Britaniyalik xonanda Ed Shiran Las-Vegasda yashovchi juftlikning to’yiga kutilmaganda tashrif buyurdi va ular uchun yangi qo’shig’ini ijro etdi, deb yozmoqda “Pravila jizni” nashri.
Ed Shiran to’y marosimidan olingan videoni o’zining Instagram sahifasiga joylagan.
“Men to’yni buzdim va bu sehrli edi”, — deb yozgan xonanda o’z sahifasidagi postda.
Billboard taqdim etgan ma’lumotlarga ko’ra, baxtli juftlikning ismi Jordan va Karter Lindenfild. Xonanda marosimga bek-vokalchilar bilan birga, juftlik qo’llarini ushlab, “ha” deyishga hozirlik ko’rayotgan bir paytda kirib kelgan.
Shiran o’zining Magical qo’shig’ini yangi hayotga qadam qo’yayotgan juftlik uchun maxsus ijro etgan. Qo’shiq matni to’y muhitiga juda mos keladi. “Sevib qolish shunaqa bo’ladi. Bu sehrli”, — deydi Shiran muxlislariga.
Xonandaning kutilmagan chiqishidan so’ng turmush qurayotgan juftlik marosimni yakunlab, nikoh to’g’risidagi guvohnomaga imzo chekkan. Shiran bu jarayonda guvoh sifatida hujjatga imzo qo’ygan. Shundan so’ng baxtli juftlik va xonanda hujjat bilan suratga tushgan.
Xonandaning postiga kelin: “Hayotimizdagi eng sehrli kun uchun sizga katta rahmat, biz buni hech qachon unutmaymiz”, — deb izoh qoldirgan.
Kutilmagan tashrif Ed Shiran o’zining Las-Vegasdagi konsertini haddan tashqari issiq ob-havo tufayli bekor qilganidan ko’p o’tmay yuz bergan. To’y marosimida ijro etilgan Magical qo’shig’ini o’z ichiga olgan Autumn Variations musiqiy albomining premyerasi 29 sentyabr kuni bo’lib o’tadi.