BILASIZMI?..

 

 

DUNYoDAGI ENG QIMMAT TURADIGAN YoNG’OQ

BILASIZMI?..

 

Yong’oqlar dunyosida qay bir yong’oq qirol ekanini bilasizmi? Uni Makadamiya deb atashadi. Bu yong’oq turi dastlab Avstraliyada paydo bo’lgan. Makadamiya ekilgach, oradan 10 yil o’tgach hosilga kiradi. Bitta Makadamiya daraxti 100 kilogrammgacha hosil beradi.

Yong’oqning Makadamiya deb atalishi ham tasodif emas. Avstraliyalik botanik olim Ferdinand fon Myuller shotlandiyalik do’sti Jon Makadamning sharafiga o’zi yaratgan yong’oqni shunday atagan.

O’tgan asrning oltmishinchi yillarida Makadamiyani o’tqazish urfga aylandi. 1970 yili Avstraliyaning Kvinslend shtatida 80 mingta Makadamiya ko’chati o’tqazildi. Shundan keyin odamlar yanada ko’proq ishtiyoq bilan Makadamiya o’stirishga kirishdi. Bor pullarini shu yong’oq turini yetishtirish uchun tikishdan-da tiyila olishmadi. Yillar o’tib shtatda yashovchilar jami Makadamiya yong’og’idan 70 tonna hosil olishdi. Hozir esa mamlakat bo’yicha bir yilda 40 tonnadan hosil olinadi. Makadamiya nafaqat Avstraliya, balki Yangi Zelandiya, Braziliya, Janubiy Afrika, Gavay orollarida ham yetishtiriladi.

Bugungi kunga kelib makadamiya dunyodagi eng qimmat yong’oqqa aylangan. Avstraliyaning o’zida bir kilogramm makadamiya yong’og’i 30 dollar turadi.

BILASIZMI?..

Xo’sh, bu yong’oq turining qanday foydali jihati borki, odamlar faqat u tomon talpinishadi? Olimlarning aytishicha, makadamiya birinchi navbatda organizmdan xolesterinni siqib chiqaradi. Tarkibida kalsiy va boshqa shu kabi bir talay foydali minerallar mavjud. Bu yong’oq turi tarkibida uglevodlar deyarli yo’q. Makadamiyani doimiy tarzda me’yorida iste’mol qilish odamni yurak xastaliklariga duchor bo’lishdan asraydi. Saratonning ayrim turlariga qarshi keskin kurash olib boradi. Semirib ketishdan asraydi.

Ammo makadamiya faqat insonlar uchungina foydali. Uy jonivorlari uchun aksincha zahar vazifasini o’taydi. Uy hayvoni it yoki mushuk bir dona makadamiya yong’og’ini yeb qo’ysa bas, zaharlanadi. Bu jarayonda o’lim xavfi birinchi o’ringa chiqadi.

Makadamiya yong’og’idan tayyorlangan yog’ terini mustahkam tutadi, yumshatadi. Uni quyoshda kuyishdan asraydi. Makadamiya kaliy, turli foydali minerallar, vitaminlar, proteinlarga boy.

Olimjon HAYIT tayyorladi