Dolchin (koritsa) issiq mamlakatlarda o’sadigan daraxt po’stlog’i bo’lib, ta’mi achchiq va hidi o’tkir, rangi qizil bo’lib, ovqatga xushta’m va yoqimli hid berishi uchun solinadi. Dolchinni Markaziy Osiyo bozorlaridan topsa bo’ladi. Mizoji ikkinchi darajada issiq va quruq, 15 yilgacha kuchi ketmaydi.
Dolchin yeyilsa, hidlansa va maydalab tuyilganini badanga bog’lansa, badandagi quyuqlashgan moddalarni suyultiradi, tiqilmalarni ochadi, yaxshi kayfiyat bag’ishlaydi. Tanadagi badbo’y axlatlarni pishiradi va badandan daf etishga tayyorlaydi, barcha turdagi zaharlarga taryok bo’ladi, barcha ruhiy, ya’ni miya, yurak va jigar quvvatlarini, badandagi kuch-quvvatning manbai bo’lgan quvvatlarni saqlaydi. Ko’zni ravshan qiladi, badandagi bodlar va sovuq mizoj moddalarni tarqatib yuboradi, miyadagi zaharli rutubatlarni (ho’llikni) quritadi, sovuq va ho’l tumovni daf qiladi, sovuqdan bo’lgan bosh miya dardlariga shifo bo’ladi. Peshob va hayzni ravon keltiradi, jinsiy quvvatni oshiradi, yurak o’ynog’i, qo’rqoqlik va jinnilik dardlariga shifo baxsh etadi, yurak, miya, jigar, me’da, buyrakka quvvat bag’ishlaydi. Og’iz hidlanishini yo’q qiladi, ho’l yo’tal va havo yetishmasligini bartaraf qiladi, achchiq balg’am to’planishi sababli hosil bo’lgan ovoz bo’g’ilishini ochadi. O’pka va nafas yo’llaridagi yopishqoq rutubatlarni daf etadi va ko’krak ichidagi a’zolarni ana shunday rutubatlardan tozalaydi, jigar tiqilmalarini ochadi, sariq suv xastaligiga shifo bo’ladi, jarohat va yaralarning yomon hidlarini yo’q qiladi, chayon va boshqa zaharli jonzotlarning sovuq mizojli zahrini badandan daf etadi.
Dolchinni maydalab, ezg’ilab surmaga o’xshatib ko’zga tortilsa, unga quvvat bag’ishlaydi va agar ko’zning boshqa dardlariga qarshi ishlatilsa, yaxshi samara beradi – ko’zni ravshan va sog’lom qiladi. Tuyilgan dolchinni asal bilan qorib surtilsa, yuzdagi sepkilli dog’larni daf etadi, sirkaga qorib surtilsa ham shunday ta’sir qiladi. Issiq mizojli kishilarga dolchin iste’moli zarar qiladi, boshog’riq keltiradi, qovuqqa ham zarari bor. Bunday holatlarda qatiro yeyilsa, yetgan zararlar isloh bo’ladi.
Dolchinni bir kunda bir marta yeyish miqdori 7 gramm. Bordi-yu dolchin topilmasa, o’rniga zanjabil iste’mol qilinsa ham bo’ladi. Dolchin yog’ining mizoji o’zinikiga nisbatan ancha issiq va uchinchi darajada quruq. Agar dolchin yog’idan har kuni 4.5 grammdan 9 grammgacha iste’mol qilinsa, yuzning qiyshayishi, falajlik, chayon va qoraqurt chaqqani, isitmadan qaltirashga davo bo’ladi, peshona va ikki chakkaga surtilsa, bosh og’rig’ini bosadi va agar shu yog’ ko’z kipriklariga surtilsa, uning uchishini to’xtatadi.