Botsvanada 219,6 gramm keluvchi yirik olmos topildi. Bu butun tarix davomida topilgan uchinchi raqamli eng yirik olmos hisoblanadi. Botsvana hukumatida ta’kidlanishicha, olmos iyun boshida aniqlangan, biroq u endigina ommaga taqdim qilindi.
Qimmatbaho toshning o’lchami 1098,3 karatni (219,6 gramm) tashkil qiladi. U mamlakat shimolidagi Jvaneng konida hukumatga tegishli Debswana kompaniyasi va olmos qazib olish bilan shug’ullanuvchi dunyodagi eng katta kompaniya De Beers tomonidan topilgan.
Ta’kidlanishicha, olmosni sotishdan olinadigan daromad mamlakatni rivojlantirishga yo’naltiriladi.
Avvalroq ham Bostvanada 1109 karatlik olmos topilgan edi. Lesedi La Rona deb nomlangan ushbu olmos 53 mln dollarga sotilgan.
Biroq eng yirik olmoslar reytingida birinchi o’rinni hamon 3106 karatlik afsonaviy «Kullinan» egallab kelmoqda. Qimmatbaho tosh JARda 1905 yilda topilgan va keyinchalik bo’laklarga parchalangan. «Kullinan»ning ba’zi qismlari Britaniya qirollik oilasi tojini bezab turadi.