Agar Starship raketa tashuvchisi uchun Raptor dvigatellarini ishlab chiqarish tezlashtirilmasa, AQShning SpaceX kompaniyasi bankrotga uchrashi mumkin. Bu haqda kompaniya rahbari Ilon Mask xodimlarga yo’llagan maktubida ma’lum qilgan, deb yozadi CNBC.
Telekanal xabariga ko’ra, milliarder Shukronalik kuni (25 noyabr)ning ertasiga yo’llagan korporativ elektron pochta xatida «og’ir ahvol»ni tasvirlab bergan. Mask o’z xatida Shukronalik kuni uchun ta’tilga chiqishni rejalashtirganini, ammo dvigatellar ishlab chiqarish bilan bog’liq muammolarni aniqlaganidan so’ng, u ishlab chiqarish liniyasida 3 dekabr, juma kuni kechqurungacha yoki hatto keyingi hafta oxirigacha shaxsan ishlashini yozgan. «Ochig’ini aytganda, falokatdan qutulish uchun barcha qo’llarga muhtojmiz», — deb yozgan u.
Maskning so’zlariga ko’ra, Raptor inqirozi «bir necha hafta oldin berilgan bahodan ancha yomonroq». «Kelgusi yilda Starship’ni kamida ikki haftada bir marta uchirish chastotasiga erisha olmasak, biz haqiqiy bankrotlik xavfiga duch kelamiz», — deya qo’shimcha qilgan tadbirkor.
CNBC ta’kidlashicha, Maskning maktubida SpaceX kompaniyasining dvigatellarni o’rnatish bo’yicha vitse-prezidenti Uill Xelslining noyabr boshida ishdan ketishi holati batafsil yoritilgan. Telekanal ma’lumotlariga ko’ra, u kompaniyani tark etishidan oldin Raptor ishlab chiqaruvini to’xtatib qo’ygan. Raptor’ni loyihalash va ishlab chiqarishga Jeykob MakKenzi boshchilik qila boshladi. Mask o’z maktubida ma’lum qilishicha, Xelsli ketganidan beri SpaceX rahbarlari «dastur muammolarini o’rganib chiqgan hamda vaziyat Mask avval taxmin qilganidan ancha jiddiyroq ekanini aniqlagan». SpaceX holat yuzasidan CNBC so’roviga javob bermadi. Xelsli izoh berishdan bosh tortdi.
Raptor — suyuq metan va kislorod bilan ishlaydigan to’liq gazlangan yopiq siklli dvigatel. Uni Starship kosmik kemasi va Super Heavy tezlatgichida qo’llash rejalashtirilgan. Yopiq sikldan Amerikaning «Shattlov» asosiy dvigatellarida hamda bir nechta Sovet va Rossiya raketa dvigatellarida, masalan, RD-170, RD-180 va RD-191 da foydalanilgan. 2020 yilda Mask 1980 yillardagi dvigatellar borasida Sovet davriga «minnatdorlik bildirish kerakligini» aytgandi. Uning so’zlariga ko’ra, ular Raptor raketa dvigatellarini ishlab chiquvchilarga vodorod o’rniga suyuq metan va kislorod aralashmasidan foydalanishga o’tishi uchun bahona bo’lib xizmat qilgan.
Starship — ko’p marta uchiriladigan, odamlarni tashishga mo’ljallangan kosmik kema. SpaceX kompaniyasida uni ishlab chiqarish 2012 yildan beri davom etmoqda. Xuddi shu nomdagi raketa tashuvchisi (birinchi bosqichida Super Heavy’ni o’z ichiga olgan) 100 tonnadan ortiq yuk ko’taruvchi kosmik kemani past yer orbitasiga olib chiqish, keyinroq Marsga parvozlarni amalga oshirish uchun mo’ljallangan.