Dunyodagi eng keksa erkak – Buyuk Britaniya fuqarosi Jon Alfred Tinnisvud 112 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning oilasiga tayanib, “Mirror” nashri xabar berdi.
Ginnesning rekordlar kitobi 2023 yilning aprel oyida 111 yoshli Tinnisvudni dunyodagi eng keksa tirik erkak sifatida tan olgan. U 1912 yil 26 avgust kuni (Titanik cho‘kkan yil) Britaniyaning Liverpul shahrida tug‘ilgan.
Ma’lumot uchun, Tinnisvud o‘z hayoti davomida Buyuk Britaniyada 24 bosh vazir almashganini ko‘rgan va Ikkinchi jahon urushi faxriysi sifatida e’tirof etilgan. Undan uzoq umrining siri haqida so‘ralganda, buni “haqiqiy omad”, deb ta’kidlagan va sog‘lom hayot kechirish uchun asosiy maslahat sifatida “me’yorni saqlash”ni tavsiya qilgan.
U joriy yilning 20 noyabr kuni Angliyaning Sautport shahridagi qariyalar uyida vafot etgan. Tinnisvudning bir qizi, to‘rt nafar nabirasi va uch nafar evarasi bor.
Eslatib o‘tamiz, Tinnisvud avgust oyida 112 yoshini nishonlagani xabar qilingan edi.