1284 yili Quyi Saksoniyada joylashgan Xameln shaharchasini kutilmaganda kalamush bosib ketdi. Vaziyat shunchalikka borib yetdiki, natijada xamelnliklar kimda-kim ularni bu ofatdan xalos etsa yaxshigina miqdorda mukofotlanishini e’lon qilishdi. Shundan so’ng oradan ko’p o’tmay ikki rangli yorqin libos kiygan notanish odam paydo bo’ldi.

U qamishsurnayda mohirona kuy chalgancha kalamushlarni Vezer daryosiga boshlab bordi va kemiruvchilarning bari suvga cho’kib ketdi. Biroq kalamush balosidan qutulgan Xameln ahli haligi kishiga minnatdorchilik bildirib, xizmati evaziga haq to’lash o’rniga unga va’da qilingan pulni berishmadi. Shundan so’ng kalamushlarni qirgan odam yana o’zining qamishdan yasalgan surnayini chala boshladi. Faqat bu safar uning sehrli kuyiga kalamushlar emas, balki shahardagi yosh bolalar mahliyo bo’lib qolishgandi. Barchani hayratlantirgan holda kalamush tutuvchi tinmasdan surnay chalib Xamelnning sharqidagi Koplen tog’i tomonga 130 nafar bolakayni ergashtirib ketdi. Shundan so’ng xoh ishoning, xoh ishonmang, tog’ ochilib, musiqachi bolalar bilan ichkariga kirgach yana yopilib qoladi. Undan keyin kalamush qiruvchini ham, bolakaylarni ham qaytib hech kim ko’rmagan.

Ko’pgina tarixchilar ushbu mashhur ertakning paydo bo’lishiga real voqea sabab bo’lgan, deb hisoblashadi. Chunki Xamelnda chindan ham «Bungelosen Strasse», ya’ni «Yo’qolganlar ko’chasi» deb nomlanuvchi ko’cha bor. Taxminlarga ko’ra, kalamush tutuvchining kuyiga sehrlanib qolgan bolalar aynan shu ko’cha bo’ylab ketishgan va o’shandan buyon bu yerda biror-bir musiqa asbobini chalish qonun yo’li bilan taqiqlab qo’yilgan. Ushbu ko’chada, shuningdek, kalamush qiruvchining jinoyat sodir etgan kuni ham muhrlab qo’yilgan: 1284 yil 26 iyun.

1982 yili Moris Shedbolt xamelnlik bolalarni sehrlab olib ketgan kalamush tutuvchi bilan bog’liq ma’lumotlarni o’rganish barobarida pensiya yoshidagi maktab o’qituvchisi Gans Dobbertin bilan uchrashganini ma’lum qildi. Gans umrining asosiy qismini Xamelnning izsiz yo’qolgan bolalarini qidirishga bag’ishlagan va uning ishonch bilan aytishicha, bolakaylarning taqdiri chindan ham dahshatli kechgan. Dobbertinning so’zlariga ko’ra, yo’qolgan surnaychi graf Nikolas fon Shpigelberg bo’lishi mumkin. Nemis kolonizatori fon Shpigelbergning Xameln bilan aloqasi yaxshi edi. «Yo’qolgan» bolalarga kelsak, Dobbertin hamda Shedboltning fikricha, aslida, gap barcha xamelnlik bolalar to’g’risida emas, balki o’z hayotidan ko’ngli to’lmagan bir guruh o’spirinlar haqida ketmoqda. Shpigelberg ularning qo’ynini puch yong’oqqa to’ldirib, o’zi bilan birga sharqiy yerlarga borib, omadlarini sinab ko’rishga ko’ndiradi. Dobbertinning ishonchi komilki, Shpigelberg bolakaylar bilan shimoli sharq tomonga kemada yo’l olishgan. Keyin kema bortidagi barcha yo’lovchilar bilan birga halokatga uchragan va hozirgi Polsha davlati hududidagi Kopan qishlog’i yaqinida cho’kib ketgan. O’tgan asrlar mobaynida Kopan Koplenga o’zgarib ketgan. Shpigelbergni esa so’nggi marta 1284 yilning 8 iyulida Shchetsinada, Xamelndan ikki kun uzoqlikdagi portda ko’rishgan. Ko’zga yaqqol tashlanadigan libos kiyish ham Shpigelberglar avlodiga xos odat bo’lgan.

Ana endi afsonaning birinchi qismi, ya’ni surnaychining shaharchani kalamushlardan qutqargani haqida so’z yuritish vaqti keldi. Shedboltning so’zlariga ko’ra, bu umuman boshqa tarix hisoblanadi. Ha, kalamushlar qalaydan yasalgan surnayning baland chastotalariga osonlik bilan moyil bo’lishadi va shu yo’l bilan ularni qopqonga tushirish mumkin. Angliyada hozirda ham kalamush tutuvchilar ushbu usuldan foydalanishadi. O’spirinlar fojiali tarzda cho’kib ketganidan so’ng Xamelnda yuz bergan kalamush voqeasi ham bunga qo’shilib, ular bir-birini to’ldirib ketgan. Natijada mashhur ertak paydo bo’lgan.

Saodat EShPO’LATOVA,