Inson hayotida erishishi mumkin bo’lgan eng katta muvaffaqiyati hamda eng buyuk boyligi Alloh taoloning muhabbatiga sazovor bo’lishdir. Bu buyuk muhabbatga loyiq bo’lish yo’llari Qur’oni karimda mufassal bayon etilgan.
Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga mukammal shariatni nozil qilib, Rasululloh alayhissalom buyurgan narsani qilishga, qaytarganidan qaytishga amr etdi. Agar banda shunday qilsa, albatta, Allohning muhabbatiga sazovor bo’lishini bayon etdi. Buning yorqin ifodasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlarida namoyon bo’ladi.
“Sunnat” lug’atda “yo’l” degan ma’noni anglatadi. Shariatda esa Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan buyruqlar va qaytariqlarga ergashish bo’lib, bu shariatdagi vojib buyruqlarni, mustahab buyruqlarni hamda qaytariqlarning barchasini qamrab oladi. Muhaddis ulamolar sunnatga quyidagicha ta’rif beradilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan gap, ish, taqrir(Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida sahobalar tomonidan qilingan biror ishga e’tiroz bildirmasliklari), xolqiy va xulqiy sifatlardan iborat barcha narsadir”. Sunnatni mahkam ushlashda bir necha foydalar bor. Jumladan:
- Alloh taoloning muhabbatiga sazovor bo’lish;
- Farzlardagi kamchiliklarning o’rnini to’ldirish;
- Bid’atga berilib ketishdan saqlanish;
- Alloh taoloning shariatini ulug’lash.
Fiqh kitoblarida sunnat farz va vojib amalidan keyin keltiriladi. Uni qilgan savob oladi. Inkor qiluvchi kofir bo’lmaydi, deyiladi.
Albatta, musulmon kishining kundalik hayotida eng ko’p ahamiyat beradigan narsa – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ertayu kech amal qilmoqdir. Zunnun Misriy rahimahulloh aytadilar: “Alloh taologa bo’lgan muhabbatning alomati –Uning Habibi sollallohu alayhi vasallamga axloqlari va ishlarida, buyruqlari hamda qaytariqlarida ergashishdir”.
Payg’ambarimizning sunnatlariga ergashish – bu U zot qilgan ishni qilish, qaytargan ishlarni qilmaslik, xulqlaridan namuna olib, chiroyli xulq sohibi bo’lishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan inson u zotni yanada sevib, muhabbat qilib boradi va natijada Allohning ham muhabbatiga erishadi. Bu haqda Buyuk Haq taolo quyidagicha marhamat qiladi: “Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag’firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir. Alloh va Payg’ambarga itoat etingiz! Agar yuz o’girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas” (“Oli Imron” surasi, 31-32-oyatlar).
Zamaxshariy rahimahulloh bu oyat tafsirida Allohga haqiqiy ibodat qilishni xohlagan banda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashishi kerakligini aytadilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ey o’g’ilcham, bu mening sunnatimdir. Kim mening sunnatimni o’z hayotiga tatbiq etsa, batahqiq, menga muhabbat qilibdi. Kim meni yaxshi ko’rsa, jannatda ham men bilan birga bo’ladi”. Imom Termiziy rivoyati.
Ya’ni kim u zotning sunnatlariga ergashsa, xuddi uni qaytadan tiriltirganday bo’ladi. Kim sunnatlarini tiriltirsa, Payg’ambarimizga muhabbat qo’yganini amalda ham ko’rsatgan bo’ladi. Va kim Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko’rsa, jannatda o’zlari bilan birga bo’lish saodatiga musharraf bo’ladi.
Hasan Basriy rahimahulloh aytadilar: “Insonlarning Allohga bo’lgan muhabbatlarining alomati Rasulining sunnatiga ergashish bo’ldi”. Musulmon kishining Alloh taoloning nazdidagi martabasi Uning Payg’ambariga ergashishi bilan o’lchanadi. U sunnatni o’z hayotiga qanchalik ko’p tatbiq etsa, Alloh taoloning nazdida shunchalik oliymaqom va mukarram bo’ladi.
Allohning bandaga muhabbat qilishi banda orzularining intihosi, istaklarining eng so’nggi chegarasidir. Zero, asosiy ish sevishda emas, sevilishdadir!
Faxriddin MAMANOSIROV
Toshkent islom instituti o’qituvchisi
azon.uz