image0

Dunyodagi eng kichkina ayol hindistonlik Yoti Amge navbatdagi rekordni o‘rnatdi. Bu haqda Ginnesning rekordlar kitobi rasmiy saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, uning bu galgi rekordi qo‘llarining uzuznligi bo‘yicha. Amge dunyodagi eng kichik qo‘llarga ega. Ayolning chap qo‘l kafti atigi 7,1 sm, o‘ng qo‘liniki esa 7,2 sm. Dunyoning ayni paytdagi eng baland bo‘yli ayoli Rumeysa Gelgining eng uzun barmog‘iga ega bo‘lib, bitta barmog‘i 11,2 sm. Bu uning barmoqlari Yoti Amgening qo‘l kaftlaridan ham uzunroq ekanligini anglatadi.

31 yoshli Yoti Amgening bo‘yi 62,8 sm bo‘lib, vazni esa 5 kilogrammdan oshadi. Rumeysa Gelgining bo‘yi esa 215,16 sm.

Ma’lumot uchun, turkiyalik veb-dizayner Rumeysa Gelgi 2021 yilda dunyodagi eng baland ayol sifatida qayd etilgan. Uning bo‘yining balandligi juda kam uchraydigan uiver sindromi bilan bog‘liq. Ma’lumotlarga ko‘ra, Gelgi dunyoda ushbu sindrom bilan tashxis qo‘yilgan 27 qizdan biri. 27 yoshli Gelgi ayollar orasida dunyodagi eng katta qo‘llar (24,93 sm), eng uzun bel (59,90 sm) va eng uzun quloqlar (o‘rtacha o‘lchami 9,58 sm) rekordlariga ham egalik qiladi.

Shuningdek, hindistonlik aktrisa va media yulduzi Yoti Amge esa axondroplaziya nomli suyak o‘sishi buzilishi kasalligi bilan tug‘ilgan. U “Amerika dahshat hikoyasi: G‘alati shou” serialida rol ijro etgan va tarixdagi eng past bo‘yli aktrisa sifatida tan olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoning ayni paytdagi eng baland va eng past bo‘yli ayollari Londonda joylashgan Savoy mehmonxonasida uchrashgani xabar qilingandi.