Atiringiz iforiga qarab xarakteringizni aytib beramiz!

Biror insondan kelayotgan mayin ifor egasi haqida juda ko’p ma’lumotlarni yetkazishi mumkin. Chunki atir tanlashni do’stlarni ziyofatga chaqirib, musiqa tanlashga qiyoslash mumkin. Agar tanlangan kuy mumtoz musiqa bo’lsa – uy egasining didi nozikligidan, jaz – ziyofatning rasmiy o’tmasligidan darak beradi. Rok musiqa tanlansa-ku, uyog’ini tasavvur etavering. Xuddi shu holat iforlarga ham taalluqlidir. Faqat buning uchun o’zingizga eng yoqadigan hidni to’g’ri aniqlab olish lozim.

Gullar ifori: atirgul, liliya, freziya, gardeniya, yasmin

Agar siz ushbu guruhga kiruvchi gullardan tayyorlangan atirdan foydalansangiz, xushmuomala, har kimning ko’nglini topa oladigan inson ekansiz. Garchi do’stlaringiz u qadar ko’p bo’lmasa-da, sizga doim suyana olishlarini bilishadi. Chiroyli buyumlar, original bezaklarni juda yaxshi ko’rib, ularni yig’ish bilan ham shug’ullanasiz. Siz qaerga tashrif buyurmang, o’ziga xos qarashlaringiz, muammolarga original yechim topa olishingiz bilan yorqin taassurot qoldira olasiz. Shovqin-suronga to’la ziyofatlardan ko’ra, uyda o’tadigan yig’inlarni ma’qul ko’rasiz. Turfa ijodiy qobiliyatlarga egaligingiz bilan ajralib turasiz. Siz ajoyib va mehmondo’st uy egasi hisoblanasiz.

Daraxt hidlari – sandal, kedr yong’og’i

Daraxtlardan olinadigan iforlarga ishqiboz ayollar yuksak did va uslubga egaligi, klassikadan chekinmasligi bilan ajralib turadi. Ziyoli, bilimdon, siz bilan har qanday mavzuda suhbat qura oladi. Ular ehtiyotkor va dono, eng qiyin vaziyatlarda ham o’zini tutishni biladi. Bir zumda yuraklarni zabt etuvchi, hissiyotli va nazokatli ayollar sanalishadi. Umr bo’yi faqat bir insonni sevib o’tish ularga xos xislat emas.

O’simlik va o’rmon hidlari: bambuk, ko’katlar, mox, pichan, shakarak

Bu hidlarni xush ko’ruvchilar sog’lom turmush tarzi, sport hamda tabiat qo’ynida sayr qilishni ma’qul ko’rishadi. Ular tabiiylik tarafdori. Mahsulotlarning ham iloji boricha konservantlar qo’shilmaganidan tanlaydi. Ular energiyaga boy, teran aql sohibasi hisoblanadi. Vaziyatga doim to’g’ri yondashib, har doim oldiga qo’ygan maqsadiga erishadi. Ularning qat’iyatiga va matonatiga havas qilsa arziydi.

Sharqona iforlar: anbar, vanil, ziravorlar

Ushbu hidlarni xush ko’ruvchilar san’at ishqibozi, milliy an’analarga sodiqliklari bilan ajralib turishadi. Ular orasida tarixiy buyumlarni kolleksiya qiluvchilar ko’plab uchraydi. Do’stlari yonida ularni ko’zga tashlanib turadigan tashqi ko’rinishi va sharqona taqinchoqlaridan tanib olish qiyin emas. Ularning so’zlashuv uslubida ham mayinlik, an’analarga sodiqlik sezilib turadi. Shu bilan birga bunday ayollar juda bilimli ham bo’lishadi. Oddiy narsalardan ham mo»jiza yarata olish qobiliyati ularning har biriga xos xislat sanaladi.

Sitrus mevalar – mandarin, limon, greypfrut

Sitrus mevalardan olinadigan atirlarni xush ko’ruvchilar ajoyib tashkilotchilik qobiliyatiga ega insonlardir. Ular muvaffaqiyatining kaliti – masofa saqlash, aniq va sinalgan taktika qo’llashida ko’rinadi. Biror ish boshlamoqchi bo’lsa, uni boshdan-oyoq, mayda detallarigacha rejalashtirib chiqishga harakat qiladi. Agar o’ylab chiqqan halqalarining bir bo’lagi uzilib tushsa ham shokka tushib qolishadi. Chunki ular sabrsiz va biroz vahimachiroq. Biroq oradan biroz vaqt o’tgach, ular bu qiyin vaziyatdan chiqishning bitta emas, o’nta yo’lini o’ylab qo’yishadi. Muhabbat bobida ular hukmronlikka intilishadi. Yolg’onchi va xiyonatkorlarni mutlaqo kechirmaydi.

Mevalar ifori: qora smorodina, malina, shaftoli, qovun, tarvuz. qulupnay

Mevalardan tayyorlangan atirni xush ko’ruvchilar yetarlicha kirishimli, shovqin-suronli davralarni xush ko’ruvchi, bir zumda o’ziga do’st topib oluvchi insonlardir. Biroq ularning tashqi ko’rinishiga qarab baho berib bo’lmaydi. Chunki yaqin insoniga yordam berish uchun 180 gradus o’zgarishi ham mumkin. Ular yaxshi xodim, jamoada ishlashni qotiradigan, ajoyib hazil tuyg’usiga ega ayollar bo’lishadi. Turli o’yin va hazillarning boshida turadi. Kompaniyaning yuragi aynan u sanaladi. Noz-karashma, romantik o’yinlar, turli mehribonchiliklar bunday ayollarning xobbisi. Biroq ular ham umr bo’yi bitta insonni sevib o’tadiganlardan emas. Mevali iforlarni Gollivud aktrisalari Kemeron Diaz va sohibjamol Juliya Robertslar yaxshi ko’radilar.

Dengiz iforlari: suv o’tlari, to’lqin, yengil shabada va yomg’ir

Bunday atirlardan sevib foydalanadiganlar yopiq binolarni o’lgudek yomon ko’rishadi. Ularga erkinlikni eslatib turuvchi dengiz hidlari juda zarur. Ortiqcha taqinchoq va ohanjama bezaklarni xush ko’rishmaydi, kiyimlari ham faqat jinsidan bo’ladi. Shu bilan birga ulardan mohir serferlar, parashyutchi va snoubordchilar chiqishi mumkin. Muntazam harakatda bo’lib turuvchi narsalar ularga yoqadi, ko’zlari esa faqat kelajakka tikilgan. San’atda avangard uslubi tarafdori. Muhabbatda ham xuddi shunday – o’ta erkin, birovning ko’ngliga ozor yetkazib qo’yishini o’ylamaydi. Bunday iforlarni Kira Naytli sevib ishlatadi.

Musaffo hidlar: toza havo, tog’dagi muzliklar

Bunday ifor ishqibozlari jamoadan ajralib qolishni istamaydigan ayollardir. Shahar havosini xush ko’radi, tabiat qo’ynida kechadigan sayrlarni unchalik ham yoqtirmaydi. Shinamlik, so’nggi moda, zamonaviy san’atga juda qiziqadi. Uy ishlarini ular ortiqcha dahmaza deb hisoblaydi: ovqatlanish uchun asosan bistro va sushi-barlarni tanlaydi. Tanishlari juda ko’p, biroq do’stlari ikkitadan oshmaydi. O’ziga yuqori baho beradi, hamkorlarni ham sinchiklab qidiradi. Bu iforlardan asosan hayotga kulib boquvchi va optimist bo’lishni istaydigan insonlar jon deb foydalanishadi. Ular diplomatik qobiliyatga ega, og’ir mehnatga ko’nikkan va matonat bilan dosh beruvchi ayollardir.

Upa hidli atirlar

Yoqimli, muloyim, biroz shirin va boshni aylantiruvchi mazku ifor tashqi ko’rinishga o’zgacha tugallanganlik bera olishi mumkin. Latofatli va boshqalarga umuman o’xshamaydigan, tinch va sirli ayollar ayni shu xildagi atirlarni tanlashadi. Ularda diplomatik qobiliyat juda yuqori, muloyim va psixologik muvozanatni o’rniga qo’yadi. «Upa iforini taratayotgan ayol» yettinchi osmonda uchib yuradi, uni faqat san’atni tushunadigan, didi nozik yigitgina “ilintirishi” mumkin.

Ozoda HALIMOVA tayyorladi.

(«Hordiq plyus» gazetasi xazinasidan)

loading…