Qoraqalpog’iston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasining ma’lum qilishicha, Dubay shayxlari ov mavsumini o’tkazish uchun har yili Qoraqalpog’istonga keladi. Ular ruxsatnoma asosida mamlakatimiz Qizil kitobiga kiritilgan qushlar bilan hayvonlarni ov qiladi, deb yozmoqda O’zA.
Shayxlar o’zlarining oila a’zolari, oshpazlari, ovchilari, xizmatchilari jami yuz-yuz ellik nafar kishi bilan chodir qurib, ov mavsumi o’tkazib turadi. Arablar, asosan, ovchi qush – lochin yordamida tuvaloq ovlashni an’ana qilib olgan.
Ovchi-shayxlar ko’zlari yashirilgan lochin qushini qo’liga tutib, tuvaloqni ko’rganda lochinning ko’zlarini ochadi va shu tarzda tuvaloqlar ovlanadi. Ba’zilar arablarning bu qushni ovlashini Qirollar ovi, ularning milliy qadriyati desa, ayrimlar tuvaloq go’shti va suyagi inson salomatligini tetiklashtiradigan, quvvatini oshiradigan xususiyatga ega deb hisoblaydi.
Tuvaloq qushlari Qoraqalpog’istonning Ustyurt yassi tekisligida, Janubi-sharqiy Qizilqumda, Zarafshon vohasi, Surxondaryo, Sheroboddaryolarning quyi qismlarida, Mirzacho’l va Dalvarzin cho’llarida, Nurota tog’ etaklarida uchraydi.
Tuvaloq qushi Vazirlar Mahkamasining «Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o’tish tartibi to’g’risida»gi qaroriga muvofiq noyob va yo’q bo’lib ketish xavfi ostidagi turlar safiga kirgizilgan.
Xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslar uchun qushning donasi 6000 AQSh dollari miqdorida belgilangan.
Manbalarda arablar ov paytida tartiblarga jiddiy amal qilishi haqida aytiladi. Ular brakonerler va boshqa ovchilar kabi ochko’zlik qilmay, faqat belgilangan me’yorda ov qilishni odat etgan. Ular bu qushlarning yo’q bo’lib borayotganini yaxshi tushunadi. Shu sababli ular mablag’ ajratib, nafaqat o’z yurtida, balki boshqa mamlakatlarda ham pitomniklar tashkil qiladi. O’zbekistonda bunday pitomniklar Buxoro va Navoiy viloyatlarida mavjud.
– 2016 yil men yurtimizga tuvaloq ovlash uchun kelgan arablarni avtomashinada belgilangan manzilga yetkazib qo’yadigan bo’ldim, – deydi nukuslik Qurol Qapesov. – Ular taom tayyorlashga katta e’tibor qaratadi. Shuning uchun taom pishirilayotganda uning qanday hayvon go’shtidan tayyorlanayotganini so’rashadi. Ammo, ularning oshpazlari pishirgan taomlar juda shirin bo’ladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, tuvaloqni Birlashgan Arab Amirliklari shayxlari Qozog’iston Respublikasi hududida ham ov qilib turadi.
Moldir Igilikova,
Qoraqalpog’iston axborot agentligi muxbiri