Birovning bergan yuvundisini yemaydigan, yaloqilik qilib birovning qo’liga qaramaydigan va qo’lga o’rgatilib xizmatkor bo’lmaydigan, bo’ridek kuchli va jasur insonlar jangda yengilmaydi. Ularni faqatgina o’zidan chiqqan, xuddi ko’ppak bilan bo’rining chatishmasidan paydo bo’lgan bo’ribosardek sotqin itlar g’animga yiqitib beradi.
Bo’ridek epchil va jasur insonlarga bas kelish juda qiyin. Ular faqatgina asli naslu nasabi itdan bo’lgan duragay, fitnachi va ig’vogarlarning nayranglari oqibatida holdan toyib qolgandagina yengilishi mumkin.
O’z millatining bo’rilarini yo’qotgan xalqni esa boshqa millatning oddiygina laycha, ko’ppak, itvachchalari ham talab tashlab, yengishi mumkin. Buning isboti bizning tariximizdan ma’lum.
Xo’sh, bo’ribosar qanday mahluq va u qanday yetishtiriladi?
Surxon va Qashqadaryo vohasidagi insonlar asosan chorvachilik bilan mashg’ul bo’lganligi uchun chorvani boqishda eng kerakli yordamchi bu it ekanligini yaxshi bilishadi. Itning ham bo’ribosari zo’r bo’ladi. Buni bilgan cho’ponlar qo’ylarini asrash uchun asosan bo’ribosardan foydalanishadi.
Yoshligimda bobomdan eshitgan edim. Agar cho’ponga bo’ribosar kerak bo’lsa, ona bo’ri bilan ko’ppak itni chatishtirib, undan tug’ilgan maxluqni bo’ribosar qilib tarbiyalar ekan.
Faqatgina ona bo’ridan tug’ilgan va otasi ko’ppak it bo’lgan maxluqgina bo’riga bas kela olar ekan. Buning uchun hali ko’zi ochilmagan, emizikli bo’rining urg’ochi bolasining ota-onasini avval o’ldirib, keyin bo’richalarni uyasidan kovlab olishar ekan. Chunki tirik bo’ri o’z bolasini berib qo’ymaydi. Urg’ochisiyam, erkagiyam bolalarini qo’riqlab yonida yuradi.
Uyasida yotgan joyidan kovlab chiqarilgan bo’ri bolalari ichidan erkagini saylab olib, ularni o’ldirib tashlashar ekan. Chunki cho’ponga bo’ri bolasining faqatgina urg’ochisi kerak. Sababi, otasi bo’ri bo’lgan duragaydan bo’ribosar chiqmaydi, shuning uchun bo’rining urg’ochisini olishar ekan.
Bo’rining urg’ochi bolasini cho’pon o’zi boqib, katta qilib bo’lgandan so’ng urg’ochi bo’rining urug’lanadigan vaqti-soati yetganda, uni bog’lab qo’yib, it bilan chatishtiradi. Urg’ochi bo’ri ham hech qachon qo’lga o’rganmaydi, faqat zo’rlik bilan bog’lab qo’yib, it bilan chatishtirishadi. Bu chatishmadan tug’ilgan duragay kuchukchalarni ona bo’ri emizib katta qiladi. Itdan bo’lgan bo’lsa-da, bir necha oy o’z bag’rida ko’tarib yurib, og’riq azobida tuqqan zurriyotiga mehribon bo’lish hislati barcha jonzotlarning onalariga xos.
Bo’ri hech qachon unga qilingan yomonlikni unutmaydi. Tuqqan bolalariga ham buni o’rgatishi mumkin. Agar bo’ri ozodlikka chiqsa, cho’pondan qasdini oladi. Buni biladigan cho’ponlar yangi tug’ilgan duragay kuchukchalar katta bo’la boshlagandan so’ng, ona bo’rini o’ldirib tashlashadi.
Ona bo’ri tuqqan, otasi it bo’lgan kuchukchalarni cho’pon qo’lga o’rgata boshlaydi. Unga yuvundi berib, o’ziga bo’ysundirib, tarbiya qiladi. Vaqt o’tishi bilan kuchukcha kattarib, podadagi qo’ylarni asrab avaylaydigan va cho’pon nima bersa, shuni yeydigan, sodiq xizmatkor bo’ribosar itga aylanadi. Lekin bo’ribosar qanchalik kuchli bo’lmasin, u baribir xo’jayini bersa yeydigan, bermasa o’zi ovqat topa olmaydigan, qulog’i, dumi kesilgan, yuvundixo’r ko’ppak it bo’lib qolaveradi. Cho’ponga ham shu kerak.
Bo’ribosar xuddi ot bilan eshshakning chatishmasidan paydo bo’lgan xachirdek bepusht, dabba bo’ladi. Bo’ribosarning urg’ochisi tug’ishi mumkin, bu ham bo’lsa nodir hollarda. Nimjon va nuqson bilan tug’iladi. Ozgina yashab, o’lib qoladi. Lekin bo’ribosarning erkagidan umuman nasl qolmaydi.
Agar bo’ribosarning xo’jayini o’lsa yoki qarovsiz qolsa, qanchalik kuchli bo’lmasin, u o’ladi. Egasiz va qarovsiz qolgan bo’ribosar it boshida sang’ib yurib, o’laksa yeb yuradi, qarib qolganida esa uni shoqollar yeb ketadi. Yoki quturib o’ladi. Chunki it ov qila olmaydi, xo’jayiniga sodiq xizmatkorgina bo’la oladi. Insonlar orasida ham xuddi shunga o’xshagan, o’z vaqtida bo’ribosar bo’lgan, lekin vaqt o’tishi bilan e’tibordan qolib ketgan itvachchalarni uchratsa bo’ladi.
Shuhrat Barlos