image0

So‘nggi 20 yil ichida Markaziy Osiyoda to‘yib ovqatlanmaslik darajasi 13,1 foizdan (2005 yil) 2,8 foizgacha (2024 yil) pasayib, besh baravardan ko‘proqqa kamaygan. Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisobotida keltirilgan.

Unga ko‘ra, ochlikni kamaytirishdagi eng yuqori sur’atlar 2019 yilgacha kuzatilgan, biroq bu progress COVID-19 pandemiyasi sababli to‘xtagan. 2020-2021 yillarda ochlikdan aziyat chekayotganlar soni 2,5 million kishiga yetgan.

Shunga qaramay, oziq-ovqat xavfsizligi siyosati va iqtisodiy tiklanish tufayli mintaqa yana ijobiy dinamikaga qayta olgan. Global kontekstga nisbatan Markaziy Osiyo barqarorroq natijalarni ko‘rsatmoqda. Dunyo miqyosida esa to‘yib ovqatlanmaslik darajasi 2005 yildagi 12 foizdan 2023 yilga kelib 8,2 foizgacha tushgan.

Markaziy Osiyoda sog‘lom ovqatlanish uchun kunlik o‘rtacha xarajat (xarid qobiliyati pariteti asosida) 2024 yilda bir kishi uchun 3,78 dollarni tashkil etgan. So‘nggi olti yildagi tahlil bu qiymatning asta-sekin oshganini ko‘rsatadi: 2019 yilda 3,10 dollar bo‘lgan xarajat 2023 yilda 3,81 dollarga chiqqan. Ammo 2024 yilda ilk bor pasayish qayd etilgan – 3,78 dollar.

Shunga qaramay, sog‘lom ovqatlanish hanuzgacha mintaqa aholisining 14 foizi uchun (taxminan 11,5 million kishi) imkonsizligicha qolmoqda. Ammo bu ko‘rsatkich ham kamaymoqda: 2020 yilda bu son 14,5 million bo‘lgan.

Oxirgi 12 yil ichida mintaqada bolalar orasidagi doimiy to‘yib ovqatlanmaslik shakllari ham sezilarli darajada kamaygan. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘sishdan qolish holatlari 2012 yildagi 14,8 foizdan 2024 yilda 7,4 foizgacha kamaygan. Tananing ozib ketishi (o‘tkir ovqatlanish yetishmovchiligi) esa 3,8 foizdan 2,1 foizgacha tushgan.

Hisobotga ko‘ra, ayrim tashvishli holatlar saqlanib qolmoqda. Masalan, reproduktiv yoshdagi ayollar orasida kamqonlik darajasi deyarli o‘zgarmagan: 2012 yilda 32,3 foiz bo‘lgan bu ko‘rsatkich 2023 yilda ham 32 foizni tashkil qilgan. Bu holat ayniqsa homilador ayollar orasida temir va mikroelementlar yetishmasligi muammosi saqlanayotganidan dalolat beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2021-2023 yillarda 21 ball bilan eng yaxshi natijalarni qayd etib, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi borasida yetakchilik qilayotgani xabar qilingandi.