Buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning 95 yillik yubileyi nishonlandi

Bishkek shahrida buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligiga bag’ishlangan xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi.

Unda amaliy tashrif bilan Qirg’iz Respublikasida bo’lib turgan O’zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

 

Anjumanda ulug’ adib ijodiy merosining ahamiyati, asarlarida tarannum etilgan yuksak insoniy fazilatlar haqida so’z yuritildi. Adibning yirik jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, turli xalqlar o’rtasidagi do’stlikni mustahkamlashga qo’shgan beqiyos xizmatlari e’tirof etildi.

 

Chingiz Aytmatov ijodi, uning betakror asarlari qator tillarga tarjima qilingan. Adibning ko’plab asarlari jahon adabiyotining eng sara namunalari qatoridan joy olgan.

 

Senat Raisi Tanzila Norboyeva o’zbek xalqi buyuk adibning O’zbekiston bilan Qirg’iziston o’rtasidagi qardoshlik rishtalarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo’shgan hissasini doimo yodda saqlashini va minnatdorlik hissi bilan qayd etishini ta’kidladi.

 

Shuningdek, davlatimiz rahbarining alohida qarori bilan buyuk yozuvchi va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi O’zbekistonda adabiyot va kitobxonlik, do’stlik va birodarlik bayrami sifatida keng nishonlangani aytib o’tildi.

 

Yozuvchining xalqlarimiz o’rtasidagi totuvlikni saqlash, do’stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy adabiyotlar va madaniy aloqalarni rivojlantirishga qo’shgan munosib hissasi alohida qayd etildi.