Baxtni his qilishingiz uchun muhim bo'lgan 3 amal

Baxtli bo’lish barchamizning hayotdagi maqsadimiz. Baxtiyorlikka intilish qanchalik xudbinlik bo’lib ko’rinmasin, har bir inson baxtga munosib. Ko’pchilik baxt, bu – xohlaganimizga erishish va ehtiyojlarimizni qondirish, deb hisoblar ekan. Ammo izlanishlar chinakam baxtiyorlik hissi insonda nimanidir olish bilan emas, boshqalarga berish bilan tug’ilishini ko’rsatmoqda. Shu sababli ham, yaxshilik va baxtiyorlik bir-biriga uzviy bo’lib, yaxshilik qiluvchi odamlar boshqalardan ko’ra o’zlarini ko’proq baxtli his qilar ekanlar.

Ruhshunoslar insonga o’zini baxtiyor his qilishiga yordam beradigan birlamchi omillarni aniqladilar. Ya’ni, bular – boshqalarga yaxshilik qilish, yaxshi xotiralarni yozib borish va yaxshi insonlar davrasida bo’lish.

Yaxshilik qilish
Buddizm e’tiqodiga tegishli o’gitlarda shunday hikmat bor: «Birgina qandil orqali minglab qandillarga charog’onlik ulashish mumkin. Bu bilan o’sha qandilning umri qisqarib qolmaydi. Baxtiyorlik ham shunday: ulashilgani bilan tugab qolmaydi.»

Boshqalarga yaxshilik qilish amali insonning o’z oilasidan boshlanadi, albatta. Ota-onasiga, turmush o’rtog’i yoki farzandlariga yaxshilik ravo ko’rgan insongina begonalarga chin dildan yaxshilik qilish mumkin.

Baxt rohat yoki huzur bilan o’lchanmaydi. Uning ko’lami yoki darajasi jismoniy ta’sirdan yuqori turadi. Ya’ni, muzqaymoq yeyish tanaga huzur berish mumkin, ammo insonning baxtiyorligini oshirmaydi. Aksincha, muzqaymoqni uni sotib olishga qurbi yetmaydigan insonga olib berish tanga baxtning chinakam huzurini hadya eta oladi.

Boshqalarning kimgadir qilgan yaxshiligini, deylik kimningdir keksa insonning og’irini yengil qilishini ko’rish, nochorlarga xayr-saxovat qilishini kuzatish ham hattoki insondan chuqur ichki baxtiyorlikning oshishiga sabab bo’lar ekan. Buni ruhshunoslar «hissiy yuksalish» deb ataydilar. Bunday vaziyatda insonning insonlarga bo’lgan ishonchi ortib, o’zini himoyalangan his qilar ekan.

Insonlarni baxtiyor lahzalarini ko’rish, tabiatga, jonzodlarga yaxshilik qilish ham inson baxtini ilhomlantirar ekan. Amerikalik jamoat arbobi Eleonora Ruzveltning fikricha, chin baxtiyorlikni boshqalarga baxt ulashib his qilish mumkin. O’z navbatida, kimdandir yaxshilik ko’rgan inson o’zini boshqalarga yaxshilik qilishga mas’ul hisoblay boshlaydi va bu yaxshilikning zanjir sifatida bog’lanib, yashovchanligini ta’minlaydi.

Xotiralarni qayd etib borish
Ruhiy tadqiqotlar inson biror qiyin vaziyatga tushganida uni yozishi kerakligi, qiyin vaziyatni o’z-o’ziga bayon qilishi foydali ekani, bu unga og’ir vaziyatdan chiqib ketishiga ruhiy ko’mak berishini ko’rsatmoqda.

Shu bilan birga, baxtli lahzalarni ham qayd etish insonning baxtiyorligini oshirar ekan.

Bugun smartfonlar yordamida tasvir va suratlar olamiz. Baxtli damlarni bir muddatga muhrlashga imkonimiz bor. Ammo baxtiyor damlarni qog’ozga tushirishning gashti undan ham yuqori bo’lar ekan.

Shu sababli ham, adabiyot odamlari uzoq yillar baxtli va sog’lom hayot kechirishar ekan. Ya’ni, ular yozayotgan asarlarida aksariyat qahramon va syujetlarni o’z hayotlaridan oladilar. Yillar o’tib, u asarni qo’lga olganlarida esa, o’zlarining zalvorli umrlarini eslaydilar, baxtiyorlik hissidan zavqlanadilar.

Yaxshi insonlar davrasida bo’lish
Ba’zan baxtiyorliging bois tabassum qilasan. Ba’zida esa tabassum qilganing bois baxtiyorsan, deyishgan donolar. Ruhshunoslar baxt hissining «yuqumli» bo’lishini aytishadi. Baxt hissi insonlan insonga yuqadi.

Yon-atrofida yaxshi insonlar ko’p bo’lgan, bu davralarga tez-tez qo’ishib turadigan kishilar hayotning har lahzasini sevish, shukr qilish hamda bag’rikeng bo’lib yashashga harakat qiladilar.

Agar sizda sizga ijobiy kayfiyat ulasha oladigan do’stlaringiz bo’lsa, ular uchun ko’proq vaqt ajrating.

Garvard universiteti ruhshunoslarining fikricha, insonlar mashaqqatli hayoti va baxtga erishuviga bag’ishlangan mazmunli filmlar tomosha qilish ham insonning ichki baxtiyorligini oshirar ekan.

Dunyoda na baxtiyorlik, na azoblanish degan narsa yo’q. Insonning bir holatini ikkinchi holatiga qiyoslash bor xolos. Eng chiroyli baxtni eng og’ir azobni boshdan kechirganlar his qilishadi. Hayotning naqadar go’zalligini bilish uchun o’lib ko’rish lozim, degan ekan atoqli adib Aleksandr Dyuma.

 

manba: sof.uz