image0

Har yili o‘tkazib kelinadigan “Yilning eng yaxshi suv osti suratkashi” (Underwater Photographer of the Year) tanlovining 2025 yilgi fotosuratlari e’lon qilindi. 

Tanlov 13 ta turli talablarni o‘z ichiga oladi va butun dunyodagi suratkashlarni suvosti olamining murakkab makro tafsilotlardan tortib dramatik keng burchakli sahnalargacha tasvirlashga undaydi. Tanlovning rasmiy saytiga ko‘ra, bu yil rekord darajada ko‘p – 7000 ta ariza qabul qilingan va unda 600 dan ortiq fotograflar ishtirok etgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, suvosti olamini vizual hikoya qilish san’atiga bo‘lgan qiziqish yildan yilga ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Tanlov natijalari kecha, 21 fevral kuni e’lon qilingan, ammo tanlovning aniq o‘tkazilgan sanasi berilmagan. Odatda, “Underwater Photographer of the Year” (UPY) tanlovi  uchun ishtirokchilar bir necha oy oldin suratlarini yuborishi kerak bo‘ladi. Shu sababli, ehtimol tanlov 2024 yilning oxiri yoki 2025 yilning boshlarida o‘tkazilgan degan taxminlar bor.

Joriy yilgi g‘olibga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yil ispaniyalik fotograf Alvaro Herrero “Radiant Bond” (“Nurli bog‘liqlik” yoki “Porloq rishta”) deb nomlangan hayratlanarli surati bilan “2025 yilning suvosti fotografi” unvoniga sazovor bo‘ldi. Suratda ona kit va uning yangi tug‘ilgan bolasi o‘rtasidagi samimiy bog‘liqlik aks etgan va bu surat tomoshabinlarga unutilmas lahzani taqdim etgan.

Foto muallifi Alvaro Herrero suratga tavsif berib, ona kit o‘z bolasi tonggi ilk nafasini olayotganda unga hamrohlik qilayotganini ta’kidlagan.

“Yosh kit suvga ko‘tarilar ekan, bir nechta pufakchalar chiqarmoqda – ehtimol, u hali nafas olishni o‘rganayotgan bo‘lsa kerak, yoki shunchaki o‘z tanasida turli tajriba o‘tkazmoqda”, deydi u.

Cho‘kkan kemalardan to noyob kitlargacha: 2025 yilning eng yaxshi suvosti fotosuratlari e’lon qilindi1

Hakamlar Herreroning suratini mukammal kompozitsiya, mohirona yoritish va tabiatdagi noodatiy lahzani mahorat bilan aks ettirgani uchun yuqori baholadi.

“Chap yuqori burchakdan tushayotgan yorug‘lik, kit va uning bolasining mukammal harakati, shuningdek, ajoyib kadr va kompozitsiya bu suratni UPY 2025 tanlovi g‘olibligiga munosib nomzod deb topdi”, deydi UPY hakamlaridan biri Tobias Fridrix.

Keyingi pog‘onani koreyalik Ruruka egallagan. Uning surati “Aurora Underwater” (Suv ostidagi Aurora) deb nomlanadi. Rurukaning aytishicha, u ilk bor ikki yil oldin Meksikadagi Kankun shahriga borgan va o‘shandan beri u joyning maftunkorligiga oshno bo‘lgan. Uning asari ham huddi o‘sha yerda yaratilgan.

Cho‘kkan kemalardan to noyob kitlargacha: 2025 yilning eng yaxshi suvosti fotosuratlari e’lon qilindi2

“Hozir Kankunga tez-tez borib turaman. Mening yashash joyimdan bu yerga yetib kelish juda uzoq – taxminan 24 soatlik parvoz. Ammo bu joy fotograflikning yo‘nalishiga mukammal mos keladi va turli suratga olish imkoniyatlarini taqdim etadi. Ushbu maxsus suratni olish uchun men yomg‘irli yoz mavsumida u yerga bordim va koreyalik mahalliy gid bilan modellik qildim”, deydi muallif.

Uchinchi o‘rinni “Dengizdagi boyliklarimizni saqlaylik” nomi ostidagi foto egallagan. Unda bir nechta shaxslar yirik akulani o‘ldirib, qayergadir olib ketayotgani tasvirlangan. Foto muallifining aytishicha, bu yirtqich akula – insoniyat qo‘lida har yili hayotdan ko‘z yumadigan taxminan 200 million akulaning faqat bittasi hisoblanadi.

Cho‘kkan kemalardan to noyob kitlargacha: 2025 yilning eng yaxshi suvosti fotosuratlari e’lon qilindi3

“Men 6 yoshimdan beri (35 yildan ortiq) akulalarni chuqur o‘rganib kelyapman. Shu yillar davomida deyarli hech narsa o‘zgarmadi va bu meni juda xafa qildi. Akulalar o‘zlarining ekologik vazifasi – o‘z hayot muhitini himoya qiladi. Agar biz eng katta va muhim hayot muhitimiz – dengizni muhofaza qiladigan hayvonlarni yo‘q qilishda davom etsak, o‘z tirikchilik manbaimizni yo‘q qilgan bo‘lamiz. Shuning uchun men odamlar akulalarni mening ko‘zlarim bilan ko‘rib, tushunishlari uchun kurashyapman. Har gal shunday suratni olish menga og‘riqli, lekin tasvirlar orqali millionlab odamlarni akulalar va ularning holati haqida tushunishga va o‘zgarish kiritishga ilhomlantirishim mumkin”, deydi foto muallifi germaniyalik Robert Marc Lehmann.

To‘rtinchi o‘rin britaniyalik David Alpertnga nasib qilgan. Uning asari “Qiziquvchan tyulen” deb nomlanadi. Davidga ko‘ra, tyulenlar juda qiziquvchan mavjudotlar bo‘lib, ular boshqa hayvonlarga qaraganda ancha interaktiv.

Cho‘kkan kemalardan to noyob kitlargacha: 2025 yilning eng yaxshi suvosti fotosuratlari e’lon qilindi4

“Shu lahzada men ham birozga tabiatning bir qismiga aylanaman va yovvoyi, sezgir jonivorning dunyosiga o‘tib, unga yaqin bo‘lish baxtiga muyassar bo‘laman”, deydi u.

Keyingi o‘rinni o‘zining ajoyib surati bilan britaniyalik Jeymes Jnott egallagan. U o‘z fotosida kamdan kam ko‘rinish beradigan omarni kameraga tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Uning aytishicha, odatda omarlar toshlarga yopishib turadi va kamera yoritishi bilan darhol yo‘qolib ketadi.

Cho‘kkan kemalardan to noyob kitlargacha: 2025 yilning eng yaxshi suvosti fotosuratlari e’lon qilindi5

“Tungi g‘avvoslikda ular ochiq joyda harakatlanayotgan edi va suratga olinishiga qarshi emasdek ko‘rindi. Bu omarlar men ko‘rgan barcha rakosksimonlar oilasidagi eng yorqin fluoressent tusga ega. Men bu g‘avvoslik paytida butun hayvonni kadrga olish imkoniga ega bo‘lganimdan xursand bo‘ldim”, deydi u omarni qanday fotoga olganiga izoh berib.

Tanlovning barcha g‘olib suratlari hakamlar hay’ati tomonidan yuksak mahorat, yoritish san’ati va noyob tabiiy lahzalarni aks ettirgani uchun e’tirof etildi. Yuqoridagi kuchli beshlikdan tashqari ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan hayvonlar va holatlar tasvirlangan fotolar mavjud, ularni quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin.