Noodatiy mevalar o’zining rangi, ta’mi, shakli hamda hidi bilan boshqa turdagi mevalardan butunlay ajralib turadi. Biz uchun notanish bo’lgan bu kabi mevalarni avvaliga qiziqish bilan tomosha qilishingiz mumkin, ammo tatib ko’rsangiz, hech ham afsuslanmaysiz.
Rambutan
Antiqa shakldagi ko’rinishga ega bo’lgan ushbu mevaning asl vatani Osiyo bo’lib, bu yerda uni ommabop bog’ mevasi sifatida yaxshi bilishadi. Mevaning et qismi shaffof oq rangda, ta’mi esa juda ham shirin.
Har bir rambutan mevasining yumshoq va qarsildoq urug’lari ham mavjud bo’lib, uni xom holatida yeyish mumkin emas. Qovurilganda esa juda ham mazali bo’lib qoladi.
Kivano
Ekzotik ko’rinishga ega bo’lgan noodatiy mevaning asl vatani markaziy va janubiy Afrika hisoblanadi. Uning rasmiy nomi Cucumis metuliferus bo’lsa ham, mahalliy odamlar kivanoni Shohdor qovun deya atashadi. Yetilib pishgan mevaning tashqi tomoni yorqin sariq tusga kiradi, kichik shohchalar bilan qoplanadi. Kivanoning mazasi bodring hamda bananni yodga soladi.
Rolliniya
Rolliniyaning tashqi ko’rinishi haddan tashqari ishtahaochar bo’lmasligi mumkin. Meva yetilib pishgan vaqtda ustki qismidagi shohchalar jigarrang tusga kiradi. Mevaning ichki qismi oq rangli shirin et bilan qoplangan. Rolliniyaning mazasi karamel va limonli pirog ta’mini yodga soladi.
Inga loviyasi
Ushbu noodatiy meva etining mazasi vanilinli muzqaymoq ta’mi bilan deyarli bir hil. Ushbu mevaning uzunligi 20-30 santimetrga teng bo’lib, uni xom holatida iste’mol qilishadi. Mazkur mevani Markaziy hamda Janubiy Amerikada, Amazonka daryosi hudularida uchratish mumkin.
Pitayya
Pitayya – kaktusning bir turi bo’lib, uning mevalari oq, qizil yoki pushti rangda bo’lishi mumkin. Mazasi o’ta shirin bo’lgan pitayya kam kaloriyali ekanligi bilan ham ajralib turadi.
Asam Paya
Asam Paya Tailand, Malayziya, Sumatra va Borneo hududidagi tropik o’rmonlarda o’sadigan palma daraxti sanaladi. Ushbu mevani ko’p hollarda quritilgan ko’rinishda turli taomlar uchun ziravor sifatida ishlatishadi.
Mangustin
Mangustin mevasi haqiqatan ham ajoyib ko’rinish va mazaga ega. Uning o’rtacha kattaligi olma bilan teng bo’lib, tashqi tomondan siyohrang tusda bo’ladi. Eti esa oq rangda va haddan tashqari mazalidir.
O’z vaqtida qirolicha Viktoriya ushbu mevaning ashaddiy ishqibozi bo’lgan. Mangustinning asl vatani Malayziya hamda Indoneziya hududi bo’lib, uni Hindiston, Karibdengizi, Avstraliyada ham uchratish mumkin.