Oltinrang quyosh, moviy osmon va yashil tabiatning barcha go’zalliklarini o’zida mujassam qilgan Mug’la, Egey va O’rta yer dengizlarining feruza suvlari va 8 ming yil ortga, tarix qa’riga sayohat qilishga undaydigan o’nlab qadimiy shahar xarobalari bilan sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biri xisoblanadi va yer yuzining yashirin jannati deya ta’riflanadi.
Umumiy uzunligi 1479 kilometr bo’lgan dengiz qirg’oqlari bilan Turkiyaning eng uzun qirg’oq chizig’iga ega bo’lgan Mug’la tarixiy, madaniy qadriyatlari va tabiiy go’zalliklari bilan har yili ko’plab mahalliy va xorijiy sayyohlarni qabul qiladi.
Har yili 1 milliondan ziyod xorijlik sayyoh tashrif buyuradigan Mug’la, Turkiyaning janubi-g’arbiy uchida joylashgan bo’lib, u shimolda Aydin, shimoli-sharqda Denizli va Burdur, sharqda Antaliya, janubda O’rta yer dengizi va g’arbda Egey dengizi bilan o’ralgan.
Mug’la dengizdan 670 metr balandlikda, tekis qoyaliklar shakli bilan qiziqarli ko’rinishga ega Asar tog’ining etagida joylashgan.
Egey mintaqasining janubida joylashgan shahar, ajoyib dengizi va tabiiy go’zalliklari bilan bir qatorda Kariya, Likiya, Rim, Vizantiya, Saljuqiylar va Usmoniylar kabi ko’plab sivilizatsiyalarga mezbonlik qilganligi bilan tanilgan. Qadimda Kariya, turklar davrida Menteshe, bugungi kunda Mug’la deb ataladigan bu shahar dunyoga mashhur sayohatchi Avliyo Chalabiy va mashhur tarixchi Gerodot asarlarida ham tilga olinadi.
Tabiiy, tarixiy va madaniy go’zalliklari bilan millionlab odamlar tomonidan tashrif buyurilgan Mug’la, Bodrum, Fethie, Marmaris tumanlari va har biri alohida bo’lgan yuzlab ko’rfazlar bilan uyg’unlashgan holda ajoyib manzara kasb etadi.
Mug’la o’zining maftunkor moviy dengizi, oltinrang qumi va quyoshi, yashil tabiati shuningdek, taqdim etgan turli imkoniyatlar bilan boy salohiyatga ega. Suv sporti, velosport, tabiat qo’ynida sayr qilish, paraplanda uchish, baland tog’ turizmi, g’orlar, sog’lomlashtirish va madaniy turizm maskanlari kabilari bilan shahardagi muqobil turizmning xilma-xilligini tashkil etadi.
Mug’lada borishingiz kerak bo’lgan joylar:
Mug’la muzeyi:
Muzeyda arxeologiya, etnografiya, gladiatorlar va tabiiy tarix zallari va hovli mavjud. Muzeyda 5-9 million yil avval yashagan tirik mavjudotlarning qoldiqlari, mahalliy kiyim-kechak, kiyim-kechak va ashyolar ko’rgazmaga qo’yilgan.
Kapalaklar vodiysi:
Kapalaklar vodiysi Mug’la viloyatining Fethie tumanidagi O’lik deniz chegarasida joylashgan vodiy xisoblanadi. Endemik turlari tufayli jahon merosi sifatida muhofaza qilinishi tavsiya etilgan 100 ta tog’dan biri bo’lgan Bobotog’ etagida joylashgan Kapalaklar vodiysi 1995-yil 8 fevralda 1-darajali muhofaza qilinadigan tabiiy hudud deb e’lon qilingan va bu yerda har qanday qurilish ishlari ta’qiqlanadi.
350 metr balandlikdagi tik tosh devorlar bilan o’ralgan vodiy o’z nomini 80 dan ortiq kapalak turlaridan, xususan, yo’lbars kapalakidan olgan. 50 metr balandlikdan quyib kelayotgan sharshara vodiyning o’rtasidan oqib o’tuvchi soy bilan O’rta yer dengiziga quyiladi.
Kema sayohati/moviy tur:
Kemada sayr qilib, moviy osmon, yashil tabilat va feruza dengiz suvlarini tomosha qilishni sevuvchilar uchun Mug’la mo»jizaning o’zginasidir.