Roppa-rosa bir oy oldin saytimizda “Elma kompaniyasidan dinimizga hurmat bilan qarashni so’raymiz” nomli maqola e’lon qilgandik. Unda Elma kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan qog’oz sochiqda tasvirlangan Bibixonim maqbarasida bir hadis va iymon kalimasi yozilgani aytib o’tilgandi.
Biz maqola so’nggida buning ehtiyotsizlik natijasida bo’lganini gumon qilib, Elma kompaniyasining bu borada o’z fikrini bildirishiga ishonamiz degandik. Ya’ni bu jumla orqali ularni yuz foiz ayblash niyatimiz yo’qligini bildirgandik.
Ammo oradan bir oy o’tdi hamki Elma’dagilar hamon jim. Orada ularga yaqinligini aytgan odamlar maqolaning saytdan olib tashlanishini so’radilar. Biroq biz birinchidan maqola o’chirilmasligini, ikkinchidan kompaniya bu borada tushuntirish berishi zarurligini bildirdik. Agarda tushuntirish beriladigan bo’lsa, uni saytda e’lon qilishimizni ma’lum qildik.
Shundan so’ng ulardan sado bo’lmadi. Deylik ehtiyotsizlik natijasida bo’lgandir, ammo ushbu kompaniya tomonidan dinimizga nisbatan hurmatsizlik qilindi. Hadis va iymon kalimasi qog’oz sochiqda aks etdi. Va buning uchun aqalli bir marta uzr so’rab qo’yilmadi. O’zbekiston aholisining aksar qismi musulmon ekanini inobatga olsak, bu eng avvalo xalqqa nisbatan hurmatsizlikdir.
Prezidentimiz deyarli har biri chiqishida Islom dinini ulug’layapti. Aynan u kishining tashabbusi bilan yurtimizda Qur’on musobaqasi o’tkazilmoqda. Bu musobaqa xalqaro miqyosda ham o’tkazilishi rejalashtirilyapti. Davlat rahbari dinga nisbatan shunaqa hurmat bajo keltirib turgan bir paytda Elma’dagilarning Islom diniga bu qadar hurmatsizlik qilganini qanday oqlash mumkin? Oradan bir oy o’tgan bo’lishiga qaramay hamon bir og’iz uzr so’ralmaganini qanday tushunaylik? Kim nima desa ham o’z fikrimizdan qaytmaymiz deb tushunish kerakmi?
Agar hozir chora ko’rilmasa, bunaqa ishlar yana davom etishi mumkin. Ertaga Elma yoki boshqa bir kompaniya tomonidan Registon maydoni tasvirlangan hojatxona qog’ozi ishlab chiqarilsa nima qilamiz?
Elma kompaniyasi rahbariyatidan aholisining aksar qismi musulmon bo’lgan O’zbekiston xalqidan ko’rsatilgan hurmatsizlik uchun zudlik bilan uzr so’ralishini va bu ishni ommaviy ravishda amalga oshirilishini talab qilamiz.
manba: azon.uz