ramazonda asosan oyning birinchi o‘n kunligida aytiladi. Shakllangan qoidaga ko‘ra, shom namozi vaqtigacha bolalar Ramazonni aytib ulgurishi kerak. Odatda uy egalari chiqib, bolalarga ehson bermaguncha 2-3 kishidan tashkil topgan jamoa qo‘shnilarning darvozasi oldida dasturxon yoki ro‘mol bilan xonadonga ezgu tilaklarini baland ovozda bildirib turishadi. Qo‘shiq so‘zlari esa odatda quyidagi mazmunda bo‘ladi:

Ro‘za keldi, bildinglarmi?

Qozonga yog‘ quydinglarmi?

Aqa chiqaring, baqa chiqaring.

Cho‘ntagizdan ming so‘m chiqaring.

 

Ming so‘m pulga ot oldik,

Otni sotib qiz oldik.

Qizning oti Gulnora

Non yopadi bechora…

Ko‘rib turganingizdek, bu yerda qo‘shiq matni Ramazonning kelganini va iftorlikka ovqat qilishni eslatadi. Shuningdek, ba’zi joylarda bolalar odamlarni ro‘za tutishga targ‘ib qilish va ro‘za tutmaganlarning jazolanishi mazmunidagi Ramazon qo‘shiqlarini ham aytadi. Yuqorida keltirilgan Ramazon qo‘shig‘i 2000-2010 yillarga tegishli. Chunki undagi “Cho‘ntagizdan ming so‘m chiqaring”, “Ming so‘m pulga ot oldik” kabi misralar avvallari besh so‘m, bir so‘m deb aytilgan. Vaqt o‘tgan sari Ramazon aytish ham zamonga va inflyatsiyaga moslashgan. Hozirgi kunda bu “ming so‘m” “dollar chiqaring”ga o‘zgargan bo‘lsa ham ajab emas.

Rivoyatlarga ko‘ra, qadimda Gulnora ismli qizning onasi vafot etib, otasi begona ayolga uylanadi. Afsuski, oradan ko‘p o‘tmay Gulnoraning otasi ham vafot etadi. O‘gay ona esa Gulnoraga yomon munosabatda bo‘lib, uni qiyin uy yumushlariga va non yopib, bozorda sotishga majburlagan. Agar qiz nonni sota olmasa, o‘zini qullikka sotib yuborish bilan tahdid qilgan. Shuning uchun ham yuqoridagi misralarda qizni bir ot puliga sotib olinganligi va Gulnoraning non yopishi haqida gap boradi. Ya’ni uy egalari Ramazon aytib kelganlarga non bersa, ular Gulnoraga olib borib berishi, shunda qizcha non yopishdan xalos bo‘lishini nazarda tutadi.

Namangan viloyati. O‘g‘il tilagi

Namangan viloyatining Nanay qishlog‘i atroflarida Ramazon qo‘shig‘i Ramazonning 30 kuni davomida bolalar tomonidan aytiladi va qo‘shiqning so‘zlari odatda shunday bo‘ladi:

O‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan,

Tuya minib, biz keldik.

Tuya boshin burolmay,

Shu eshikka duch keldik.

 

Assalom alaykum. Ya Ramazon,

Ya Ramazon,

Ya Ramazon aytib keldik eshigingizga.

Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga.

 

Oq tanga-yu ko‘k tanga,

Ob chiqib bering, jon yanga.

Ob chiqib bermasangiz bo‘lmaydi,

Xurjunimiz to‘lmaydi.

Ya Ramazon, yog‘liq qozon,

Ya Ramazon aytib keldik eshigingizga.

Ya Ramazon aytib keldik eshigingizga!

Toshkent – boyvachchalar shahri

Ushbu qo‘shiq matnlari ham Farg‘ona va Andijoncha qo‘shiq bilan deyarli bir xil bo‘lgani uchun endi respublikaning boshqa hududlaridagi Ramazon qo‘shiqlarini ham ko‘rib chiqamiz. Toshkent viloyatida Ramazon aytish odatda, muqaddas oyning birinchi 10 kunligida ko‘proq uchraydi. Barcha viloyatlar singari Toshkentda ham Ramazon bolalar tomonidan, odatda iftorlikdan so‘ng aytiladi.

Ramazon aytib keldik eshigingizga

Xudoyim farzand bersin beshigingizga

Oq tanga, ko‘k tanga

olib chiqib bering 5 tanga

5 tanganing bog‘i bor

Bog‘ida anori bor

Anorini yesangiz,

1000 so‘m pulni cho‘zsangiz

Eshigiz tegida oy ko‘rdik.

Hammadan sizni boy ko‘rdik.

Chiqara qoling 1000 so‘m pul

Qo‘shiqdagi so‘nggi “Eshigiz tegida oy ko‘rdik, hammadan sizni boy ko‘rdik” misralari xonadon egalarini ehson qilishga rozi qilishga “kompliment” sifatida ishlatiladi. Aksar holatlarda, xonadon egalari, bolalarga pul yoki shirinlik beradi. Shuningdek, Toshkent viloyatining ayrim hududlarida bolalar uy ichiga taklif qilinib, taom yoki sumalak bilan ham mehmon qilinishi ham mumkin.

Jizzax, Sirdaryo viloyatlari. Kuchuklardan himoyalanish usuli

Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining ham Ramazon aytish yo‘nalishi va jarayondagi qiziq “urf-odatlari” bor.

Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Qo‘chqordek o‘g‘il bersin beshigingizga.

Oq tanga, ko‘k tanga,

Chiqara qoling jon yanga.

O‘choq kulda, katmonda pul

Chiqara qoling, besh ming pul.

Besh mingning bog‘i bor,

Bog‘ida anori bor

Anoridan yesangiz shaqir-shuqur puli bor.

Op chiqing, op chiqing kissangiza sop chiqing.

Kissangiza sig‘masa, tog‘oraga sop chiqing.

Jizzaxda bolalar Ramazon aytishga mahallaga chiqishdan oldin, o‘zlarining bo‘ylari bilan teng keladigan yog‘och ham olishadi. Bu yog‘ochlar bolalarga eshiklarni taqillatishga va ba’zida “ish vaqtida” kuchuklardan o‘zlarini himoya qilish uchun xizmat qiladi. Kuylash davomida bolalar qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, o‘ziga xos mulozamat ko‘rsatishadi.

Samarqand viloyati

Samarqand viloyatining Ramazon qo‘shiqlari vodiynikiga biroz o‘xshab ketadi. “Qizning oti Gulnora, non yopadi bechora” qismidagi Gulnora ismi Samarqandda Anora yoki Nigora ko‘rinishida aytilishi mumkin. Buning sabablari esa turlicha, ba’zida ismlar hududdagi qizning ismini mashhurligi bilan tanlansa, ba’zilar buni xalq og‘zaki ijodi bo‘lganligi uchun shunchaki qofiyaga tushgan deb izohlaydi.

Buxoro viloyati. “O‘g‘lingiz bo‘lsin rais”

Buxoro viloyatining ko‘plab hududlarida Ramazon kunduz kuni ham, kechki oqshomda ham aytilishi mumkin.  

Assalomu alaykum, bizlar kellik, Payg‘ambar yo‘lini izlab kellik,

Payg‘ambar yo‘liga keladi ro‘za, ro‘zaning savobi tegadi sizga

Zumbala-baley, zumbala-baley,

Oq tanga, ko‘k tanga, chiqarib bering jon yanga,

Yangajonim yashasin, ustiga baxmal tashasin,

Har kun bozor borganda, ming so‘m-ming so‘m tashasin

 

Payg‘ambarning 11 o‘g‘li bor edi

O‘n biridan shoyisi gulzor edi

Shoyisini ovga olib chiqdilar

Jarga tashab bo‘ri yedi dedila

Otasi-onasi yugurib chiqdi jar boshiga

Chashmalar ravon-ravon ko‘z yoshiga.

Tomdan sepdim sedona

Terib yesin bedona

Tomdan sepdim mayiz

O‘g‘lingiz bo‘lsin rais!

Odatda Ramazon qo‘shiqlarida Ramazon aytuvchilar xonadon egasini maqtash va ularga tinchlik-xotirjamlik tilash bo‘lsa, Buxoro Ramazon qo‘shiqlari tarixiy voqealarni qo‘shiqqa qo‘shib ketishi bilan ajralib turadi. Yuqorida berilgan Ramazon qo‘shig‘i matni ayni shuning isbotidir. Anglaganingizdek, qo‘shiqda “11 o‘g‘li bor payg‘ambar” deya Yoqub alayhissalom va o‘z og‘alari tomonidan ovga olib chiqilib, quduqqa tashlangan Yusuf alayhissalom va uning akalari nazarda tutilyapti.

Hadislarda kelishicha, bir kun Yoqub alayhissalomning o‘g‘illari ukasi Yusuf alayhissalom bilan qo‘y boqishga chiqadi va quduqqa akalari uning chiroyliligi va otasining mehri Yusufga, boshqa o‘g‘illariga qaraganda o‘zgacha ekanligi sababli og‘alari uni quduqqa tashlab yuborishadi. Kiyimini qonga bulab, otasiga Yusufni bo‘ri yeb ketganligini aytishadi. Yoqub alayhissalom esa Yusufning qonga belangan kiyimi hech qayeri yirtilmaganidan shubhalanadi va o‘g‘illariga Yusufni yegan bo‘rini topib keltirishlarini buyuradi. O‘g‘illar bo‘rining ham og‘zini qonga bulab otasining huzuriga keltiradi va shunda Yoqub alayhissalom Allohga nola qilib, bo‘rini tilga kirishini so‘raydi. Shunda bo‘ri Yusufni u yemaganligini va o‘zi ham och yurib, farzandini qidirayotganini aytadi. Shundan so‘ng Yusufning og‘alari o‘z ayblarini tan olishadi. Yuqoridagi Ramazon qo‘shig‘ida esa, ayni shu voqealar nazarda tutilyapti.

Qashqadaryo viloyati. “Har bir o‘g‘il – askardir”

Respublikaning voha hududlarida Ramazon qo‘shiqlari matni va jarayonlari vodiydan anchagina farq qiladi. Masalan, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi va Yakkabog‘ tumanlarida Ramazon qo‘shig‘i Ramazon oyining birinchi 3 kunida 4 kishilik bolalar jamoasi tomonidan mahalladagi har bir uyga kirib aytilsa, keyingi kunlarda faqatgina iftorlik qilib, ehson qilganlarning uyidagina aytiladi va qo‘shiq quyidagicha xirgoyi qilinadi;

Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Qo‘chqorday o‘g‘il bersin beshigingizga.

O‘choqda kul, hamyonda pul

Chiqara qoling, 5 ming pul.

Bu qo‘shiqda bolalar uyning egalariga qo‘chqordek baquvvat o‘g‘il tilab, evaziga 5 ming so‘m pul so‘rayotganini ko‘ramiz. Shunga asosan, vodiy hududlarida Ramazon aytib kelganlarga non, meva yoki shirinliklar berilsa, voha taraflarda aksar hollarda pul beriladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘zbek xalq og‘zaki ijodida, xususan, Ramazon qo‘shiqlarida ham o‘g‘il farzand orzusi ko‘p uchrab turadi. Buning boisi, xalqning jang-u jadallarni, ko‘plab urushlarni boshidan o‘tkazgani va vatan himoyasi yo‘lida o‘g‘il farzandga ehtiyoji nazarda tutiladi. Har bir o‘g‘il farzandga askar sifatida qaralgan hamda katta ishonch bildirilgan.

Surxondaryo viloyati

Surxondaryo viloyatining ayrim joylarida bolalar tomonidan aytiladigan Ramazon qo‘shig‘ining matni esa quyidagicha bo‘ladi:

Ramazon, ramazon aytib keldik,

Eshigingiz tagiga yetib keldik

Bak-baka band, Baytulloh

Eshigizga Rahmatulloh.

O‘choqda kul, katmonda pul.

Chiqara qoling, ming so‘m pul.

Ming so‘m pulni bog‘i bor,

Bog‘ida anori bor,

Anorini ichida shaqir-shuqur puli bor ,

Yo Ramazon, yo Ramazon

Op chiqing, op chiqing,

Cho‘ntagizga sob chiqing

Cho‘ntagizga sig‘masa,

Etagizga sop chiqing

Xorazm viloyati

Xorazm viloyatining deyarli barcha hududlarida Ramazondan 3 kun oldin yoki oyning birinchi 3 kunligida Ramazon bolalar ijrosida  aytiladi va qo‘shiqning so‘zlari quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi;

Ro‘zani ilkin tutib galdik siza

Sarpoyini baring biza

O‘yingizni voni do‘shik, boni do‘shik

O‘rtasinda qo‘sha beshik

Yeddi galin yugirib chiqsin

Yeddisini ham o‘g‘li bo‘sin

Olag‘ayla, bulag‘ayla

O‘yingizni oltin bilan suvag‘ayla

Ob chiqing, sop chiqing,

Qozonlara solib chiqing.

Qozonlara sig‘masa,

5 ming, 5 ming barib chiqing.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi. “Aqcha bersang uyib ber”

Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa Ramazon qo‘shiqlarining turlari boshqa viloyatlarga qaraganda juda ko‘p. Masalan, ba’zi joylarda aksar o‘zbeklar aytadigan qo‘shiqlarini qoraqalpoq tilida aytishsa, ba’zi joylarning Ramazon qo‘shiqlari boshqa hududlardan tubdan farq qiladi.

Ya ramazan ayta keldim yesigiңe

Koshkarday ul bersin besigiңe 

Ak ak aktan keldim, shimbayskiy jaktan keldim

tiyin bersen tuyip ber, aksha bersen uyip ber

Ak kapi ashildi, kok kapi jauldi,

uyiңizdegi balaga, sulu kiz tauildi

Tagisin tagi bersin nesibeңe

muxammed xurmetine yaramazan

Yaramazan ayta keldim yesigine

Koshkarday ul bersin besigine

Uyin aldi oy bolsin, kora toli koy bolsin

Shayneginde kaynagan lyuki lyuki shay bolsin

Uyin aldi bes terek, bes terekke su kerek, uyinizdegi balaga uzin shashli kiz kerek.

Lo‘lilar ramazoni. “Ro‘zani tutgan kishi polvondir”

Ramazon kelishi bilan, har bir viloyatda lo‘lilar tomonidan ko‘cha-ko‘yda, bozorlarda, odamlar gavjum bo‘lgan jamoat joylarida Ramazon qo‘shiqlari kuylanishi boshlanadi. Ularning Ramazon qo‘shig‘i so‘zlari va qo‘shiq ritmida biroz farq sezilib, xalq og‘zaki ijodidagi odatiy sho‘x-shodonlik, nolaga aylanadi. Shuningdek, o‘zbek bolalari mahalladagi har bir uy darvozasiga aytsa, lo‘li millati vakillari ko‘chada qo‘shig‘ini aytib ketaveradi va ehson bermoqchi bo‘lgan odamning o‘zi borib, ataganini ularning xurjuniga tashlaydi.

Assalomu alaykum, ey boylar

Qulluq bo‘lsin-o, yangi ro‘za oylar

Rabbima, yo rabbima, yo Ramazon

Muhammad ummatiga boy ramazon.

Avval boshlab Xudoni yod etaylik,

O‘tgan payg‘ambar arvohini shod etaylik.

Rabbima yo rabbima yo Ramazon

Muhammad ummatiga boy Ramazon

 

Ota qibla, ona Ka’ba deydilar

Ota- asranglar, bandalar.

Rabbima yo rabbima yo Ramazon,

Muhammad ummatiga boy Ramazon.

 

Kimgadir berding farzandni bisyor,

Kimnidir qilmagin sen tirnoqqa zor.

Rabbima yo rabbima yo Ramazon,

Muhammad ummatiga boy Ramazon.

 

Ro‘za ham 30 kunlik mehmondir,

Ro‘zani tutgan kishi polvondir.

Rabbima yo rabbima yo Ramazon,

Muhammad ummatiga boy Ramazon.

 

Makkada bir yog‘och bor puldekkina

Xudoyim nabira bersin guldekkina.

Rabbima yo rabbima yo Ramazon,

Muhammad ummatiga boy Ramazon.

Xulosa qilib aytganda, Ramazon oyi o‘zbeklar va O‘zbekistonda yashovchi har qanday millat va elat uchun xalqona qadriyatlar namoyon bo‘ladigan, faqat yaxshi tilaklar tilanadigan muqaddas oydir. Ramazon qo‘shiqlari orqali esa bolalar yurtga tinchlik, oilalarga xotirjamlik, qarindosh-urug‘lar o‘rtasida birdamlikni tilab, muqaddas oyda ko‘proq yaxshilik qilishga da’vat qiladi.

QALAMPIR.UZ jamoasi barcha musulmonlarni kirib kelayotgan muqaddas Ramazon oyi bilan samimiy qutlab, oilaviy xotirjamlik va salomatlik tilaydi.

Bunyod Keldiboyev