Vazirlar Mahkamasining “Elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o’tkazish tartibini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat prezidentning «Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi farmoni va «Elektron onlayn-auksionni o’tkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari to’g’risida»gi qaroriga muvofiq qabul qilindi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi: «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o’tkazish tartibi to’g’risidagi nizom; «E-auksion» elektron savdo platformasiga integratsiya qilinadigan manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar ro’yxati.
Nizom Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUK tomonidan «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o’tkazish tartibini belgilaydi.
Unda quyidagi normalar mavjud: elektron-auksion va tanlovni o’tkazilmagan deb hisoblash va ularni takroriy o’tkazish tartibi; hisob-kitob qilish va auksion hamda tanlov natijalarini rasmiylashtirish tartibi; ijro hujjatlari bo’yicha ob’yektlarni elektron onlayn-auksionga chiqarish va sotishning o’ziga xos xususiyatlari; yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdo platformasida sotishning o’ziga xos xususiyatlari.
Ro’yxatga 13 ta davlat hokimiyati organi kiritilgan. Ro’yxatga izohda quyidagilar nazarda tutilgan: vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar tizimga elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog’i orqali belgilangan tartibda ulanadi; tashkilotlar o’rtasida o’zaro ma’lumot almashish xizmatlari bepul amalga oshiriladi; «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUK tomonidan zaruratga qarab boshqa tashkilotlar bilan o’zaro kelishuv asosida «E-auksion» elektron savdo platformasiga integratsiya qilinishi mumkin.
Qaror bilan ayrim qonun hujjatlariga o’zgartirish va qo’shimchalar ham kiritildi. Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.01.2022 yildan kuchga kirdi.