Ernesto Ottone: «O'zbekistonning madaniyat ildizlarini asrash va tadqiq qilish borasidagi sa'y-harakatlari YuNESKO maqsad va vazifalari bilan hamohangdir»

Avval xabar berganimizdek, bugun Toshkent shahrida an’anaviy Madaniy meros haftaligi o’z ishini boshladi. Ayni damda haftalikning muhim tadbiri IV Xalqaro kongressning ilk seksiyalarida nufuzli tashkilot vakillari ma’ruza qilmoqda va dunyoga yoyilgan o’zbek merosini tadqiq qilgan xorijiy olimlar o’z tadqiqot natijalari haqida so’zlab bermoqda.

Tadbirning ochilishida YuNESKO bosh direktorining madaniyat ishlari bo’yicha o’rinbosari Ernesto Ottone so’zga chiqdi.

Ottone o’z so’zida O’zbekistonda tashkilot tomonidan Butunjahon merosi sifatida ro’yxatga olingan beshta tarixiy ob’yekt va oltita nomoddiy meros namunasi borligini ta’kidladi.

“O’zbekistonning madaniy boyliklari mamlakatning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun muhim poydevor bo’lishi mumkin. Madaniyat yodgorliklari jamiyatning barqaror bo’lishi va shaharlarning yanada rivojlanishi uchun xizmat qiladi. Shu bilan bir vaqtda madaniy meros va xalq ijodiyoti yangi ish o’rinlari tashkil qilish vositasida kambag’allikni tugatishga zamin yaratishi, shu tariqa aholi farovonligiga katta hissa qo’shishi mumkin”, – Ernesto Ottone.

Ekspert O’zbekistonning o’z rivojlanish strategiyasi markazida madaniyat ildizlariga tayanishini yuqori baholadi va bu sa’y-harakatlar YuNESKOning maqsad va vazifalari bilan hamohang ekanligini ta’kidladi.