Shifokorlarning ta’kidlashlaricha, meva-sabzavotlarni iste’mol qilish yoki hidlash bosh miya faoliyatini yaxshilaydi. Shu bois ko’proq meva iste’mol qilish juda ham foydali ekanligini doimo yodda tutaylik. Xususan, sabzi yeb turilsa (xom holda yeyilsa yoki sharbati ichilsa), miyada moddalar almashinuvi yaxshilanib, xotira kuchayadi.
Karam ham miya faoliyati uchun juda foydali. Xom karamni mayda to’g’rab, ozroq o’simlik yog’i qo’shib iste’mol qilinsa, tarkibidagi moddalar asabiylashgan odamni tinchlantiradi.
Ertalab limon choy ichib turish asab tizimini tetiklashtiradi, yangi axborotlarni qabul qilishni yaxshilaydi. Yaxshi pishgan sap-sariq limon vaqti-vaqti bilan hidlab turilsa, kayfiyat yaxshilanadi.
Kayfiyatingiz doimo yaxshi bo’lishi uchun oz-ozdan qalampir yeb turing. Qalampir tarkibidagi xushbo’y moddalar ruhiyatdagi noxushlikni tezda tarqatadi.
Aqliy mehnatdan charchaganda yoki ruhan toliqqanda piyoz iste’mol qilish kerak. Piyoz miya, asab hujayralarini kislorod bilan ta’minlaydi.
Anjir murabbosi va sharbati bosh miya uchun nihoyatda foydali. Anjir qonning quyuqlashishiga yo’l bermay, miyaning kislorod bilan ta’minlanishini yaxshilaydi.
Ijodiy ish bilan shug’ullanuvchilar ovqati tarkibida doim zira bo’lgani ma’qul. Ziradagi efir moyi miya asab hujayralarini oziqlantiradi.
Kayfiyatning ko’tarinki bo’lishi uchun nok yeyish kerak ekan. Nok miyada qon aylanishini yaxshilab, tanada to’plangan zaharli moddalarni yo’qotadi. Yaxshi pishgan nokni hidlaganda asab tinchlanadi.
Miyaga o’rnashib, doim kayfiyatni xira qilib turadigan voqea-hodisalarni unutish uchun xushbo’y olmani hidlash va to’yib-to’yib yeyish kerak. Olma kishining ish qobiliyatini tiklaydi.