Jahon chempinati saralashining so’nggi bosqichni yanada yaxshiroq o’tkazishni niyat qilgan Samvel Babayanning boshi qotibdi. Nima qilsa ekan? Nihoyat yechim topibdi, borib, Luis Enrikedan maslahat so’raydi. Axir aynan shu Luis Enrike oxirgi yillarda juda ko’p sovrinlarni yutib oldi. Bejizga emasdir.
Bu fikr terma jamoalar markaziga ham yoqib tushibdi va zudlik bilan Babayanni Ispaniyaga junatib yuborishibdi.
– Luis, uka, senga qoyil. O’yinlaringni ko’rib zavq olaman juda.
– Rahmat
– To’g’risi, mening jamoam ham «Barselona»daqa o’ynashini orzu qilaman. Maslahat bersangchi, nima qilsam, xuddi sizlardaqa o’ynay olamiz?
– Buni yo’li oson, – debdi Luis Enrike.
– Xo’sh?
– Asosiy tarkibga o’yinchi tanlayotganda nimalarga e’tibor berasan?
– Nu, masalan, legioner ekaniga. «Paxtakor»da o’ynaydigan bo’lsa ham, yaxshi sabab. Yoshroq bo’lsa, yanayam yaxshi, nomi chiqsa chet elga sotvorish mumkin.
Luis Enrikening yuzi qizarib ketibdi va katalonchasiga bir nimalar deb g’uldirabdi.
– Unaqa bo’lmaydi-da, – debdi Babayanga qarab, – masalan, men futbolchilarning aqliy qobiliyatlariga ham alohida e’tibor qarataman. Aqlli futbolchilar taktikani ham yaxshi tushunadilar.
– Zo’r-ku, rahmat.
Shunday deb, Babayan ketib qolibdi. Lekin yarim yo’ldan yana qaytib ketibdi. Terma jamoalar markazi yarim yo’lning biletini ham tashkil qilib beribdi. Ularga ham rahmat aytamiz.
– Luis, lekin men ularning qaysi biri aqlli ekanini qaerdan bilaman?
– Buni yo’li oson, – debdi Enrike va oldiga Busketsni chaqiribdi, – mana, Messi jamoamdagi eng aqlli o’yinchilardan biri. Men unga mantiqiy savol beraman va javobiga qarab, aniqlashim mumkin.
– Qani, ko’raylikchi
– Serxio, menga aytchi, – Messiga yuzlanibdi Enrike, – dadangning o’g’li, lekin sening akang ham emas, ukang ham emas. U kim?
– Kim bo’lardi, men, – deb javob beribdi Messi.
– Qoyil, – debdi Luis Enrike
– Qoyil, – debdi Babayan.
Murabbiyimiz xursand bo’lib uyga qaytibdi. Zudlik bilan oldiga Stanislav Andreevni chaqiribdi.
– Stas, menga qara, bo’ldi, hammasi o’zgardi, endi terma jamoada o’ynashga loyiq ekaningni isbotlashing kerak.
– Xo’p, ustoz, nima qilishim kerak?
– Endi tarkibni yangi uslubga ko’ra tanlaymiz. Hamma o’yinchilarga mantiqiy savol berib, to’g’ri javob berganlarni tarkibga olamiz, tushundingmi? Senga savol: dadangning o’g’li, lekin akang ham emas, ukang ham emas, u kim? Vaqt ketdi.
Stanislav Andreev juda ko’p o’ylabdi. O’ylayveribdi, o’ylayveribdi. Murabbiy unga ertagacha muhlat berib, chiqarib yuboribdi.
O’yga cho’mgan Andreev yo’lda ketayotsa, Geynrix turganmish.
– Eh, Sasha, seni menga xudoning o’zi yetkazdi.
– Tinchlikmi, Stas?
– Samvel aka menga bitta savol berdi. Juda qiyin ekan. Shuni topa olmasam, terma jamoaga chaqirmasmush. Boshim qotib ketyapti.
– Xo’sh, qanaqa savol ekan?
– Qara, dadangning o’g’li, lekin sening akang ham emas, ukang ham. Kim u?
– Eh, shuniyam bilmadingmi? Kim bo’lardi, men-da.
– Qoyil, – debdi Andreev va Babayanning oldiga yugurib ketibdi.
– Topdim, ustoz, topdim! – deya baqir-chaqir qilib kelibdi Andreev.
Babayan bilan Asqar Tolibjonov bo’lajak o’rtoqlik o’yinlarini muhokama qilib, ya’ni choy ichib o’tirgan ekanlar.
– Ha, namuncha, tinchlikmi?
– Ustoz, boyagi savolingizga javobni topdim.
– Yo’g’e, malades, aytchi, dadangning o’g’li, lekin senga aka ham emas, uka ham, qani kim u?
– Geynrix, ustoz, Geynrix!
Babayanning istimasi ko’tarilib ketibdi. «Ivan Vasilyevich o’z kasbini o’zgartiradi» filmidagi shohga o’xshab baqiribdi:
– Yo’qooooooooooolllll!!!
Stanislav Andreev qochib ketibdi.
– Ha, Samvel, tinchlikmi?
– Qaramaysanmi, Asqar aka buni. Geynrixmush, axir to’g’ri javob Messi edi.
Qahramon Aslanov