Coca-Cola ilk qog’oz butilkani sinovdan o’tkazyapti. Coca-Cola kompaniyasi uzoq strategiya doirasida qog’oz butilkalarni sinovdan o’tkazishni boshladi va plastikdan butunlay voz kechish niyatida.
Ilk namunalar Daniya kompaniyasi tomonidan taqdim etildi va to’lig’icha qog’oz tolalaridan ishlangan. Faqat qopqoq va qog’ozning suyuqlikka tegishidan saqlovchi ichki membrana plastikdan bo’ladi.
Biroq tajribadan pirovard maqsad – butilkani 100 foiz qayta ishlanadigan, plastikdan xoli va gazlangan ichimlikning bosimiga dosh bera oladigan qilib ishlab chiqish hisoblanadi.
Vazifa osonmas, lekin oziq-ovqat sanoatining gigantlari bu tashabbusni qo’llab-quvvatlashdi, Coca-Cola esa 2030 yilgacha chiqindisiz ishlab chiqarishga o’tmoqchi.
O’tgan yili Break Free From Plastis (Plastikdan xalos bo’lamiz) xayriya jamg’armasi ma’lumotlariga ko’ra, Coca-Cola jahondagi chiqindi generatorlaridan biri bo’lgan. Undan keyingi o’rinlarda esa, Pepsi va Nestle joylashgan.
Bosim ostida
Qog’oz idish ishlab chiqish bilan Daniyaning Paper Bottle Sompany («Qog’oz butilkalar kompaniyasi»), qisqa qilib aytganda, Paboso shug’ullanyapti.
Daniyaliklar oldida idishga bosim ostida quyiladigan gazlangan ichimliklar tarkibidagi gaz oqimiga chidab bera oladigan qog’oz butilka yaratish vazifa qilingandi.
Qo’shimchasiga ular oldiga butilka materiali egiluvchanligini oshirish vazifasi turardi. Bu butilkaga turli brendlar bilan bog’liq shakllar qilish imkonini berish va idish ustiga firma yorliqlarini chop eta olish uchun kerak.
7 yillik mashaqqatli mehnatdan so’ng kompaniya shu yili yozda Sosa-Solaʼning Adez nomli mevali ichimligida yangi butilkani sinab ko’rmoqchi. Sinovlar Vengriyada o’tkaziladi va mahalliy chakana savdo tarmog’i orqali 2 ming butilka ichimlik sotilishi rejalangan.
Daniyaliklar faqat Coca-Cola bilan hamkorlik qilayotgani yo’q. Shvetsiyaning taniqli Absolut aroq ishlab chiqaruvchi kompaniyasi ham Shvetsiya va Buyuk Britaniyada 2 ming butilka gazlangan malinali ichimlikni qog’oz idishda sotib ko’rish niyatida.
Shuningdek, ichimlik giganti Sarlsberg ham qog’oz idishlarda pivo chiqarib sotmoqchi.
Nahotki plastiksiz?
Paboso’ning tijorat direktori Mikael Mikelsenning tushuntirishicha, yangi butilkalarga chidamlilik taqdim etish uchun ular yagona qog’oz-tola blokidan yasaladi.
«Aynan shu joyi sir», deydi u. Ishlab chiqarishning bunday usulida tolalar orasidagi bog’lam mustahkam bo’lib qoladi va yirilib ketishi mumkin bo’lgan choklar tushmaydi.
Coca-Cola va Absolut kompaniyalari qog’oz idishlarni birinchilardan bo’lib yangi texnologiya tashish va chakana savdo uchun qanchalar chidamli ekanini bilish uchun sinab ko’rishadi.
«Biz ishlab chiqqan butilkalarimiz real dunyoda qanday sinovlardan o’tishi kerakligini yaxshi tushunib turibmiz. Axir qachondir chizmalardan amaliyotga ham o’tish kerak-ku, to’g’rimi? Shuning uchun real dunyoga chiqish va undan ma’lumot olish shart», deydi Mikelsen.
Sinovlar muvaffaqiyatli o’tgan taqdirda ham plastikdan voz kechish oson kechmaydi. Qog’oz hech qanaqasiga suyuqlik bilan to’g’ridan-to’g’ri kontaktga kirisholmasligi bois butilkani ich tarafdan o’simlik moyi bilan qoplash nazarda tutilgan.
«Bu minimal, lekin mahsulotni saqlay oladigan organik to’siq bo’ladi. Bizda ikki variant bor, texnologiya tanlangan, biroq bizga namunalar va sinovlar darkor», deydi Mikelsen.
Muhandislar hozircha murosaga borib, qog’oz butilkalarning plastik qopqoqlarini qoldirishyapti va bu hozirgi konveyerlarda ishlab chiqarish imkonini beradi. Biroq vaqt o’tishi bilan hamma narsa qog’ozdan bo’lishi shart.
Uzoq muddatli samara
Paskaging Europe raqamli jurnali noshiri Fin Sleyterning tasdiqlashicha, qog’oz butilkalarning sinovlari muvaffaqiyatli o’tgan taqdirda ham, ular bir muddat panada qoladi.
«Qog’oz butilkalar – biz innovatsiyaga tashnalar uchun a’lo yangilik. Biroq bu kabi konsepsiyalar bu yil paydo bo’layotgani yo’q, lekin ularning birortasi yashab ketmadi», deydi mutaxassis. Uning so’zlariga ko’ra, plastik butilkalar oziq-ovqat sanoatining ajralmas qismi bo’lib qolaveradi va dunyoning ko’plab mamlakatlarida muavaffaqiyatli tarzda qayta ishlanmoqda.
«Bunday darajaga chiqish uchun shakllangan infratuzilmani o’zgartirish kerak. Bu esa, qiyin ish», deydi Sleyter.
Undan tashqari, narx masalasini ham unutmaslik darkor: plastik butilkalar arzon va qulay.
«Qog’oz butilkalar avvalo qo’shimcha qiymat solig’i solinadigan tor doiradagi mahsulotlar uchun qo’llab ko’rilishi kerak», deb hisoblaydi Sleyter.
Biroq Tetra Pak kompaniyasi o’tgan asrning 50 yillarida innovatsion idishlari bilan dunyoni zabt etganini unutmasligimiz darkor.
«Materiallarni utilizatsiya qilishga kelsak, bu borada raqobat avjida va bu mutlaqo tabiiy holat. Har bir omadli yangilik nafaqat u yoki bu material uchun yangi istiqbollarni ochadi, balki chiqindilarni qayta ishlashga bo’lgan talablarni oshiradiva karbonat angidrid chiqishi kamayishiga sabab bo’ladi», deydi Sleyter.