BILASIZMI…

 

 

SAXARA SAHROSI HAQIDA AYRIM HAQIQATLAR

 

Saxara sahrosi I asrdan boshlab tilga olingan. Agar arabchadan tarjima qilinsa, Saxara so’zi haqiqatan sahro ma’nosini beradi.

Saxara sahrosining maydoni taxminan Amerika Qo’shma Shtatlarining umumiy yer maydoniga teng. Lekin bu sahroda atigi 2, 5 million kishi istiqomat qiladi. Odamlar sahroning faqat suv bor, ekin-tikin eksa bo’ladigan qismlaridagina yashashadi. Boshqa joylar bo’shliqdangina iborat.

Chad respublikasi hududida sahroning eng yuqori nuqtasi — Emi-Kusi tog’lari joylashgan. Bu tog’lar dengiz sathidan 3, 415 metr balandlikda. Yuqori qismini doimo qor qoplab yotadi.

Sahroga umuman tashrif buyurmaganlar bu yerda tirik jon yashamasa kerak deb o’ylaydi. Lekin unday emas. Saxarada 4 mingdan ziyod jonivorlar, jumladan, Efiopiya tipratikoni va boshqalar yashaydi. Aniqrog’i, uzoq vaqt ovqatsiz yashay oladigan hayvon borki, Saxarada yashaydi.

Bundan tashqari, Saxara neft, gaz, mis va temirga boy. Hatto sahroda oltin, volfram, uran konlari ham yo’q emas.

Aytishlaricha, qachonlardir Saxara odamlar bilan gavjum edi. Chunki yashab qolish uchun bu yerda barcha shart-sharoitlar mavjud bo’lgan. Ammo olti ming yilcha oldin iqlim o’zgardi. Sahroda qurg’oqchilik hukm sura boshladi. Ko’p asrlar davomida bunyod etilgan shaharlar ustini qum qopladi.

Saxaradagi Tegazi shahrida yashovchilar uyni tuzdan quradi. Lekin aholi qachondir yomg’ir yog’ib ularning uylarini yuvib ketishidan qo’rqmaydi. To’g’ri qilishadi. Chunki aynan shu yerlarda yomg’ir juda kamyob.

Olimlar Saxarada qancha qum borligini hisoblab chiqishdi. Bilasizmi qancha ekan? Sayyoramizdagi har bir odamga 3 million chelakdan qum to’g’ri kelarkan.

Sahroda o’sadigan daraxtlar ildizi 20 metr chuqurlikkacha yetadi.

Yana bir haqiqat. Har yili Saxarada qum ustida marafon o’tkaziladi. Ishtirokchilar olti kunda jami 243 kilometr masofani bosib o’tishlari lozim. G’olibga esa 4500 dollar miqdorida pul taqdim etiladi.

Olimjon HAYIT tayyorladi