image0

Amerikalik erkak qizining to‘yiga yetib borish uchun “Helen” to‘foni oqibatida vayron bo‘lgan shahar bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri 50 kilometr piyoda yurishga majbur bo‘ldi. Bu haqda “Nyew York Post” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, AQSHning Janubiy Karolina shtatidan bo‘lgan Devid Jons qizining to‘yiga 2 soatda yetib borishi zarur bo‘lgan, ammo to‘fon tufayli avtomobil yo‘llari yopilib qolgan. Shundan so‘ng, erkak 50 kilometr masofani piyoda bosib o‘tishga qaror qilgan. Devid tunda yo‘lga chiqib, to‘y o‘tkaziladigan cherkovga yetib borish uchun besh yarim soat vaqt sarflagan. 

“Men ko‘p narsalar haqida gapirishim mumkin – eski panjaralar va balandligi olti-yetti fut bo‘lgan katta daraxtlarning qoldiqlariga chiqishim zarur bo‘ldi. Atrofda esa to‘siqlar, botqoqliklar va boshqa ko‘plab muammolar bor edi”, deydi u.

Nashrga ko‘ra, safarning eng murakkab qismi erkakning loyda tizzagacha botib qolganida yuzaga kelgan. Uni bu vaziyatdan yo‘lni tozalovchi ekipaj qutqarib olgan. U safar davomida o‘zi bilan olgan reflektorli belgini (yorug‘lik qaytaruvchi) qizi va kuyoviga to‘yi munosabati bilan sovg‘a qilgan. Keyinchalik, qizi to‘y kuni otasi nimalarga duch kelganini bilmaganini va voqealardan xabar topgach, uni qahramon deb tan olganini ta’kidlagan. Devid esa buni har qanday ota qilishi zarurligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHga yopirilgan “Helen” dovuli oqibatida mamlakatning ko‘plab hududlari zarar ko‘rgani va 116 kishi qurbon bo‘lgani xabar qilingan edi. Ushbu vaziyat tufayli  Florida, Jorjiya, Shimoliy va Janubiy Karolina, Alabama va Virjiniya shtatlarida favqulodda holat e’lon qilingan. Tennessi shtatining Nyuport shahrida Waterville to‘g‘onidagi avariya tufayli aholini evakuatsiya qilish ishlari olib borilgan.