Anitkabir mavzoleyi o’zining salobati va boy tarixi bilan zamonaviy, demokratik Turkiya Respublikasining asoschisi bo’lgan Buyuk Yo’lboshchi G’ozi Mustafo Kamol Otaturkning mangu oromgohi bo’lib, uning har bir qismi alohida tamoyilni ifodalaydi.
Anitkabir mavzoleyi, o’zining salobati va boy tarixi bilan zamonaviy, demokratik Turkiya Respublikasining asoschisi bo’lgan Buyuk Yo’lboshchi G’ozi Mustafo Kamol Otaturkning mangu oromgohi bo’lib, uning har bir qismi alohida tamoyilni ifodalaydi.
O’tgan asrning eng buyuk yetakchisi va davlat arbobi Mustafo Kamol Otaturk o’limidan keyin ham dunyoning ko’plab davlat arboblari tomonidan hurmatga sazovor bo’lgan, o’gitlari bugungi kunda ham og’izdan tushmaydigan buyuk shaxsdir. Biz hozirgacha yashab o’tgan barcha davlat arboblari orasida tuzilgan “Siyosiy buyuklik reytingi”da birinchi o’rinni egallagan G’ozi Mustafo Kamolning abadiy istirohatgohi bo’lmish Anitkabirning ba’zi me’moriy xususiyatlarini sizlar bilan baham ko’rmoqchimiz.
Otaturk hech qachon dafn etilishini istagan joyni oshkora yoki yozma vasiyat qilmagan. Do’stlari bilan suhbati chog’ida “Xalqim meni xohlagan joyiga dafn qilsin. Lekin men qabrim oldida turk bayrog’ining doim hilpirab turishini istardim” deb aytgan. Bu vasiyatga muvofiq, Anqara qal’asida hilpirab turgan Turk bayrog’ini uning sakkiz burchakli qabrining har bir burchagida va Anitkabirning eng katta derazasi qarshisida uchratish mumkin.
Anitkabir joylashuv tarixi Anitkabirning joylashuvining tanlanishi ham uning me’moriy xususiyatlari kabi ma’noga ega. Uning maqbarasi Rasattepeda joylashishi kerakligini birinchi bo’lib o’rinbosari Mithat Aydin taklif qildi. Bu yerni tavsiya qilish sabablaridan biri Otaturk Anqarada yashaganida bir kuni bu tepalikni ziyorat qilish uchun kelgan va yonidagi odamlarga “Bu qanday go’zal monumental joy”, deb aytgan va aslida u bu joyni o’zi uchun taklif qilgan deb tahmin qilingan. Otaning bu jumlasiga asoslanib, Anitkabirning qurilishi uchun eng mos joy Onado’lining chuqur ildiz otgan sivilizasiyalaridan biri bo’lgan Frigiya sivilizasiyasining manzilgohi bo’lgan Rasattepe bo’lishiga qaror qilindi.
Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamolning so’nggi dam olish maskanini Rasattepeda qurishga qaror qilingandan so’ng, 1941 yilda tanlov o’tkazildi. Tanlovdan ko’zlangan maqsad ham ulug’ yo’lboshchining qarashlari ustuvor bo’lgan bino loyihasini yaratish, ham uni eng yaxshi tarzda namoyon etadigan maqbara chizmasini ochib berishdan iborat edi. Tanlov e’lon qilinishi bilan nafaqat Turkiyadan, balki o’sha paytda hali bo’linmagan Germaniya, Italiya, Avstriya, Shveytsariya, Fransiya va hatto Chexoslovakiyadan ham arizalar kelib tushdi. Tanlovda jami 49 ta arxitektura loyihasi ishtirok etdi. Ushbu arxitektura loyihalari orasida tanlov g’olibi deb professor Emin Onat va dosent Orxan Ardalar tomonidan tayyorlangan loyiha topildi.
Turk jamiyatining bag’rikenglik va tinchliksevar tomonlarini eng yaxshi tasvirlaydigan loyiha bo’lgan Anitkabir qurilishi 1944 yil 9 oktyabrda boshlangan. Otaning jasadi 1953 yil 10 noyabrda Etnografiya muzeyidan 4 bosqichda qurilib, 9 yilda bitkazilgan maqbaraga keltirilib, dafn etilgan.
Anitkabirdagi raqamlar bizga nimani aytadi
Anitkabir qurilishi uchun tanlangan Rasattepening balandligi dengiz sathidan 907 metrni tashkil qiladi. Mustafo Kamol Otaturkning qabri joylashgan nuqta 905 metr. Bu ikki raqam bizga Otaturkning abadiyatga ko’zlarini yumgan soat 9:05 ni eslatadi.
Anitkabirning kirish qismi bo’lgan va arslon yo’li deb ataladigan bu koridor (alleya) 262 metrni tashkil qiladi. Arslon yo’lining o’ng va chap tomonida turk haykaltaroshlari qo’lida jonlangan 24 ta sher haykali bor. 24 arslon, 24 o’g’uz qabilasini ifodalaydi.
Maydondan jami 42 zinapoyada ko’tarilish orqali Ustunli maqbaraga chiqish mumkin. 42 raqam bizga, Otaturkning respublikani e’lon qilgandagi yoshi 42 raqamini ko’rsatadi. Otaturk qabr tuprog’i ham o’ziga yarashgan tarzda tayyorlangan. 67 viloyatdan keltirilgan tuproqlar, jumladan, Selanikdagi uyining bog’idan, Suriyadagi yagona turk tuprog’i Shoh Sulaymon maqbarasidan, Janubiy Koreyadagi Turk shahidligidan va Kiprdan olib kelingan tuproqlarni qorishtirib, to’liq vatan tuprog’i yaratilgan.