Olimlar Tinch okeanining janubi-g‘arbiy qismidan dunyodagi eng katta marjonni topdi. Bu haqda BBC xabar berdi. https://www.bbc.com/news/articles/c629ddqg9v6o
Marjon 300 yildan ortiq vaqt yashagan bo‘lishi mumkin. Olimlar marjonning o‘lchami ko‘k kitdan ham katta ekanini ta’kidlagan. U jigarrangda, ammo unda qisman boshqa ranglarlar ham uyg‘unlashgan.
“Men xaritada kemaning qulagan joyi ko‘rsatilgan hududga sho‘ng‘idim va shunda marjonni ko‘rdim”, deydi ekspeditsiya a’zosi.
Ekspeditsiya davomida olimlar marjonni o‘lchash uchun maxsus o‘lchov chizig‘idan foydalangan.
“Marjonning kengligi – 34 metr, uzunligi – 32 metr, balandligi – 5,5 metrni tashkil qildi”, deyiladi xabarda.
Kashfiyot Ozarbayjonda o‘tkazilgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP29 sammiti davomida e’lon qilingan.
Marjon Pavona clavus turiga mansub bo‘lib, u qisqichbaqalar, baliqlar va boshqa dengiz hayvonlarining yashash joyiga aylangan. Ushbu namunani o‘rganish orqali olimlar o‘tgan dengiz sharoitlari haqidagi tarixiy ma’lumotlarni aniqlashga umid qilmoqdalar.
Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) hisobotida iliq suvlardagi marjonlarning 44 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida ekanligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tinch okeanida Yangi Zelandiya olimlari tomonidan ximeraga o‘xshash baliqlarning yangi turi kashf qilingandi. Baliqlarning ushbu yangi turi “Arvoh akulalar” deb ham ataladi.
Muhammad Hodiyev