Madaniy turizmi bilan dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni qabul qilib keladigan Konya, o’zining ulug’vor g’orlari bilan ham ziyoratchilarni jalb etadi.
Konya-Antaliya yo’nalishida joylashgan va 1968 yilda fransuz olimi tomonidan kashf etilgan 22 kilometr uzunlikdagi Tinaztepe g’ori “tabiat mo»jizasi” sifatida ta’riflanadi.
Kezish uchun mo’ljallangan maydoni 1580 metr bo’lgan g’orda yer va ship o’rtasidagi balandlik ba’zi joylarda 65 metrgacha yetadi. G’ordagi galereyalar tashrif buyuruvchilarga “vizual ziyofat” ya’ni tamosha zavqini baxsh etadi.
G’orni boshqaradigan kompaniya bosh direktori Bayram Chelmeli, g’orni 2004 yilda tashrif buyuruvchilarga ochganliklarini bayon qildi.
G’orni o’z mablag’lari bilan jihozlaganliklarini ifoda etgan Chelmeli: “G’orimizning belgilangan uzunligi 22 kilometr, ammo kezib ko’rish mumkin bo’lgan, ya’ni, jihozlash tugatilgan qismi 1580 metr. G’or, 1968 yilda fransuz olimi Mixael Bakalovich tomonidan kashf etilgan va u o’sha davr vositalaridan foydalanib chizmasini tayyorlagan. Uning boshqa g’orlardan ajratib turadigan xususiyati, g’or ichida daryo borligidadir. Ayniqsa, bahor oylarida yomg’ir, qor yog’adi. Pastga oqayotgan suv ichkarida sharshara va ko’l hosil qiladi. Bu vaqt o’tishi bilan bu yerda stalaktit va stalagmitlarning paydo bo’lishiga zamin yaratadi” – deya ma’lumot berdi.
Har yili minglab mahalliy va xorijlik ziyoratchilarni qabul qilgan g’orning yoshi haqida fikr bildirgan Chelmeli, “G’orning yoshi 230 million yil deb belgilandi. Stalaktit va stalagmitlarning har bir santimetrini shakllanishiga sarflanadigan muddat esa 100 yil. Shu tariqa g’orning yoshini taxmin qila olamiz, deya qo’shimcha qildi.
Chamlik g’orlari
Konyaning Derebujak tumani chegaralari ichida joylashgan va 2022 yilda milliy bog’ deb e’lon qilingan Chamlik g’orlarining turizm markaziga aylantirish maqsadida olib borilgan yoritish va jihozlash ishlari o’z nihoyasiga yetdi. G’or joylashgan hududdagi yerning tikligi yovvoyi hayvonlar uchun mos yashash sharoitini yaratadi va mintaqada himoya ostidagi yovvoyi echkilarni ham uchratish mumkin.
Beyshehir Madaniyat va Turizm Uyushmasi Rahbari Mustafo Buyukkafali, atrofda 20 ga yaqin katta va kichik g’or borligini aytdi.
«Chamlik g’orlari» deb atalgan g’orlarning eng kattasi Balatini g’ori ekanligini ta’kidlagan Buyukkafali shunday dedi: “G’orning o’ziga xos jihati shundaki, kirganingizda 1 kilometrdan keyin stalaktit va stalagmitlarning g’aroyib go’zalligi va rang-barangligiga duch kelasiz. Boshqa g’orlarga nisbatan farqli shakllanishlar mavjudligiga guvoh bo’lishingiz mumkin. Shuningdek g’or suvga to’la; siz olg’a siljir ekansiz to’satdan suvga tushib qolasiz, buni «jodugar qozoni» deb atashadi. Bu yerdan imkon qadar tezroq chiqib ketishingiz kerak va shunga mos ravishda sizda maxsus jihozlar bo’lishi lozim. Endi bu joy turizm uchun foydalaniladi”.
Suluin g’ori ham xuddi shu mintaqada, Chamlik shahridan 500 metr janubi-g’arbda joylashgan.
Taxminan 25 metr uzunlikdagi g’orning kirish qismi suvga to’la bo’lgani uchun unga faqat qayiq bilan kirish mumkin. Gigant tosh bloklari orasida sharsharalarni hosil qilgan suvlar, g’or ichida 150 metr masofadan so’ng katta ko’lni tashkil qiladi. Ushbu chuqur ko’l bo’ylab qayiqda sayr qilish mumkin.